Sharq nuri
(Mullanur Vohidov ruhiga)
So‘ng davrda yo‘qsil Sharqning tarixi
Bir bet bo‘lsin oq satrni ko‘rmadi.
Dunyo tarixini yozgan muarrix
Yaxshilikka qalamini burmadi.
Sharqning qaysi burchagini qarasang,
Yo‘qlik, o‘lim, zulm, qarg‘ish ko‘rarding.
«Tomug‘» degan so‘zni bilmak istasang,
Sharqni boshdan oyoqqacha yurarding.
Bir zamonlar yer yuzida o‘z boshli,
Ulug‘, shonli madaniyat tug‘dirgan
U go‘zal Sharq, shirin tuproq so‘ng zamon
Bo‘ldi chetlar panjasida ko‘z yoshli…
Uning bunday qizg‘anichli holiga
Har kimdan ko‘p qon yig‘lagan sen eding.
Uni ezgan yirtqich qo‘lli ma’zinga
Sen ulug‘ yov, sen mujassam kin eding.
Insonlikka saodatning birdan bir
To‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatguvchi Marksdi;
Biroq Sharqqa qutulishning yo‘lini
Ko‘rsatguvchi ulug‘ dohiy sen eding;
Sendek kishi Sharq eliga tansiqdi.
Pok siynangga o‘q otguvchi dushmanlar,
O‘ylamaki, bir o‘zingning dushmaning;
U dushmanlar – butun Sharqning dushmani,
Ko‘pdan ichib kelgan qonlarin uning.
Kun ham Sharqdan, oy ham Sharqdan chiqadir,
Biroq bir sen G‘arbda chiqding va botding;
Shuning uchun menim sharqlik ruhimda
Ajib mudhish, qo‘rqinch tuyg‘u uyg‘otding!
Sharqning kuni kirsa bulut ostiga,
Sening so‘nik kunlaringni o‘ylayman;
Botib borgan oyga qarab: «Ey yo‘qsil,
U ulug‘ «nur» senmasmi?» – deb so‘rayman…
Ehtimoldir, seni har bir narsadan
Aziz ko‘rgan, u sen suygan yo‘qsil Sharq,
Ruhlaringni oy o‘rniga qo‘ygandir,
Balki, bizning ko‘zlarimiz qilmas farq…
Menim sharqlik ko‘zim sening ruhingni
Sharqning har bir burchagida ko‘radir;
To‘g‘ri, sening u sharqsuyar ruhlaring
Al-Humroda, saroylarda yuradir.
Endi undan uchib o‘tdi Misrning
Sirlar to‘lib oqqan Nili bo‘yiga;
Nilni bo‘ylab kelib kirdi u ruhing
Fallohlarning qashshoqlarcha to‘yiga.
Undan o‘tib Suriyaning Shomiga
Asr ko‘rgan ko‘chalarni aylandi.
Shu minutda Himolaya tog‘ida
Hind qiziga yigitlikka saylandi.
Kecha ko‘rdim uni: Budda yonida
Riyozatning foidasin o‘qirdi.
O‘tgan kuni Nishopurda – bog‘chada
Xayyom bilan ishqiy she’r to‘qirdi.
O‘tgan hafta Chin-Mochinning yurtida
Kanfutsiyu falsafasin eshitdi.
Bu haftada Eron borib, Zardushtga
Nicha bilan qalaysiz deb tegishdi…
Hindistonda Bedil bilan yurganin
Menim sharqlik ko‘zim aniq ko‘rmishdi;
Alamutning tepasida yurganda
Menim ruhim orqasida yurmishdi…
Shuning uchun suyar seni butun Sharq,
Sen Sharqmisan, Sharq senmidir bilofarq.
1918-yil
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|