Qurboni jaholat
by Abdulhamid Choʻlpon
290152Qurboni jaholatAbdulhamid Choʻlpon

Eshmurod o‘z uyida o‘turub ediki, birov eshik qoqdi. Eshmurod eshik oldiga kelub:
— Kimdir?
— Men.
— Sen kimsan?
— Men Mo‘minjon.
— Voy, Mo‘minjon ekan-ku,— deb eshikni ochub, Mo‘minjonni mehmonxonaga olub kirdi. Xizmatchini chaqirub, choy-non olub kelishga buyurub yubordi. Mo‘minjon yoshligidan o‘g‘irliqg‘a odat qilub kelg‘anidan mehmonxonaning qozug‘iga osilgan soatga tikildi. Ul soatni mundan bir-ikki hafta muqaddam Eshmurodning otasiga bir yaqin do‘sti hadya qilgan edi. Eshmurod oni yaxshi ko‘rub otasidan so‘rab olgan edi.
— Xizmatchi:
— Havlida non yo‘q ekan, emdi nima qilaman?
Eshmurod:
— Bo‘lmasa men oqcha beray, ko‘chadan olib kel!— deb yonini axtardi, oqcha yo‘q. Mehmonxonaning yonidagi uydan oqcha olub chiqmoqchi bo‘lub o‘rnidan turdi. Shul holda ko‘zi soatga tushub, oni berkitub qo‘ymak uchun qozuqdan olub, uyga olib kira boshladi.
Mo‘minjon:
— Soatni qaerga olub borasiz?
Eshmurod:
— Bu yerda tursa bolalar buzub qo‘ymasun, deb sonduqg‘a solub qo‘ymoqchidirman.
Mo‘minjon:
— Xo‘b yaxshi, ehtiyot qilmak kerak.
Eshmurod uyga kirub, soatni sondiqg‘a solub, oqcha olay deb turub ediki, Mo‘minjon «Sizni birov chaqirdi», deb ovoz qildi. Eshmurod uydan chiqub:
— Kim chaqirdi, qaerda chaqirdi?
Mo‘minjon:
— Bilmadim, ichkari havlidan volidangiz chaqirganga o‘xshaydir.
Eshmurod kirib qaramak uchun uyga kirub ketdi. Mo‘minjon tezlik ila uyga kirdi. Sonduqning og‘zi ochiq qolg‘on edi, soatni olub qo‘ynig‘a urdi. Yana chiqub, bilmas kishi bo‘lub o‘z joyiga o‘lturdi.
Eshmurod:
— Hech kim chaqirmagan ekan, xayr, ko‘chadagi tovushlardir,— deb uyga kirub, oqchani olub xizmatchiga berdi. Sonduqni yopub chiqdi va soat o‘g‘irlanganidan ham xabari bo‘lmadi. Shul holda xizmatchi ham choy-non olub keldi. So‘ngra ikki do‘st o‘rtalarida suhbat boshlandi. Eshmurod:
— Og‘ayni, men shu holda yashayversam hayvondan farqim bo‘lmas. Endi otamdan bir ish qilub ruxsat olub, Rusiya maktablarining biriga kirub o‘qumoqchidirman. Siz nima deysiz?
Mo‘minjon:
— Ey, o‘rtoq, o‘rus maktabida o‘qub nima foyda qilasiz? Mana, otangiz xotun olub beradilar. O‘zingiz rohat qilub madrasada o‘qub yotasiz.
Eshmurod:
— Ey.. Hozirgi madrasalarimizning ahvoli o‘zingizga ma’lum-ku, men o‘qub nima foyda topardim?
Mo‘minjon:
— Men o‘qishini aytmayman, rohatlarini aytaman. Xohlasangiz o‘qiysiz, xohlagan vaqtda rohat qilasiz. Sizga nima?! O‘rus maktabida o‘qub zakunchi bo‘larmidingiz yo duxtur bo‘larmidingiz yo yer o‘lchaydirgan zem¬lemer bo‘larmidingiz?
Eshmurod:
— Menga undoq so‘zlarni so‘ylamasdan durust bir maslahat bering. Har kim istiqbolni o‘ylamog‘i kerak.
Mo‘minjon:
— Mana, mana, o‘rus maktabida o‘qusangiz shundoq istiqbol-mistiqbol degan o‘ruscha so‘zlarni o‘rganasiz, yana tovoq-qoshuqlarni o‘qiysiz. Bo‘lmasa nima bo‘lar edingiz?
Shul holda eshik qoqildi. Eshmurod chiqub eshikni ochub ko‘rsa, biri o‘zining otasi, yana biri otasining do‘sti Nazarali so‘fi edilar. Eshmurodning otasi Nazarali so‘fini mehmonxonaga olub keldi. Eshmurod yanadan choy-non oldirub kelub qo‘ydi. Hammalari biroz undan-mundan so‘ylashub o‘turdilar. Osh suzilub keldi.. Eshmurod uyga kirub yangi kelgan gazitani o‘qumak ila mashg‘ul edi. Osh yegani ham kelmadi. Alar oshni yeb bo‘lgandan keyin Mo‘minjon zarur ishi bo‘lgani uchun alardan ham Eshmuroddan ruxsat olub havlisiga ketdi. Esh¬murod ani jo‘natib yana uyga kirub gazita o‘qub o‘turgan ediki, otasi chaqirub:
— Uyda nima qilasan, buyoqg‘a chiq! Ishim bor.
— Gazet o‘qub o‘lturubman.
— Ey, axmoq! Gazitchilarning ishi hammavaqt aqcha topmoq. Gazitning so‘zini to‘g‘risi bo‘lmaydir, hamma yolg‘on narsalar. Bor uydan «Jangnomai Ahmad Zamji»ni olub chiqub bizga o‘qub ber!
Bechora Eshmurod otasining so‘zini qaytarolmasdan noiloj oni olub chiqub ikki-uch varaq o‘qub berdi. Aning savobini Ahmad Zamjining arvohiga bag‘ishlab kitobni yopdilar.
Nazarali so‘fi Eshmurodning otasiga qarab:
— Kechagi soat qani?
— Qaydam... Kecha Eshmurodga berub edim. Hoy, Eshmurod, soating qani?
— Ertalab sizdan keyin uyga olub kirub sonduqg‘a solub qo‘ygan edim.
Nazarali so‘fi:
— Barakallo! Barakallo! Otasidan ham bolasi pishiq, oh.
Eshmurod uyga kirub sonduqni qaradi. Soat yo‘q. Nihoyatda xafa bo‘lganidan yuzida qoni qolmadi. Tashqari chiqub sekin tovush ila:
— Ertalab sonduqg‘a qo‘ygan edim. Yo‘q...
Nazarali so‘fi:
— Kim olardi?.. Tag‘in boyagi bola olgan bo‘lmasun!..
Eshmurodning otasi:
— Ey, jinni bo‘ldingizmi? Eshon domlaning o‘g‘li bo‘lub turub birovning narsasini olarmidi?!
Nazarali so‘fi fotiha o‘qub:
— Xayr, endi hech boki yo‘q, topilub qolar. Men ketaman,— deb o‘rnidan qo‘zg‘alub chiqub ketdi.
Eshmurodning otasi Eshmurodni qulog‘idan burab uyga olub kirub sonduqni qaradilar. Eshmurod bechora- ning so‘ylamakg‘a ham tili tutulub qolgan edi. Otasining nihoyatda achchig‘i chiqub Eshmurodni urub tashladi.

 

Eshmurod avvalda bir kaltak yemagan edi. Bu ishga nihoyatda xafalanub uyiga kirub yotdi. Shundan og‘rub qolub bir oy butun betob bo‘lub yotub oldi.
Eshmurod bir oydan so‘ngra biroz sihatlandi. Lekin kecha-kunduz o‘ylar ediki, shul jaholat va nodonlikning uyasi bo‘lgan havlisidan qochub, boshqa bir shaharga borub o‘qusun. Nodon otasining rayiga qarab ilmdan bebahra holda hayvon bo‘lub qolmakning yomonligini bilsa ham, ilojsizlikdan sabr qildi va ko‘nglidagi xafaliklarin tarqatmak uchun qo‘liga gazitani ushlab qo‘shnisi mingboshining boqchasiga chiqdi. Mingboshining boqchasi o‘z shahridagi bog‘chalarning eng birinchisi bo‘¬lub, har kimga kirmakg‘a izni om berilgan edi. Esh¬murod shunda iskamiyaga o‘turub gazitani o‘qiy boshladi. Gazitaning qay yeriga qarasa turkistonli bechoralarning ilmsiz va hunarsiz holda maishat qilganlariga taassuf qilub yozadir. Yana diqqat... Yana xafalik...
Bu bizning Turkistonimiz g‘aflatdan uyg‘onurmi? Yo‘qmi? Biz bunday holda bo‘lsak bitamiz... inqiroz topamiz...
O‘quganlarimizni kofirga hukm qilamiz. Ammo o‘z bolalarimizning odati vahshiyonalariga deyar so‘zimiz yo‘qdir. Biz bu holda bo‘lsak kishi qatoriga sanamaylar. Yevrupolilardan odati qabihalarin kasb qilurmiz. Ammo madaniyat, funun va sanoi’lariga ko‘z yumub tururmiz. Biz odam bo‘lmaymiz... bitamiz... inqiroz bo‘lamiz... Oh, jaholat!!! Bitduk, bitduk... O‘lduk, ti rilmaymiz...

Shul holda birdan qulog‘iga birov chaqirgan dovush keldi. Atrofiga qarasa, yonida mingboshining o‘zi turubdir. Eshmurodga qarab:
— Nima ish qilub turursiz?
— Taqsir... bugun kelgan gazitni o‘qub o‘turubman.
— Gazitda saylov to‘g‘risida hech nima demaganmi?
— Taqsir... degan, degan.
— Bo‘lmasa qani o‘qub bering!
Eshmurod mehmonxonaga borub o‘qub berub o‘turgan edi. Qo‘shnisining bir besoqol bolasi Eshmurodni chaqirgani keldi. Mingboshi besoqolni ko‘rib gazit va saylovlarni yodidan chiqardi. O‘run ko‘rsatub o‘tquzub, choy olub chiqmoq uchun uyga kirub ketdi. Boyagi besoqol mingboshining qozuqda osilinub turgan oltun soatini o‘g‘irlab qo‘yniga urdi. Eshmurod gazitaga mashg‘ul bo‘lub turganidan ko‘rmay qoldi. Mingboshi uydan chiqg‘on edi,, Eshmurod choyga ham qaramasdan ruxsat olub o‘z uyiga chiqub ketdi. Oradan bir-ikki kun o‘tdi. Uyda ota-onasi ham yo‘q ediki, Eshmurodning uyiga qorovil-mirshablar bosub kirub, Eshmurodni soat o‘g‘risi deb ayblab qamamoqchi bo‘ldilar.
Eshmurod ko‘b xafalandi, aqldan ozub, o‘z-o‘zini o‘ldurmakka qaror berdi. Bir toponcha tobdi. Devorga xat yozub qoldirub ko‘kragiga ikki martaba otdi. Shul vaqt jon taslim qildi. Pristo‘flar kelub ko‘rub do‘ktur chaqirub boqdilar. Na foydaki, bechora Eshmurod o‘ldi... Jaholatga qurbon bo‘ldi...

Bir-ikki oydan keyin soat o‘g‘irlagan besoqol bolaning uyiga o‘g‘rilar kirub ushlandilar. O‘g‘irlangan mollar ichida besoqolning mingboshidan o‘g‘urlagan soati ham bor edi. Emdi haqiqati bilindiki, mingboshining soatini o‘g‘urlagan Eshmurod bo‘lmay, Eshmurodning qo‘shnisining besoqol bolasi ekan. Bechora Eshmurod esa jaholatga qurbon bo‘lgan ekan.


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"