She’r koʻb vaqt kambaho erdi...

She’r koʻb vaqt kambaho erdi...
by Komil Xorazmiy
332676She’r koʻb vaqt kambaho erdi...Komil Xorazmiy

She’r koʻb vaqt kambaho erdi,
Shuaro baxti ham qaro erdi,

Lillohilhamdu vassanoki bu dam,
Joʻsh urub sizga bahri judu karam,

Saj’i bir tangadin baho boʻldi,
Shuaro kissasi toʻlo boʻldi,

Soʻzni gavhar demishlar oʻtkanlar,
Fazl doʻkonini yurutkanlar,

Bu zamonda guhar jugan1 boʻlmish,
Durni sotmok, juganga fan boʻlmish,

Yo javohirshunos emasmu alar,
Tanimaslar jugan bila gavhar.

Yo gʻalat deb dururlar ahli sadaf,
Yo jugan bordurur guhargʻa xalaf.

Yoki lafzi qadimda derlar,
Jugari otini alar gavhar.

Ulki ogohlarning ogahidur,
Fahmu donish sipehrining mahidur,

Soʻzi ortiqdurur guhardin ham,
Fazlu donishda olam ichra alam,

Soʻzni har necha qizsa bozori,
Bordur olamda bir xaridori,

Ming balogʻat bila soʻz aylab ado.
Qilur oni jugan bila savdo.

Ul dogʻi ushr, yo zakotdurur,
Anga in’omu bazl ot durur.

Mani bechorau gʻaribu haqir,
Ki soʻzum ichra zarrayoʻq ta’sir.

Soʻz desam kim anga quloq solur,
Kim ani yoki bir koʻnakgʻa olur.

Man ne yangligʻ soʻz aylayin insho,
Soʻz durigʻa bu nav’ boʻlsa baho,

Soʻzuma hech kishi jugan bermas,
Bersalar ham samon — yomon ermas.


This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.