Tama’ yulbarsni chibin qilur

Tama’ yulbarsni chibin qilur
by Sidqiy Xondayliqiy
333869Tama’ yulbarsni chibin qilurSidqiy Xondayliqiy

Dehqon o‘g‘li sog‘ o‘l, mudom yasha,
Shodliq birla subhu shom yasha.
Yashasang barcha el topar rohat,
Izzat avjida neku nom yasha.
Ostonangda baxt yostansun,
Tole’ing birla bo‘l tamom yasha.
Necha davr o‘tkarib jahon ichra,
Zoli Rustamcha xushxirom yasha.
Oy ila kun kabi bo‘lib porloq,
Xizmat et elg‘a, vassalom yasha…

Mehnat aylab jahonni qil obod,
Bitti qullik, hama bo‘lub ozod.
Nikalay davrida eduk chun qul,
Ohimiz ani ayladi barbod.
Tushti turli balo xaloyiqg‘a,
Goh-gohi ul baloni ham qil yod.
Etti yil bo‘ldi yurtimizda qahat,
Shod ko‘ngullar o‘ldi, yillar noshod,
Ey ko‘zim nuri, mehnat etgan chog‘,
Charchabon, horibon dema hech dod.
Meni qoshimdadur harom tama’,
Eldin umid uz, o‘lma xomtama’.

Mehnat aylang hamisha, ey o‘rtoq,
Ketmon ushlab, qoborturing barmoq.
Xor qilg‘ay kishini yalqovliq,
Yarashmas uyda yalpayib yotmoq.
Osh yeganlarni luqmasiga qarab
Tish kirini so‘rub, tomoq qoqmoq.
Yaxshidur bu kabi fano ishdan,
Mard o‘lub tog‘u cho‘lda qo‘y boqmoq.
Boyga bo‘yin egib yema qazisin,
Qora non yesang ishlab, ul xushroq.
Meni qoshimdadur harom tama’,
Eldin umid uz, o‘lma xomtama’.

Ertadan kechgacha ishlasang bir non,
Boyni minnatlaridan ul oson.
Bezakotlarga qad egib toki
Bo‘losan, ey faqir, misli kamon.
Har ish etmoqqa bo‘l chaqin yanglig‘,
Sudralib yurmagin gangib, ey nodon.
Bir masal bor: «Qimirlagan qir oshar»,
Uyqudan tur, bo‘l emdi yo‘lg‘a ravon.
Ushla maqsad etogini mahkam.
Ishchilarni safida qil javlon.
Meni qoshimdadur harom tama’,
Eldin umid uz, bo‘lma xomtama’.

Sudralib yurma, o‘lmag‘il bekor,
Ore, «Bekordin xudo ham bezor».
Ish qilib, non topib yesang yaxshi,
Xoh yo‘lg‘a suv sepu, qish kura qor.
Kelsa qo‘ldan rahm qil ojizg‘a,
Bo‘lsun ul xoh do‘st, xoh ag‘yor.
Negakim bandasan banogohi,
Senda ham ulcha ojiz o‘lmoq bor.
Sotma nonga baholi nomusing,
Bo‘lma dangasa-yu, yema murdor.
Meni qoshimdadur harom tama’,
Eldin umid uz, o‘lma xomtama’.

Ishlamay yursang o‘lasan bangi,
Ko‘knori, qaroqchi, nayrangi.
Kir bosib, bit bosib libosingni,
Xor o‘lursan, ketar yuzing rangi.
Erta-kech yelkang uzra yirtiq to‘n,
Bo‘ladursan gadoni hamrangi.
Pora nong‘a sotilding, ey bejon,
Yo‘q ekan senda odamiy nangi.
Uyg‘on endi, qachongacha yotasan,
Ishla, ketsun yuzing qora changi.
Meni qoshimdadur harom tama’,
Eldin umid uz, o‘lma xomtama’.

Sidqiyo, mujdai bahor kelur,
Go‘yiyo bo‘yi lolazor kelur.
Men kibi mehnat ahlining iydi —
Bo‘lg‘usidur, bahoru yor kelur.
Har taraf sabza, tifl o‘ynashibon,
Tog‘ bag‘rida naysuvor kelur.
Ishlagil jonu tan bilan tirishib,
Demag‘ilkim yana bahor kelur.
Meni qoshimdadur harom tama’,-
Eldin umid uz, o‘lma xomtama’.

Barcha el qahramoni mehnatkash,
Balki, onlarni joni mehnatkash.
Meni oldimda shohdin yaxshi,
Bo‘lsa ham el yomoni, mehnatkash.
Arslondek o‘z ustig‘a olg‘ay
Barcha javru jafoni mehnatkash.
Beva-bechoralarg‘a qilsa madad,
Sen degaysan chin oni mehnatkash.
Uyalib tashlasin gadolig‘ni,
Ayla, yorab, gadoni mehnatkash.
Meni oldimdadur harom tama’,
Eldin umid uz, o‘lma xomtama’.

Mehnat etmas ersang bo‘lursan tang,
Aylarsan bola-chaqang bila jang.
Ancha tashvish aro qolib boshing,
Bo‘lasan ish qilolmay anda garang.
Ta’bing oyinasi g‘uborlashib,
Xira bo‘lg‘usi olib, ya’ni zang.
Misli tog‘ boshingga tushub tashvish,
Ojiz o‘lg‘ung esang, agarchi palang,
Ishla arslon kabi bo‘lib, hayqirib,
Ishlamas esang ushbu qattig‘ nang.
Meni qoshimdadur harom tama’,
Eldin umid uz, o‘lma xomtama’.

Yaxshi bo‘ldi zamona, ey Sidqiy,
To‘ydimiz barcha nona, ey Sidqiy.
Ul kabi hodisa ulus boshiga,
Kelmasun yona-yona, ey Sidqiy.
Qancha yozg‘on bilan tuganmaydur,
Ya’ni, sig‘mas bayona, ey Sidqiy.
Meni qoshimdadur harom tama’,
Eldnn umid uz, o‘lma xomtama’.

1917—24

This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:

  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"

Public domainPublic domainfalsefalse