Qulluq qilamiz (1922)
by Abdulhamid Choʻlpon
335291Qulluq qilamiz1922Abdulhamid Choʻlpon

Mart oyining 18-19 larida biz bir necha kishi Buxorodan Toshkentga qarab yo‘lga chiqdik. Bizning bu safarimiz quruq bir “komandirovka” “safar savdogarligi” uchun emas edi. Biz bu safarda Turkiston jumhuriyati o‘zbeklarining ikkinchi Madaniyat va maorif qurultoyiga kelib tura edik. Buxoro bilan Toshkent orasida yuraturg‘an Nozirlar Sho‘rosining xizmat vagoni bo‘lmaganidan va qurultoyning ochilishiga ikki kungina qolganligidan biz shoshib yo‘lga chiqqan edik. Maskovdagi Butun Rossiya pirqa qurultoyiga 4-5 kishidan iborat vakillar eltguvchi bir vagondan o‘rin olishimizga ishonib, Kogonga chiqdik. Kogonda qat’iy aytdilar-ki, vagonda joy yo‘qdir. Shundan keyin bizdan uch kishi Buxoroga qaytib ketdi. Ikkimiz esa qanday bo‘lsa-da ketmakchi bo‘lib harakat eta boshladik. Bir ozdan so‘ng bizga shul vakillar yo‘lagidan joy berildi. Bir kecha yo‘lakda va tomda qo‘ndiq. Holbuki, ertasi kuni anglaganimizga ko‘ra ichkarida bo‘sh joylar ko‘p va delegatlardan boshqa “komandirovkaliklar” ham ko‘p edilar. So‘ngra Qorovulov va Rashid Validiy o‘rtoqlarning bir oz yordamlari orqasida o‘rinlashib keldik. Lekin, shu safarda biz Buxoro bolsheviklar pirqasi Markaziy komiteti a’zosi o‘rtoq Rubenshteyndan shu qadar qo‘pol, tor millatchilik isi kelaturg‘an buzuq muomala ko‘rdiqkim, bir umr esimizdan chiqmas! O‘zi bilgan, tanigan va tanimagan ovrupoliklarni “pojalista” (marhamat) bilan qarshi olib, joy bergani holda bizni vagondan quvlash uchun bor kuchi bilan tirishdi. Yolg‘iz Qorovulov, Validiy kabi bir ikki o‘rtoqlaring yordami orqasida salomat keldik. Buning uchun Qorovulov, Validiy o‘rtoqlarga qulluq qilamiz va o‘rtoq Rubenshteynga esa: o‘rtoq “baynalmilalchilik”ni miting nutqlarida emas, ishda, amalda ko‘rsatishga tirishingiz, Sharq mazlumlarining do‘sti bo‘lgan, mehnatkash beva-bechoraning terisiga kirib olib ikki mazlumning orasini buzaturg‘an ishlardan saqlaningiz, deymiz.

“Buxoro axbori” gazetasining sobiq muharriri Abdulhamid Sulaymon; “Qizil bayroq” gazetasining mas’ul mudiri Gʻozi Yunus.

“Qizil bayroq” – temiryo‘llarda xizmatda yurgan ongsiz, qora ovrupolilarning bunday ishlari ruschadan xabarsiz yerlik qora xalqlar ustida javlon etadir, deb xafa bo‘lmasak ham bo‘lar ekan, chunki, BKP MKning a’zolaridan ovrupolik o‘rtoq Rubenshteynning bunday ishini hukumat ishchilaridan bir oz xabardorlarining ustida ko‘rildi.

Gazeta muharriri A.Ikromov gazetaga mazkur xabarni joyladi va ayni paytda temir yo‘l rahbariyatiga murojaat etadi. “Yorliq” nomli maxsus tekst tayyorlab hamma temir yo‘l shahobchalariga ilib qo‘yishga chaqiradi va temir yo‘l ma’murlariga aholiga nisbatan kamsituvchi hatti-harakatlarga nisbatan qat’iy kurash olib borilishi aytildi.

«Qizil bayroq» gazetasi, 1922-yil 31-mart.


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"