So‘z, qaror va ish

So‘z, qaror va ish (1921)
by Hoji Muin
334464So‘z, qaror va ish1921Hoji Muin

Maorif va madaniyatga nihoyat darajada suvsag‘on Turkistonda uch yarim yilliq inqilob davrinda ezilgan xalqning taraqqiy va taoliysi uchun nima ishlar qilindi, qanday muassasalar vujudga keturiddi?

Bu ulug‘ savolg‘a achchig‘ bo‘lsa-da, tubandagi so‘zlardan boshqa to‘g‘riroq javob topolmaymiz:

Bu uch yarim yillik inqilobiy davrda ko‘p so‘zlar so‘ylandi. Mitinglar qilindi, tashviqotlar etildi. Va g‘oyat yaxshi qarorlar chiqarildi. Lekin yo‘q darajasinda oz ish qilindi. Maqtanurlik va iftixor eturlik ishlar hanuz ishlanmadi.

Xalqning oldin borishi, yurtning tinchlanmog‘i va kuchli bo‘lmog‘i maorif, askarlik, iqtisod va dehqonchiliq ishlarining tuzuk bir-biriga qo‘yilishi bilan bo‘ladurkim, maaltaassuf, bu to‘g‘rilarda hanuz xalq uchun foydali va ko‘zga ko‘rinurlik ishlar qiling‘on emas.

Maorif ishlari g‘oyat parishon bir holdadir. Maktab bor, durust muallim yo‘q. Talaba bor, lekin unga keraklik kitob yo‘q yoki maktabda kifoya etaturg‘on asbob (misol, parta, pechka, o‘tun) yo‘q. Bu holda biz maorif ishlari tevishli yo‘lg‘a qo‘yilg‘on deya olmaymiz. Askarlik jihatidan holimiz undan ham yomondir. Holbuki, yurtni saqlamoq va xalqning tinchligini tayin etmak uchun askar kerakdir. Turkistonning yerli aholisindan askar olmoq uchun markazda yaxshi qarorlar chiqarilg‘on va bultur askar olina boshlag‘on bo‘lsa-da, bu ishdan hanuz yaxshi bir natija ko‘ra olg‘onimiz yo‘q.

Agar bizning boshqa qaror va ishlarimiz ham shuningdek e’tiborsiz va natijasiz o‘tub keta bersa, biz bu hol bilan dunyoda hech bir ish qila olmaymiz.

Ziroat ishlari avvalgi holidan ham necha daraja keyinda qoldi. Biz inqilob davrida ziroat ishlarini bir yo‘lg‘a solmoq o‘rnida dehqonlarni taladiq. Ot va ho‘kizlarini oldiq, otryadlar yuborib dehqonlarni tayoq osti qildiq, xotun, bola-chaqalarining or va nomusig‘a tajovuz etdurdik. Muning bilan ularning ko‘nglini ishdan sovutdik. Oxiri, bu ishlarimizning xato ekanligini bilib endi alar bilan to‘g‘ri muomala etarga boshladiq va alarga yordam bermaklik lozimligini angladik.

So‘z manosabati kelgach, «Til masalasi»dan bir oz yozayluk.

Turkistonda aksar aholi musulmon bo‘ldig‘i e’tiborg‘a olinib, mundan uch yil burun turkcha til — rasmiy davlat tili deb e’lon etilsa-da, buni amalg‘a kirgizmak uchun hanuz jiddiy tadbir ko‘rolmadik. Balki bu «eski hammom-eski tos» mazmunicha ko‘p mahkama va idoralarda hanuz rus tili hukm farmoyishdadir.

Hukumatning idora va mahkamalarida turkiy tilni ishlatmak uchun boshlab tarjimonlar, mirzolar va buxg‘altirlar yetishdurmak kerak edi va muning uchun kerakli ishlar hozirlamak lozim ediki, maaltaassuf, bu ishlar bu kungacha ishlanmadi. Shuning uchun bu qaror va buyruq-dan ham yaxshiroq natija chiqmadi. Yuqoridagi bayonotdan ma’lum bo‘ladikim, biz hanuz «so‘z» va «qaror» davrida bo‘lib, bu uch yarim yilliq inqilob zamonida buyruq, qarordan boshqa jiddiy va foydali biror ish qila olmag‘on va boshlag‘on ishlarimizni tinchlik bir yo‘lg‘a qo‘ya olmag‘on ekanmiz. Endi quruq so‘z va qarorlardan to‘ydiq. Endi bizning ishlamakimiz kerak. Va ish bilaturg‘on ishchilar yetishdirmog‘imiz kerak!

«Mehnatkashlar tovushi» gazetasi, 1921 yil, 26 may


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"