Samarqand matbuotining tarixi

Samarqand matbuotining tarixi (1923)
by Hoji Muin
334461Samarqand matbuotining tarixi1923Hoji Muin

Matbuot bir millatni uyg‘otish uchun birinchi omil bo‘lg‘onidek, uning tarixi ham «uyg‘onish davri» tarixining muhim bir bo‘lagi sanaladur.

Biz bu maqolada Samarqand matbuotining tarixidan burun Samarqandg‘a qay vaqtdan matbuot kira boshlag‘onini qisqagina yozib o‘tish foydadan xoli emas deb bilamiz. Samarqandg‘a boshlab kirgan gazeta chor hukumati tomonidan birinchi qatla o‘zbek tilida Toshkandda Ostroumovning nazorati ostida chiqarilg‘on «Turkiston viloyatining gazeti» bo‘lsa kerak.

Bu gazeta boshda xalq orasida tarqalg‘on bo‘lmasa ham, faqat volostnoyxona va qozixonalar kabi idoralarg‘a majburiy suratda oldurilg‘oni uchun bundagi qozi va mirzolar tomonidan xoh-noxoh o‘qilur edi. Bu gazetning xalq orasida bir oz tarqalishi rus-yopun urushi vaqtida bo‘ldi.

«TARJUMON» GAZETASI

Bog‘chasaroyda Ismoilbek G‘asprinskiy tomonidan 1883nchi yidda chiqarila boshlag‘on. «Tarjumon» gazetasi 1889nchi yillarda Samarqandg‘a kira boshladi. Bu gazetani birinchi daf’a yerlik xalkdan (89nchi yilda) Hoji Abduqodir (me’mor) oldurub o‘qug‘on. «Tarjumon» gazetasi ham rus-yopun urushi asnolarida taraqqiyparvarlar o‘rtasida ko‘brak tarqala bopglab shuhrat va e’tibor topdi.

ERON GAZETALARI

Eron gazetalarining Samarqandg‘a qaysi vaqtda kira boshlag‘onlig‘i ochiq bilgulik bo‘lmasa ham, harholda, «Tarjumon»dan ilgari emasdur. Tehronda chiqqan «Tarbiyat» bilan Kalkuttada chiqqan «Hablul-matin»ni biz faqat rus-yopun urushi vaqtlaridag‘ina ko‘rdik. Bu ro‘znomalar yolg‘iz bundagi ba’zi eron savdogarlari orqali olinar va tarqatilar edi.

1905nchi YILDAN SO‘NG

5nchi yil 17nchi o‘ktabr manifestidan keyin kerak Turkistonda va kerak Rusiyada turluk milliy gazeta va majmualar chiqa boshladi. Bularning har qayusi Samarqandda ham bir muncha tarqalar edi. Samarqandg‘a doimiy suratda kelib turgan va xalq tomonidan suyilub o‘qulmoqda bo‘lg‘on matbuotdan birinchilari «Tarjumon», «Vaqt» gazetalari bilan «Sho‘ro» majmuasidir.

«SAMARQAND» GAZETASI

Samarqandda birinchi martaba chiqqan gazeta «Samarqand» gazetasidur. Bu gazeta Samarqand maorifparvarlarining moddiy yordami bilan 1913nchi yilda (aprelda) marhum Mahmudxo‘ja Behbudiyning mas’ul muharrirligi ostida chiqa boshladi. Haftada ikki qatla chiqqan bu gazeta boshda yolg‘iz ikki betlik bo‘lub chiqa boshlasa-da, 7 -8nchi sonidan keyin to‘rt betlik bo‘lub chiqdi. Gazeta 4-6 yuz orasida bosilar edi. Oxiri, mustabid hukumatning siqishi va moddiy jihatdan torliqda qolg‘onlig‘i sabab ortiq davom etolmay 44nchi sonida to‘qtalmoqqa majbur bo‘ldi. Xalqqa yangi fikrlar berib rahbarlik eta boshlag‘on «Samarqand» gazetasining to‘qtalib qolishi yoshlarga yomon ta’sir etdi. Hatto Xo‘qand yoshlaridan Akobir Shoxmansur o‘g‘li bilan Mirzohid Oqiliy o‘rtoqlar jamiyatga kelib, gazetani qaytadan davom etdirmak uchun unga 500 so‘m iona bilan 200 obuna yuborishga hozir ekanliklarini telegrof orqali bildirdilar.

Behbudiy afandi bundan so‘ng gazetani 45nchi sonini yolg‘iz bir betlik qilib chiqardi va shul sonda hamiyat egalariga tashakkur etish bilan barobar bu iona va yordam gazetani asoslik suratda uzoq muddat davom etdira olmaslig‘ini bildirdi. Bu to‘g‘rida o‘z fikrini yozib o‘tdi. Mazqur ionani ham qabul etmadi.

«OYNA» MAJMUASI

Behbudiy afandi «Samarqand»dan qolg‘on ozgina sarmoya bilan barcha og‘irliqlarni o‘z bo‘ynig‘a olib haftalik «Oyna» majmuasini chiqara boshladi. Bu majmuaning birinchi soni 1913nchi yil avgustda chiqdi. Bosilish soni 4-5 yuzdan oshmas edi. Yolg‘iz Behbudiyning sabot va matonati orqasida chiqqan bu majmua taqriban 20 oy davom etgandan so‘ng turluk tazyiqot va moddiy torliq sababidan 1915nchi yilda to‘qtaldi. Bu majmua tamoman 68 no‘mer chiqdi. «Oyna» xalqni uyg‘otish va oqartish uchun yaxshig‘ina xidmat etdi. Ul Turkistondan boshqa Totoriston, Kofkoz, Afg‘oniston, Eron, Turkiya va Misrgacha tarqalar va har yerda suyilib o‘qulur edi.

TELEGROF XABARLARI

1915nchi yilda Samarqandda bosmaxona egasi Gazarufning masorifi bilan bir muddat «Telegrof xabarlari» nomida maxsus kundalik varaqa chiqa boshladi. Bu varaqa o‘zbekcha tidda Husayn Ibrohimuv qalami bilan yozilar edi. Varaqa 20-30 no‘mer chiqib to‘qtaddi.

1916nchi yilda Saidrizo Alizodaning xarji va qalami bilan «Agenta telegroflari» otliq varaqa chiqarila boshladi. Bu varaqa ham o‘zbekcha bo‘lub 500-1000 dona bosilib chiqar edi. Bu ham ko‘b davom etolmay 14-15nchi sonlarda to‘qtaldi.

17nchi yil fevral o‘zgarishidan keyin yana Saidrizo tomonidan forsiy tilda «Varaqai telegrofot» ismida telegrof xabarlari chiqarildi. Besh yuz dona miqdorida bosilib chiqqan bu varaqa ham 20nchi sonlarida to‘qtaldi.

Mazkur yilda bir necha vaqt «Zarafshon» kitobxonasining mudiri Akobir afandining mas’ul mudir va noshirligida o‘zbek tilida «Telegrof xabarlari» varaqasi chiqarilib bu ham ko‘b davom etmay 50nchi sonida to‘qtaldi.

«HURRIYaT» GAZETASI

17nchi yil fevral inqilobidan keyin Samarqandda maorifparvarlar tomonidan haftada ikki qatla «Hurriyat» gazetasi chiqarila boshladi. (Birinchi soni 16nchi aprelda chiqdi.) Boshda buning mas’ul muharrirligiga Mardonquli Shomuhammadzoda tayin etildi. Bir muddatga Akobir afandi mas’ul mudir bo‘lub turdi. 27nchi sonidan e’tiboran uning bosh muharrirligiga o‘rtoq Abdurauf Fitrat tayin qilindi. Gazeta 500-1000 dona orasida bosilar edi.

«Hurriyat» gazetasi Kerinskiy zamonida ham «Ulamo» va «Sho‘roi islom»g‘a muqobil, ammo «Ittifoq» jamiyati kambag‘al mehnatkashlarg‘a tarafdor, go‘yo shularning noshiri; afkori edi. Bu gazeta o‘ktabr inqilobidan keyin ochiqdan-ochiq ishchi va faqir xalq foydasig‘a xidmat etdi. Maorifparvarlar tomonidan ta’sis etilgan «Zarafshon» shirkati butun sarmoyasining kulli bir qismini shul gazetaning nashrig‘a sarf qildi. Oxiri, gazetaning moddiy yoqdan siqilg‘onini ko‘rub himmatlik yoshlardan marhum Muhammadqul O‘runboy uning nashrini o‘zining zimmasiga oldi. Har narsaning bahosi kundan-kun osha berdi. Ortiq gazetani davom etdirish mumkin bo‘lmadi. Oxiri gazeta, (1918nchi yilda) 87nchi sonida to‘qtalmoqqa majbur bo‘ldi.

«MEHNATKAShLAR TOVUShI»

1918nchi yilda (11 iyunda) sho‘ro hukumati tomonidan «Mehnatkashlar o‘qi» otliq gazeta chiqarildi. Buning mas’ul muharrirligiga Hoji Muin, tahrir hay’atiga Iffat xonim (Zohida Burnasheva) bilan marhum Shokir Muxtoriy tayin etildilar. Bu gazetning 5nchi sonida oti o‘zgartirilib «Mehnatkashlar tovushi» qo‘yildi. Gazeta 500-2000 nusxa orasida bosilib tarqalar edi. Bu gazetaning tarjima va tahrir ishlarida bir muddat Saidrizo Alizoda, Muhammadjon Yusufiy, qori Muhammadrahim Toji, Sadriddin Ayniy afandilar xidmat etdilar. Bularning ichida birinchi darajada uzun muddat ishlagan kishi shubhasiz Ayniy afandi edi.

«Mehnatkashlar tovushi» gazetasi 20nchi yildan e’tiboran viloyat firqa qo‘mitasi bilan viloyat ijroqo‘mining noshiri afkori bo‘lib davom etdi. Bu gazeta, bir yoqdan, xalqni hukumatga yaqinlashdirish uchun xidmat qilg‘onidek, ikkinchi yoqdan, buzuq niyat bilan hukumat idoralarig‘a kirib olib xalqni talayturg‘on unsurlar bilan muboriza etar, ular haqida doim rahmsiz suratda tanqid va kulgulik maqolalar yozar edi. 21nchi yilda bu gazetaning oti o‘zgartilib «Kambag‘allar tovushi» qo‘yildi.

Va gazetaning mas’ul muharrirligi so‘ngg‘i yillarda turluk kishilar qo‘lig‘a o‘tsa ham, lekin ul ma’naviy jihatdan yuksala olmadi. Oxiri, 22nchi yil o‘rtalarida 304nchi sonida to‘qtaldi. Turkistonda sho‘ro hukumati tomonidan boshlab chiqarilg‘on va uzun muddat yashag‘on gazeta shudir.

«TAYoQ» MAJMUASI

«Mehnatkashlar tovushi»da bir necha vaqt bosilib turg‘on «Shapaloq» va «Tayoq» ismlaridagi bandlar xalqning rag‘bat va diqqatini o‘ziga jalb etgani uchun hukumat «Tayoq» otliq hajviy bir majmua chiqarishg‘a ijozat berdi. Bu majmua 1920nchi yil yanvarida o‘n besh kunda bir karra chiqa boshladi. «Tayoq» jurnali «Mehnatkashlar tovushi»ning tahrir hay’ati tomonidan yozilar edi. Huruf va kog‘oz ozlig‘i uchun bu majmua 8nchi sonida to‘qgaldi.

«BOLALAR YO‘LDOShI»

1919nchi yilda Samarqandda totorlar maktabining mudir va muallimi o‘rtoq Xabir Abdullayevning tashabbusi bilan maorif idorasi tomonidan «Bolalar yo‘ldoshi» ismida bolalarg‘a maxsus bir jurnal (toshbosmada) chiqarilib, Znchi sonida to‘qtaldi. Bu majmuaning muharriri Xabir, mas’ul mudiri Abdurashid Abdujabbor o‘g‘li edilar. Buning taxrir hay’atida Ayniy afandi ham bor edi. Samarqandda birinchi marotaba bolalarg‘a ta’sis etilib, chiqarilg‘on majmua shu edi.

«ShU’LAI INQILOB» MAJMUASI

1919nchi yidda viloyat firqa qo‘mitasi tomonidan haftalik forscha «Shu’lai inqilob» majmuasi chiqarilib uning muharrirligiga o‘rtoq Saidrizo Alizoda tayin etildi. Bu majmua taqriban ming dona bosilib Buxoro, Eron va Afg‘onistongacha tarqalar edi. Majmuaning doimiy yozg‘uvchilari faqat Saidrizo bilan Ayniy afandi edilar. So‘ngg‘i vaqtlarda kog‘oz va toshbosma asbobi ozayg‘ondan bu majmua ham 1921nchi yil oxirlarida 92nchi sonida to‘qtalib qoldi.

DEVORIY «ShARQ» GAZETASI

1919nchi yil noyabr oyida hukumat tomonidan «Sharq» ismida kundalik devoriy gazeta chiqarila boshladi. Bu gazeta boshda Saidrizo Alizodaning qalami bilan yozilib chiqsa-da, so‘nfa (1920 yili 3 iyun) 64-sonidan e’tiboran Muhammadjon Yusufiyning qo‘lig‘a o‘tdi. Bu gazeta 2 — 3 yuz dona bosilib, 20nchi yilning oxirig‘acha 189 no‘mer chiqdi.

«Sharq» gazetasi 1921nchi yilda ham davom etib 13nchi avgustgacha 132 no‘mer chiqib to‘qtaldi.

«YoSh KUCh»

Ushbu ot bilan 21nchi yil may oyida Samarqand viloyatining yosh kommunistlari tomonidan devoriy gazeta chikarilg‘on bo‘lsa ham, ko‘b davom etmay Znchi sonida to‘qgaldi.

«ZARAFShON» GAZETASI

1922nchi yil o‘rtalarida «Qizil bayroq« gazetasida «Kambag‘allar tovushi» gazetasining og‘ir holda qolg‘onidan, 2-3 daf’a maqolalar yozildi. Bularni nazari e’tiborga olib Turkiston jumhuriyatining markaziy firqa qo‘mitasi Samarqandda «Zarafshon» otliq muntazam bir gazeta chiqarish uchun o‘rtoq G‘ozi Yunusni tayinladi. G‘ozi o‘rtoq Toshkanddan bir necha pud yangi harf, 150 pudcha yaxshi oq kog‘oz va ikkita hurufchin keltirib bunda (22nchi yil o‘ktabrida) «Zarafshon» gazetasini chiqara boshladi. G‘ozi o‘rtoq bu gazetani har jihatdan yaxshig‘ina yo‘lg‘a qo‘yg‘ondan so‘ng o‘zi (1923nchi yil boshlarida) Toshkandga ketdi.

Uning o‘rnig‘a markaz firqa qo‘mitasi tomonidan gazetaning mas’ul muharrirligiga o‘rtoq Ali Ismoilzoda tayin etilib yuborildi. Bu zotning g‘ayrat va faoliyati soyasida gazeta tartiblik suratda haftada ikki qatla chiqib turadir. «Zarafshon» gazetasining bu kunda kerak xalq va kerak hukumatning diqqatini o‘zig‘a tortg‘onlig‘i bilgulikdirkim, buni sharh va bayon etishga hojat yo‘q.

«Zarafshon» gazetasi, 1923 yil, 5 may


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"