Sahnalar tegrasida

Sahnalar tegrasida (1923)
by Abdulhamid Choʻlpon
334323Sahnalar tegrasida1923Abdulhamid Choʻlpon

Ozarbayjon turk sahnasi yaqinda 50 yoshg‘a kirishi munosabati bilan katta bir bayram qilib o‘tkazdi.

Haqiqatan, Rusiya turklari orasida eng eski sahnaga ega bo‘lg‘onlar — Ozarbayjon turklaridir. Ozarbayjon teatr yozuvchilig‘ining otasi bo‘lg‘on Mirzo Fatxali Oxundo‘vning o‘lganiga, ozarbayjon sahnasining ulug‘ og‘asi bo‘lg‘on Arablinskining dunyodan ketganiga bir necha yil bo‘lub qoldi. O‘zining shu uchun umrida ko‘b og‘ir kunlarni o‘tkazgan bu sahna, bu kun ulug‘ va yarashar bir sharaf bilan o‘zining ellik yillik bayramini o‘tkazmakdadir.

Bokuda chiqadurg‘on «Ko‘mmunist» rafiqimiz shu bayram sharafiga bir bosh maqola bag‘ishlag‘an. Ul maqolada nafis san’atning ahamiyati, ozarbayjon sahnasining boshidan o‘tkazgan og‘ir kunlari va uning hozirgi ahvodi to‘g‘risida fikr yurgiziladir.

Haqiqatan, 50 yil oz muddat emas.

Bu muddat orasida ko‘b narsa ishlamak mumkin. Lekin, ozarbayjon sahnasi ham bizning sahnamizdek xalqning eng qora johil vaqtida bosh ko‘targanligidan; «Chapga aylansa kofirlik, o‘ngga burilsa dinsizlik ta’naga yo‘luqub, din talqin qilg‘uvchi dinsizlarning har turlik hujumlari ostida qolib oq sallalik boyqushlar, qop-qora nodonlarning changalidan xalqni qutqazib olmoqqa tirishqon».

Albatta, bunday bir muhitda 50 yil yashag‘on sahna juda ko‘b narsa qila olmasa, ma’zurdir. Uchmasdan, so‘nmasdan, yo‘k bo‘lmasdan davom etib kelgan bo‘lsa, bu kun shu ham katta xizmatdir.

«Ko‘mmunist» rafiqimiz: «Bu kungi teatrimiz kechagi vazifasini ifo(da) qilib turadirmi? Bu kungi sahnamiz madaniyatga tomon hatlag‘on qadamlarimiz bilan chiqishdirila olurmi?» deb ikkita muhim savol bergandan keyin, bu savolga o‘zi: «Taassufga qarshi, darhol «yo‘q!» kalimasini qo‘llashga majbur bo‘lib qolamiz», deb javob beradir.

«Qo‘mmunist» rafiqimiz bu savol va bu javoblari bilan sahnaning shu kungi holig‘a qanoatlana olmag‘onlig‘ini ko‘rsatmak istaydir. Maqolasinnig oxirida sahnaning tuzalishi uchun «mas’uliyatni uhdasiga olg‘on Ozarbayjon maorif komissarligiga muvaffaqiyat» tilaydir.

Zotan, rafiqimiznin tilagan muvaffaqiyati ta’min etilgan hisobdir. Sahna va san’at ishlari uchun burun ham hozir ham eng kerak bo‘lg‘on moddiyot mas’alasi ortig‘i bilan hal etilgan: «Bayram kunida Ozarbayjon turk teatriga dekaratsiyalar hozirlamoq uchun maorif komissarlig‘i tomonidan 100 so‘m oltun pul chiqarilg‘on.

Bayram komissiyasining bir majlisida xo‘jalik idoralarining turk teatriga moddiy yordam berishlari lozim ekanligi to‘g‘risida bir qaror chiqarilib, birinchi o‘laroq quyidag‘i idoralar iona qilg‘onlar: Xalq komissarlar Sho‘rosi raisi o‘rtoq Sabikif, komissarlar sho‘rosi otidan 15000 so‘m oltun pul, Ozarbayjon neft idorasi raisi Yo‘ldosh Seribrufski 15000 so‘m oltun pul, sanoat tijorasi komissari o‘rtoq Sultonif 10000 so‘m oltun».

Bu yordamning boshidir hali davomi va oxiri bor. Demak, Ozarbayjon sahnasi to‘la ta’min etilgan.

Biz, bu yerda — o‘zbek davlat truppasini tarqatish arafasida turubmiz. Shunda ham ma’yus bo‘lmaymiz. Uningda qadri bilinur vaqti bordir, axir!

Hozircha tom ma’nosi bilan yetim bo‘lg‘an o‘zbek sahnasining bir muhibi, bir orqadoshi sifati bilan: Ozarbayjon sahnasini qutlaymiz!


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"