Qushning hadigi
1
Qush bechora qo‘rqadirkim, uyasidan ayirgaylar,
Uyasidan ayirmoq-la qanotini qayirgaylar.
Mayda simdan silliq qilib, mohirona to‘qilgan bir
Qafas topib, darchasini ochib derlar: «Maskanga kir!»
2
Miskin qush ham yangi maskan chekasiga qo‘nib olar,
Maskaniga ko‘z yugurtar, tegrasiga nazar solar
Va ko‘rarkim, maskan o‘zi moshinada quyulmishdir,
Uni hozir qilmoq uchun ko‘p zehniyat sarf bo‘lmishdir.
Darchalari mahkamgina, puxtagina, xotirjamlik,
Suv ichgali, don yegali teshiklar bor kichik-kichik…
3
Simlar bilan ishi yo‘qdir, chiqmoq uchun uchibko‘rar,
O‘rmonlarning xayolida har tomonga o‘zni urar.
Tomni teshib chiqmoq uchun shiplarga ham ko‘p ilinar,
Unday qilib bir intilar, munday qilib bir intilar.
4
Faqat zaif vujudini qancha ursin devorlarga,
Balki uning yumshoq tani to‘lib ketsin ol qonlarga,
Devorlarning sezgisi yo‘q, tuyg‘usi yo‘q, tovush bermas;
Tegra butun ruhsiz gavda:
«Nechun mundoq bo‘lding?» – demas.
5
Uning butun tasallisi to‘lib-toshib sayramoqdir,
Ko‘m-ko‘k dala-o‘rmonlarni eslab-eslab yig‘lamoqdir,
yig‘lamoqdir!..
O‘sh. 1924, 3–fevral
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|