Sahna sirlariga oshno san’atkor
(Xizmat ko‘rsatgan artist Lutfulla Narzullayev)
O‘zi o‘rta bo‘ylik, o‘rta jussalik, kulgan vaqtida kulgisini butun yuziga yoyib yuborib – keng-keng kuladi; birovga qarab kulganida ko‘prak ko‘zlari, ayniqsa, ko‘zlarining ikki chekkasi harakat qiladi. Yuzida eski turmush beparvoligining izlari qolg‘an: bilinar-bilinmas chechak dog‘i…
Sahnaning yuz o‘zgartirish (grim) degan narsasi bu yosh odamning yuzlarini boshqa har bir akto‘r kabi halitdan qarita tushgan, yuzida yuqoridan quyig‘a tomon bir necha ajin cho‘zuladi. Lutfulla yoyilib kulganda u ajinlar boy kamalakday yaqqol gavdalanadilar. Ovoz, odatda, uncha erkakcha emas, ingichkarak. Lutfullaning qudrati ham shundaki, o‘sha ingichka ovozini o‘z joyida yanada ham ingichkalashtirmak bilan («Hujum»da Eshon) tomoshachiga unutilmas zavqlar beradi.
1926 yillarda bo‘lsa kerak, Lutfulla Maskov dram istudiyasining talabasi edi. Uni o‘shanda birinchi martaba butun dunyoga dong chiqarg‘an fransuz adibi Mo‘lyerning mashhur «Xasis» degan asarida ko‘rdim. U vaqtda Lutfulla, agar yanglishmasam, oddiy bir xizmatchi ro‘lini o‘ynardi. Nihoyat darajada yengil va sho‘x o‘ynagani uchun istudiyalilardan uning kimligini so‘radim, «Buxorodan kelgan yosh kuchlardan biri», – dedilar. Shu uchun bo‘lsa kerak, uning va u bilan kelgan yoshlarning tillarida o‘zbekchaning g‘aliz bir so‘zlanishi bo‘lardi. Keyincha Lutfulla, Sa’dixon, Isomov va Sharif o‘rtoqlar u g‘alizliqni yenga oldilar. Sahnada biz hozir hech bir til g‘alizlig‘i sezmaymiz.
Lutfulla Buxoro shahar o‘zbekchasining o‘sha g‘alizlig‘idan ham, yuqorida aytganimdek, juda yaxshi foydalana bildi. «Hujum»dagi Eshon ro‘lining Lutfullaga «quyulib tushganini» hamma biladi, shu «quyulib tushush» sabablaridan biri, shubhasiz, haligi g‘alizliqdir. Negakim uni bizning Lutfulla juda ustalik bilan yog‘day silliq qilib o‘tkazadi va biz sezmay qolamiz!
«Hujum» naqadar g‘ayrijiddiy va yengiltak narsa bo‘lsa ham, o‘zbek sovet sahnasida bir necha yil guldek umr ko‘rdi. Uni jiddiy ishdan so‘ng chinakam dam olmoq istagan tomoshachi hamma vaqt ko‘nguldan olqishladi. Buning bosh sababi, albatta, sahnamizning original kulgi asarlarga bo‘lgan ehtiyoji edi. Sovet dram yozuvchilarining, umuman, qalam ahlining yuzini qizartib bo‘lsa ham shu yerda aytish kerakki, yaxshi kulgi asarlarga bo‘lgan ehtiyojimiz hali hech bir qoniqtirilg‘ani yo‘q. Biz tarjuma yo‘li bilan G‘arb va rus klassiqlarini yana ko‘p ko‘rsatishimiz kerak. Faqat original kulgi asardan maydonda hech narsa yo‘q! Bu esa, hech shubhasiz, g‘ayritabiiy bir hol.
«Hujum» piyesasi sahnaga chiqqan holatida faqat uch muhim omilning qo‘lida bo‘ladi va shular uning g‘alabasini ta’min etadilar: 1. Tursun O‘roz o‘g‘li (Qalandar bola). 2. Eshon. 3. Tabib. Shu uch omilning cholg‘u tiyotrida barbod qilinishi butun asarning ham sahnada nest va nobud qilinishig‘a sabab bo‘ldi. Muzaffar otaning «Hujum»i Lutfullasiz, Sa’dixonsiz va Sorasiz «Hujum» – sog‘lom kulgi beraturg‘an tomosha emas, tomoshachining g‘azabini keltiraturg‘an bir onglashilmaslik edi. Usta aktrisa Lutfixonimning u qadar yengil sakrashlari ham haligi kamlikni to‘ldira olmadi. «Hujum» yana sahna yuzini ko‘raturg‘an bo‘lsa, ishchi tomoshabin, o‘zining eski qadrdonlarig‘a yana qovushmog‘i lozim.
Har qanday ijodiy asarni ham ishlab pishitadilar. Shoirning she’ri, nasrchining ro‘mon yo hikoyasi, bastakorning cholg‘u asari, cholg‘uchining bajarmasi, hatto zargarning chiroyliq baldoq yo shokildasi, yo‘nmachi ustaning nafis ishlangan yo‘nmakor asari… bular hammasi ishlanish orqasida pishadi, yetiladi, qimmatli asar holiga keladi. Bu narsa, ayniqsa, tiyotrda ko‘p seziladi. Tiyotrda yaxshi akto‘r ro‘lni ishlab pishitaturg‘an akto‘rdir. Lutfulla bu xususda ko‘plarga o‘rnak bo‘la biladi. Biz Lutfullaning o‘yinlarida bir narsani doim ochiq ko‘rib va sezib turamiz, u ham bo‘lsa tabiiylik. Shu uchun emasmiki, «Qo‘zi buloq»da qizning otasi ro‘lini o‘ynarkan, bir qancha replikalari bilan zalni shirin-shirin kulduradi.
«Hamlet»da ham shunday. Undagi Poloniy eslik, ziyrak, bilimdon va mustaqil fikrli shahzoda Hamletga qarshi qo‘yilg‘an esi past, mahmadona, sayoz bilimli va qat’iyan o‘z fikri bo‘lmagan ahmoq bir choldir. Shekspir unga shu tavsifga yarasha so‘z bergan. Agar u so‘zlarni eplab, kelishtirib aytolmasa, cholning sahnada borligi quruq bir suratdan iborat bo‘lub qoladi. Hamletning so‘zlarini zalga yetkazish, meningcha, Poloniy so‘zini yetkazishdan og‘ir emas, chunki Hamlet juda aktiv odam, piyesada hamma imkon unga berilgan. Butun kurashni u olib boradi. U hislar, xayollar, o‘ylashlar, tushunishlar bilan to‘la. Uni o‘ynagan akto‘r istar-istamas uning so‘zlarini tomoshachiga yetkizishga majbur, aks holda, «Hamlet» degan bir asar sahna yuzida qolmaydi, qololmaydi. Holbuki, Poloniy tomoshachiga yetmasa, ko‘plar bunga qunt ham qilmaydilar. Hamletni ta’qib etish bilan ovora bo‘lub boshqalarg‘a ahamiyat bermaydilar. Yozuvchi uncha-muncha chakana odam bo‘lsaydi (Shekspir bo‘lmasaydi), Hamletdan boshini ko‘tarolmas, boshqalarni quruq bir surat qilib qo‘yardi. Faqat u dohiy yozuvchi bo‘lgani uchun binoning bosh bo‘lagini juda yaxshilab ishlamak barobarida yoni-beridagi kichkina (yordamchi) bo‘lakchalarni ham unutmagan, ularni ham boplab ishlagan, ishlab yetkizgan. Lutfullaning Poloniysini ko‘rganda qo‘yuvchig‘a haq berging keladi; qo‘yuvchi Poloniyning ahamiyatini tushungan, shunga ko‘ra, u ro‘lni Lutfullaga bergan. Lutfullaning Poloniysi tomoshachiga yetdi. Tomoshachi uning ko‘p so‘zlariga yozuvchi ko‘rsatgancha kuladi.
Lutfulla – Poloniy ko‘p joyda zalni kuldura oladi. U parda orqasida behuda bir tasodif bilan o‘lib ketgach, unga achinganlar uning bu qadar ahmoq bo‘lushiga achinadilar. Achinib turib ham kulushdan o‘zlarini to‘xtata olmaydilar…
Lutfulla asosan kuldiruvchi akto‘r emas. Unda kuldiruchilik – qiziqliq vajhidan ijod quvvati yo‘q, ya’ni u, aytaylik, Hoji Siddiq marhum va Mirshohid kabi hozirjavob ham emas (bu ikkala qiziqning hozirjavoblik san’atini ham uncha yuqori qo‘ymayman; har holda, cho‘muchga chiqqunday bir narsa bor). U asarning o‘zida bo‘lgan kulgili replikani g‘oyat tabiiy, to‘g‘ri bera oladiki, ana shu narsa zalning kulgisini ta’min etadi. Turmushda kulunaturg‘an joylar bor; ammo u joylarni sahnada yasamalik bilan berilganda kulgi chiqmaydi, balki, aksincha, tabiiy, turmushdagiday qilib berilsa, kulgi chiqadi. Ana o‘sha tabiiy o‘ynash orqasidadirkim, Lutfulla sahnada vaqtida hech bir takalluf, ayniqsa, zo‘r berish degan narsani bilmaydi. Durust, sahnada kechirma (perejivaniye) bilan o‘ynash yo‘suni bor. Bizning ko‘pgina akto‘rlarimiz bu yo‘sunga o‘zlarini yaqin keltirmaslikka tirishib: «Yo‘q, men kechirma bilan o‘ynamayman!» – desalar-da, ularga uncha ishonolmayman. Yolg‘iz texnika bilan o‘ynash uchun juda zo‘r san’atkor bo‘lush kerak. Akto‘r o‘z ro‘liga qiziqib o‘ynasa, bir oz kechirmaga o‘tmay iloji yo‘q. Faqat hunar shundaki, oqil poyloqchisi hamma vaqt poylab tursun va akto‘rga uning sahnada ekanini, butun bu narsalar bir o‘yindan iborat ekanini, sahna chegaralaridan chiqish yaramaganini doim eslatib tursun.
Marhum Siddiq hojiday mohir akto‘rlarimizning eng dardli joyi shu poyloqchidan, shu tengshovchidan mahrumligi emasmidi? Siddiq hoji sahna qonunlarig‘a ko‘pda unagan akto‘r emas… «Hujum»da shu narsa ravshan ko‘runadi: eshon bilan tabib – ikki mustaqil olam, balki biri-biriga qarshi qo‘yulg‘an olamlar. Ro‘lni pishitish xususidagi jiddi-jahdi, o‘zidagi qobilliq va iste’dodga hech bir gumonim bo‘lmagan Sa’dixon tabibni o‘ynarkan, shamolga tutulgan olovday bezovta bo‘lub, ortiqcha berilib o‘ynaydi; aksari sahna chegaralaridan ham chiqib ketadi. Lutfulla esa buning tamom aksi: u har bir harakatini no‘taga o‘ydurgan balet o‘yinchisi singari salmog‘liq va og‘irliq bilan harakat etadi. Shu bilan, shubhasiz, yutib chiqadi. Bu farq eshon bilan tabib tiplarining o‘zidan kelib chiqqan farq deguvchilar ham bor. Bu, meningcha, yanglish da’vo. Uyg‘ur u ikki tipning tub chiziqlarini olib turib umumiy suratda yo‘rgan-da, so‘ngra akto‘rning o‘z shaxsiy ijodiga keng yo‘l qo‘yg‘an. Rejisso‘r Uyg‘urning g‘alabasini ta’min etgan sabablardan biri, meningcha, shu edi. Shu keng yo‘lda Lutfulla ishladi va ro‘lni suvday silliq va yumshoq qilib chiqardi.
Lutfullaning sahnadagi muvaffaqiyati ko‘prak uning tabiiy talantidan keladi. Shu talantni o‘zi ham ishlab, tarashlab, silliqlab borsa qanday yaxshi bo‘lardi. Bu narsa, meningcha, Lutfullada bor bo‘lsa ham, yetarlik emas. (Bu da’voni ko‘b akto‘rlarimizga yoyish mumkin.) So‘zlash boyligini yetarlik darajada kengaytirib uni navlash xususida Lutfulla hali hozirgacha kam, juda kam ishlagan. Poloniydek cholning yurushlariga ham qariliq alomatlari bera bilgan (qaltirab yurishlar) Lutfulla nima uchun uning ovoziga qariliq berishga urunmaydi? Lutfulla Poloniysining ovozida riyokorlik – ikki yuzlilik, mudohana xususiyatlari bor. Ammo qariliq asari ochiq emas. Ishlash bilan buni ham qilish mumkin. Buni Lutfulla bilmaydi emas.
Yana bir tanbeh: Poloniyning bekorchi gaplarni ko‘p gapiraturg‘an chiroyli va pardozli so‘z sotaturg‘an mahmadona bir ablah ekanini Shekspir juda yaxshi ko‘rsatadi. (Qirol va qiro‘licha oldida Hamletning Ofeliyaga yozgan xatini o‘qumasdan burun aytgan so‘zlari.) Qo‘yuvchi Poloniyning sergapligini ko‘rsataturg‘an u ajoyib monologni qo‘yilish talabiga qarab ancha kamaytirgan. Lekin akto‘r o‘sha asl nusxaning o‘zini qat-qat o‘qub, o‘ylab, umuman, mahmadona, sergap va so‘z pardoziga berilgan odamlar bilan ko‘prak tanishib, o‘sha xil tiplarning ichiga kirishi kerak edi. Lutfulla o‘sha joyni o‘ynaganda biz shunday chuqur tekshirishlar bo‘lganini anglayolmaymiz. Holbuki, turmushda ham shunday odamlar ko‘p!
Lutfulla – oldingi akto‘rlarimizdan. Ishonamanki, u borgan sari yuksalajak, ro‘lni ishlab pishitishga avvalgidan ham ko‘prak zo‘r berib davom etajak. Faqat sahna san’ati – ayniqsa, akto‘rniki – juda nozik san’at. Uni yosh boladay doim parvarish qilib turush kerak. Sahnada talantdan tashqari madaniyat ham kerak. Buning yo‘li ma’lum: o‘rganish! Akto‘r eng avval turmushning o‘zidan (tiplar, so‘zlar va hokazo), kitob mutolaalaridan, leksiya va darslardan, boshqa tiyotr va akto‘rlardan, o‘z ustozlaridan o‘rganadi. Shularning birginasi kamlik qilg‘anda ham, akto‘rning turgan joyida depsangani bilinib qoladi. Sahna san’atining sirlariga muncha oshno bo‘lg‘an Lutfulladan bizning kutganimiz doim oldinga qarab intilishdir.
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|