Sho‘rolar hukumati va sanoyi nafisa
Sanoye nafisa degan so‘zni onglag‘uchilar bizning oramizda ham ko‘payib qoldi. Ilgari oddiy bir tomosha (teatr)ni ham tushunmagan, dram bilan kulguni ajrata olmag‘an xalq hozir sanoye nafisaning xuddi o‘ziga ham tushunib keladir. Ishning o‘zi ham shundog‘ bo‘lmog‘i kerak edi; chunki mehnatkash, qo‘li qabarg‘anlar hokimiyati bo‘lg‘an sho‘rolar tartibining yuzaga chiqishiga bugun 3 yil bo‘ladir.
3 yildirki, ezilganlar ezganlar ustida, mahkumlar hokimlar tepasida hukumat so‘ralar.
3 yildirki, ishchi va dehqonlar yer yuzining xiyla zo‘r bir bo‘limida o‘z egaliklarini qurub, o‘zini bo‘g‘moq uchun kelgan yovlar bilan dam olmasdan yoqalashalar.
Qonlar to‘kula, jonlar keta, o‘limlar qaynaydir.
Bu holda go‘yo hech bir og‘iz yoyib kulishlik mumkin emas kabidir.
Go‘yo har narsa yolg‘iz motam, yolg‘iz qon, yolg‘iz achchig‘ va g‘azabdan iboratdir.
Bu hollarni biz tarixda o‘qug‘an bo‘lsak, o‘ylar edikkim, ul davrda qahru g‘azabdan boshqa narsa bo‘lmagandir. O‘yun-kulgi degan narsani kishilar unutqonlardir, deb…
Lokin bu o‘zgarish, bu 3 yildan beri bo‘lib kelayotqan talash, kurash bir tarafda bo‘lib yotadir. Qonlar to‘kilib, jonlar beriladir.
Biroq ikkinchi tarafda kulalar, o‘ynaylar, shodlanalar. Qo‘ngil ochalar, ham shunday bir o‘yin-kulgikim, tarix muning singarisini sira ko‘rgani yo‘q.
Necha ming yillardan beri bo‘lub kelgan eski dunyoni og‘darmoq, yangi dunyo tuzib, oni tamom boshqa bir rangga bo‘yamoq ishi tobshirilg‘an o‘zgarishchilar turmushning har bir juz’ida, har bir bo‘lagida harakat qilalar. Turmushning har yog‘in, har tarafini o‘zgartalar.
Shul o‘zgarishlar ichiga o‘yin-kulgi ham kirub qoladir.
Ilgari ham o‘ynab kulganlar. Biroq bu kundagidan boshqacharoq bir yo‘lda. Sanoye nafisa eski zamonda boylar, podshohlar saltanati zamonida ham bor edi. Bor edigina emas, juda yuksalgan, avjiga chiqqan edi.
Yaqin zamonlardag‘ina tug‘ilg‘an sanoye nafisani burjuaziya xayolchilari juda noziklashdirganlar, xayoliylashdirganlar edi.
Butun umrini ishlamay bekor o‘tkazaturg‘an boylar, boybachchalar, to‘ra bolalari, xon, xonzodalar bekorchilikdan zerikmas uchun sanoye nafisaga berilalar; cholg‘i chalalar, o‘yinga tushalar, sevgi she’rlari to‘qiylar, o‘qiylar edi. Bularning ustiga, katta shaharlarda bir emas, 5-6 bizning “Kolizey”day teatrlari bo‘lar, shularda pul bilan, oltun bilan san’atni sotub olub (yaxshiroq tushuningiz: san’atni sotib olub!) zavqlanurlar edi.
Qisqasi sanoye nafisa eski dunyoda bir qism xalqning zavqi, aysh va ishrati uchun ishlayturg‘an bir narsa edi.
Unga yuragida, ko‘nglida bir sevgi, bir intiluv sezib, berilgan qancha past sinf, tuban qism, el bolalari o‘sha boy va boybachchalarni zavqlandirish yo‘lida vaqtsiz jon berdilar. Qurbon bo‘ldilar, jinni bo‘lg‘an cholg‘uchilar, varam (sil kasali)ning achchig‘ panjasiga tushgan mumassil* artist va mumassila artistkalar sanog‘sizdir.
Endi bu yoqg‘a, yangi dunyog‘a, mehnatkash va ezilganlar olamiga ko‘z solsak, o‘sha sanoye nafisa, ingichka hunarni tag‘in ko‘ramiz. Biroq munda ko‘bgina boshqaliq bor.
Teatr-tomoshalar bor, lokin ular ilgarigiday birgina boy bolalari, boylar va to‘razodalarning kayfi, lazzati uchun emas, butun el, butun xalq, hamma ishdan bo‘shag‘ach ko‘ngil ochmoqchi bo‘lg‘anlar uchundir.
Sahna bu dunyoda yuqori sinflarning tumtaroqli turmushlarini ko‘rsatmaydi emas, ko‘rsatadi, biroq shul turmushning achchig‘ va jirkantiraturg‘an hidini tomoshachilarg‘a hidlatmak uchun ko‘rsatadi. Cholg‘ining qillari yana boyag‘iday chertilib turur, biroq boylar qayfi uchun o‘ynag‘anig‘a yig‘lab emas, charchag‘an xalqning ko‘nglini ochqani uchun sevinib, ezilgan xalqqa eziluv davrlarini eslatmak uchun yig‘lab chertilur. She’r ham, ashula, qo‘shiqlar ham yozilurlar. Biroq boylarni, ularning xayoliy saroylarini maqtab emas, ochiq, tortinuvsiz ravishda ko‘nglidagini aytmak, elning o‘z turmushini o‘ziga ingichka qilib ko‘rsatmoq uchun yozilur.
Mehnatkashlar sanoye nafisasi kengdir, munda burjuaziya taqlidchiligi yo‘qdir; unda o‘zidan chiqaruv, o‘zidan sochuv bordir. Uning yo‘li kengdir.
Sanoye nafisa bu dunyo va shahar uchungina emas, mana shu yer, sho‘rolar idorasining eng ulug‘ xosiyatidir. Sanoye nafisa o‘zini tug‘diruvda ko‘b ro‘l o‘ynayturg‘an qishloq va qishloq mehnatchilari uchun ko‘b ishlagusidir. Biroq bu kungacha tegishincha bo‘la olmag‘an ekan, bunga 3 yilliq turmushning talashuv, kurashuv va g‘avg‘olar ichida o‘tuvi sababchidir.
Hozir bir Turkistonda, Turkistonning Toshkand shahridagi ishlarni ko‘z oldiga keltirganda ham, sho‘rolarning sanoye nafisaga qanday zo‘r ahamiyat bilan qarag‘anliqlarini ko‘rmak mumkindir. Tuzukkina bir truppasi bo‘lmag‘an eski Toshkand bukun yaxshi bir yaxshig‘ina ikki truppaga molikdir. Rasmiy bir totor truppa ukrainali, yohudiy, ozarbayjonlilar ham birar tevarak, birar to‘n bo‘lindiralar. Mundan so‘ng tag‘inda yaxshilantirmoq uchun hozirgacha ba’zi joylarda teatr ishlarining boshig‘a chiqib ko‘b ishlarga qarshiliq va zarar qilib turg‘an eski dunyo “yo‘g‘anlari” bilan kurash boradir; shularning natijasi Turkistonda sanoye nafisani ham eng yuqori darajaga ko‘targusidir. Sho‘rolar hukumati, ishchilar egaligi – sanoye nafisaning eng suyukli, muhtaram bobosidir. Ul boboning tarbiyasi sanoye nafisani osmonlarg‘a chiqarg‘usidir, biroq jabr yo‘li bilan emas, ishq beriluv va sevgi yo‘li bilandir.
Sho‘rolar sanoye nafisa ila Sharqni qul emas, hur qilg‘usidir.
Sharq sanoye nafisasi kelgusida Gʻarbniki bilan bir bo‘lg‘an holda o‘zining ishchi bolalarining ko‘ngillarini ochub, ruhlarini yuksaltirg‘usidir.
Cho‘lpon
«Ishtirokiyun» 1920-yil 7-noyabr.
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|