Tan berdim
(«Umid uchqunlari» shoiriga)
Tan berdim men, unadim men senga, senga, ey yosh kuch!
Haqiqatan bu kelishing zo‘r isyon!
Umid bilan zich to‘libdir hamiyon.
Qanotlaring qarshi yelni sezmaydirlar, yuksal! Uch!
Yer kunini ko‘kka ber!
«Yunkers» Marsga bormoqchi,
Bo‘shliqlarni olmoqchi,
Qanotingni kengroq ker!
Tomiringda isyonchi qon to‘xtamasdan yugurib
Seni doim bir talvasa quchog‘ida saqlaydir.
Alangali tili bilan «kelgusi»ni haqlaydir.
Sen ham bukun yuzlaringni kelgusiga o‘girib,
Uni maqtab-alqaysan.
O‘tganlarga yomon gina saqlaysan…
Bizlar faqat o‘tganlarga bog‘lanib,
O‘tganlardek asta-asta yo‘q bo‘ldik.
«Ko‘ngil» dedik, ko‘ngillarda «kul» bo‘ldik…
O‘tganlarning kafaniga chulg‘anib,
U olovli ko‘zlaringga qarasam,
Hamiyondan uchib chiqqan uchqunlarni sanasam,
Isyon o‘qi o‘lik tanga kirmasin,
Otguvchisi yosh
Vatandosh bo‘lmasin!..
Andijon. 1925, 27–mart
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|