Sabo yetkur salomimni qaddi sarvi ravonimg’a...

Sabo yetkur salomimni qaddi sarvi ravonimg’a...
by Xoʻjanazar Huvaydo
332567Sabo yetkur salomimni qaddi sarvi ravonimg’a...Xoʻjanazar Huvaydo

Sabo yetkur salomimni qaddi sarvi ravonimg’a,
Qaro ko’zluk, qaro kokul o’shal shirin zabonimg’a.

Yotibdir bir g’aribi zor o’lib og’ishtai tufroq,
Bu holimni borib aytg’il mani oromijonimg’a.

Mani boshim ani yo’li arog’a har balo kelsa,
Boqarman, ey birodarlar, qachon sudu ziyonimg’a.

Falak charxi uzildi-yu, yiroq soldi mani andin,
Qachon qo’shg’ay xudovandim aningdek mehribonimg’a.

Ani dardu firoqi o’lgucha mandin judo bo’lmas,
Taralmish jismima jondek tamomi ustixonimg’a.

Huvaydoni firoqiga oni hech kelmadi rahmi,
Qaro toshlar su bo’ldi rahm etib oxu fig’onimg’a


This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.