Qurbonliq
– Qon, qon, qon!
Bechora qoʻy qassobning omonsiz panjasiga tushgandir.
Qayroqqa tilini surkagan oʻtkur pichoq – qoʻyning boʻgʻozigʻa taqalmishdir.
Olloh akbar!
Ulugʻ boʻlgʻan Ollohning oti yod etilgani holda bechora hayvonning joni olinadir…
Ollohning oʻzi tomonidan yashamoq uchun yaratilgʻan bir “jonibor” Ollohning boshqa hayvonlarining boshqa dunyodagʻi rohatlari uchun qurbon etiladir.
Arabistonning odam chidamas issigʻlarida, tanur kabi qizigʻan toshlari ustida milyoʻnlarcha soʻzlaguvchi hayvonlar toʻplanishib, milyoʻnlarcha soʻzlamaguvchi hayvonlarni qator-qator chizib qoʻyib, boʻgʻozlaylar. Boʻgʻozlaylar-da… chuqurgʻa tashlaylar!
Bu ham bir falsafai diniy…
***
– Qon, qon, qon!
Minglarcha, yuzminglarcha kishilar bu yoqda, issiq Arabistondan minglarcha chaqirim uzoqliqda yana bir-birlarining boʻgʻozlarigʻa xanjar taqagʻanlar, koʻkraklariga oʻq yuboralar, boshlarini qilich bilan kesarlar.
Bu yerda soʻzlaguvchi hayvonlar yana oʻzlaridak soʻzlaguvchi hayvonlarni kesarlar…
Toʻplarning ogʻzilari yigʻin-yigʻin oʻlum purkab, kakraklar toʻrt tomongʻa ajal sochar ekan… yana har qayda qoʻylarning gʻamlik “ma-a… a… a…”lashlari eshitiladir.
Yana qassoblar koʻchlarini oʻn martaba ortdirib, havlima-havli qurbonliq qidirib yuradirlar…
Faqirlar, bechoralar eng soʻnggʻi tiyinlarini birlashdirib, qoʻshib, toʻplab qurbonliq olalar; oʻzlari kabi yoʻqsul hayvonlarni oʻzlarining qizgʻanmas jallodlari kabi qizgʻanmas qassoblarning qoʻllarigʻa topshiralar…
Yana pichoqlar harakatda…
Yana toʻplar oʻlim purkaydir…
Yana kakraklar ajal sepalar…
Ey bechora inson, shu ketishing bilan qayergʻa borasen?..
***
Adashqan arablarni toʻgʻri yoʻlgʻa solmoq uchun qancha mashaqqatlarni chekkan zot, ajabo, Qurbon bayrami sharafiga qurbonliq qildirishdan shu maqsadni, toʻgʻrisi, shu behuda maqsadsizliqnimi kuzatkan ekan?
Berida, buyoqda, islom fotihi “Qutayba ibn al-Muslim” yotqan yerda, qancha musulmonlar, qancha bandalar ochliqdan qirilib yotqan choqda, shu dinni taʼlim berguvchi zotlarning koʻz oldida minglarcha qoʻylar soʻyulub, minglarcha qurbonlar berilib, qorni toʻqlarning rohatiga sarf qilinadir.
Arabistonning yuksak togʻlarida, qizgʻin toshlarning ustida milyoʻnlarcha qoʻylar kesilalar, soʻyulalar, boʻgʻozlanalar-da… chuqurgʻa tashlanalar!
Shuncha qurbon,
Shuncha olingʻan jon,
Shuncha soʻyulgʻan hayvon… bir moʻmin, bir musulmonni ochliqdan qutqara olmaydir.
Bir yoqda, nimagadir, nima uchundir, qoʻy soʻyalar – qoʻyning goʻshtini, yogʻini yerlarga tashlaylar.
Bir yoqda, nimagadir, nima uchundir, shu dinga ishongʻan bechoralar ochliqdan qoʻy kabi qirilalar, koʻchalar, tolalar va choʻllarga tashlanalar…
Ey dunyogʻa maslak tarqatmoqqa kelgan dohiylar, sizni tangri shuning uchunmi yuborgʻan edi?…
1922, avgʻust.
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|