Sho‘roi islomiya va saylov
7nchi sentyabrda Samarqandda shahar dumasining saylovi bo‘lub o‘tdi. Ammo ne tariqada bo‘ldi? Ushbu savolg‘a loyiqincha javob yozmoq uchun mazkur kunda voqe’ bo‘lgon ko‘b vahshiyona harakatlar, qiynovlar, talon va takfirlarni aynan zikr etub o‘tmoq lozim bo‘ladurki, bu asnoda ko‘nglida zarra insoniyat hissi bor odamning ko‘zlaridan rahm va shafqat yoshlari oqmasligi mumkin emasdur.
G‘azetamizning o‘tgan raqamlarida Samarqand shahar dumasining saylovi xususida musulmonlar ikki firqaga ayrilub, birinchisi «Sho‘roi islom»dan boy, ulamolar bo‘lub, birinchi numer, ikkinchisi «Zahmatkashlar ittifoqi» bo‘lub, bular ikkinchi numer ro‘yxat hozirlag‘onlari sababi va tafsiyuti ila yozilg‘on ediki, ushbu to‘g‘ruda so‘z uzayturmoqni ortuq ko‘rmaymiz va tafriqa (ayriluv)g‘a sabab Samarqand «Sho‘roi islomiya»si bo‘lg‘onligi ma’lumdur.
Mana o‘shal kundan e’tiboran «Sho‘roi islom» tarafidan ko‘b boylar va mullolar, bechora nodon xalq orasida fitna solub «Zahmatkashlar» haqida qancha tuhmatlar qildilar… Oralarida bir necha yoshlar borlig‘ini bilub hammalarini jadidchi va kofir dedilar… Hatto sho‘roning bir necha mo‘tabar va muhtaram a’zolari mahallalarg‘a borub (va’z o‘rnida) zahmatkashlar va yoshlarni yomonladilarki, bu voqeaning shohidlari bordur.
Ana shul sababli bechora «Zahmatkashlar ittifoki»ning barcha a’zosi va tarafdorlari xalq orasida jadid va kofirlikg‘a ot chiqorgon edi. Shunday bo‘lsa ham, «Zahmatkashlar jamiyati» ma’yus bo‘lmadi, tek turmadi, kecha-kunduz harakat qiddi. O‘zini mudofaa etdi. Bir necha bayonnoma va xitobnomalar tarqatib xalqning ko‘zini ochdi, sekin-sekin xeyli odamlarni o‘z tarafig‘a oldiki, oxirgi kunlarda bularning adadi bir necha mingga yetgan edi.
Lekin saylov kuni birdan ish o‘zgarib ketdi. Kutilmagan voqealar oldimizg‘a chiqdi, «Sho‘roi islom»ning xalq orasida solg‘on fitna-fasodi saylov kuni natija berdi. Bechora zahmatkashlar va ularning tarafdorlaridan bir necha kishilar saylov uchastka(qit’a)larida sho‘rochilar tarafidan uruddilar, so‘kuldilar, takfir qilindilarki, hozirda alardan bir nechasi o‘lum to‘shakida yotibdur.
Munday yirtqichlik va vahshiylikni ko‘rub, bechora xalq birdan qo‘rqushib qoldi. Tabiiy, jon shirin, har kim qo‘rqar. Shunday hurriyat zamonida zulm va istibdod asari bo‘lg‘on munday qaro kunni ko‘rgan xalq qo‘rqushidan ikkinchi numerni tashlab, birinchi numerg‘a tovush bera boshladi. Shuning uchun saylovning ertasi hisoblanganda, ikkinchi numerg‘a sado berganlarning soni 1700 miqdoridan ziyoda chiqmadi.
2nchi numer oz sado olg‘oni uchun «Zahmatkashlar jamiyati» xafa bo‘lub o‘zining istiqbolidan umidini uzmaydur. Balki jamiyatning taassuf etub qayg‘urmog‘i shunday hur-riyatlik saylov kunida bir necha gunohsiz kishilarning bir jamoa vahshiylar tarafidan haqsiz qiynalub tashlanmog‘idadur.
Ushbu taassuflik voqeada hukumatning ham bir oz tadbirsizligi sabab bo‘ldi. Chunonchi, hukumat saylov to‘g‘risida shuncha muxolifat va nizo borlig‘ini bilib turub saylov kunida biror tadbir qilmadi. Ya’ni har uchastkada aqalli 20 nafar askar qo‘ymadi. Agarda hukumat tarafidan shunday tadbir qilinsa edi, munday voqeaga yo‘l qo‘yilmagan bo‘lur edi.
Har nima bo‘ldi, endi o‘tdi. Bu voqeaning bosh sababi «Sho‘roi islom»dur. Boshdan «Sho‘roi islom» zahmatkashlar tarafidan ko‘rsatilg‘on 10 nafar nomzod kishilarni qabul qilub, o‘z siyohasig‘a kirguzganida va yo qabul qilmagon taqdirda, zahmatkashlar zararig‘a harakat qilmagonida munday qayg‘ulik voqealar yuz bermagan bo‘lur edi. Mana shul sababli demoqg‘a haqlidurmizki, ushbu ixtilof va fitnag‘a «Sho‘roi islom» sabab bo‘ldi.
«Hurriyat» gazetasi, 1917 yil, 19 sentyabr
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|