Sallamno
by Ogahiy

Olur har lahza yuz jon chashmi fattoningg‘a sallamno,
To’kar har damda ming qon tiyg’i mujgoningg‘a sallamno.

Jahon bozorida sindurdi yoqut-u guhar qadrin,
Durafshon nukta birla la’li xandoningg‘a sallamno.

Asir aylab kamandig‘a parishon ko‘nglum etdi jam,
Musalsal halqayi zulfi parishoningg‘a sallamno.

Yuzingdin zarracha partav yetishkach tiyra kulbamg‘a,
Yoritdi hajr shomin mehri raxshoningg‘a sallamno.

Sihi qadlarni qumri yanglig’ etdi ishqida nolon,
Nazokat bog’ida sarvi xiromoningg‘a sallamno.

Agar Ko‘rsa erdi Yusuf malohatlig’ jamolingni,
Der erdi sidq ila: «Ruxsori toboningg‘a sallamno».

Labing shirin takallumdin o‘lukni turgizib aylar,
Suxanvar to‘tioso shakkaristoningg‘a sallamno.

Chu ehson naqdini sochding jahong‘a ganji lutfingdin,
Bori xalq o‘ldi bandang naqdi ehsoningg‘a sallamno.

Riyo-u ujb birla bir suruk johilni, ey zohid,
Mute-yu muxlis etding, makr-u dastoningg‘a sallamno.

Urib dam g‘ayb sirridin ham etkung da’voyi imon,
Bu yanglig’ kufr birla turgan imoningg‘a sallamno.

Chekarsan, Ogahiy, tun-kun ul oy javr-u jafosini,
Bu qottig’ mehnat ichra chiqmag‘an joningg‘a sallamno.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse