Siyosat maydonlarida

Siyosat maydonlarida (1923)
by Abdulla Qodiriy
334246Siyosat maydonlarida1923Abdulla Qodiriy

Sarlavhani o‘qug‘ach, Puanqaraning lo‘ttisidan, Kerzo‘nning Turkiyaga qilayotqan oliftaligidan eshitamiz, deb ko‘nglingiz aynar. Voqi’an bu to‘g‘rida ko‘nglingiz aynab, hazmi qiyin bo‘lg‘an Yovrupo yirtqichlarining kurakda turmag‘an siyosatlarini «voq» etib qusub yuborishg‘a ham haqlidirsiz. To‘g‘risi ham bu it emganlarning tutqan siyosatlarini har qanday Sharq bolasi osonlik bilan hazm qila olmaydir. Bunday zahar-zaqqum olud siyosatni ilon katleti, chiyon somsasi yeb, Lo‘ndo‘n resto‘ranlarida nash’u namo qilg‘an Kerzo‘n cho‘chqaning nozik me’dasi hazm qilmasa, egasi o‘lgan eshakning go‘shini (Germaniyani) Puanqaraning ko‘ngli tortmasa, bunday palid va najas siyosatlarni ishchi xalqining kasbi halolg‘agina o‘rgangan me’dasi ko‘tara olmaydir.

— Yevrupo baloxo‘rlari, o‘z ora «Oling quda-bering quda»larni qachong‘acha mazlum Sharq hisobiga qilar ekanlar? — deb so‘rarsiz, albatta. Bu savolingizdan nechog‘liq sabrsizlik va samimiylik islari dunyoni tutqanidek buning javobi (agar o‘zingiz, basharti ahli saloh sinfidan bo‘lsangiz, ko‘zingiz uzoqni ko‘rub, qulog‘ingiz inqilob qiyqurug‘ini eshitsa) ham yerdan, ham ko‘qdan, ham tog‘dan, ham toshdandir.

Qachonki bu muttahamlarning balosi o‘z ichidan chiqadir: qachonki Yevruponing ishchi degan sinfi xurujga keladir; ana shu vaqtda bu Sharq yelkasiga minib olg‘an ro‘dapolarning miya qatig‘i burnidan kelib, joyi jahannamdan belgulanadir. Ammo shunda ham Sharq og‘zing qani deganda burnini ko‘rsatib o‘lturaturg‘an bo‘lsa, qassobdan go‘sh olib baqqol bilan gaplashsa, madaniyat degan lash-lushdan qirq gaz nariga qochishni qo‘ymasa, yaxshisi shuki, o‘zining issig‘ o‘rnini sovutmasun, eshak aravasini tortabersun!..

Luzonchi muttahamlar bilan Turkiya vakillari «bordi-keldi»si masalasiga kelganda, muttahamlarning lo‘ttisi juda ham eshak miya yegan darajadadir.

Butun dunyodan o‘ziga ko‘makchi izlagan Turkiya o‘z yonida Rusiyadan boshqasini ko‘rmaydir. Bizning Checherin bo‘lsa Turkiyaga yurak berib:

— Shallaqilarning do‘qidan qo‘rqma! —deydir.

«Yalang‘och suvdan toymas» deydilar. Turkiya butun dunyoning birinchi yalang‘ochi bo‘lg‘anliqdan olabo‘jilarning har bir «Vahimalik kartinka»sini ko‘rishga hozirdir.

Julqunboy

«Mushtum» — 1923 yil, 2-son, 2-bet


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"