Tarjimai hol (Hamza Hakimzoda Niyoziy)

Tarjimai hol (1926)
by Hamza Hakimzoda Niyoziy
334517Tarjimai hol1926Hamza Hakimzoda Niyoziy

Otam Niyoz o‘g‘li 1836 yilda tug‘ilib, 16 yoshinda dehqonlig‘in tashlab, Buxoroga borib, eskicha xalq do‘qtiri bo‘lub qaytg‘andur. Shu yili Avvalda mening onamga uylanib, Ho‘qand kelib turg‘un bo‘lgandur. Mana men shul oiladan 1889 yilda tug‘ulib, otam o‘qimishli bo‘lsin uchun 1898 yilda o‘zbekcha, forschaga tom savodli bo‘lib, 1899 yildan 1906 yilg‘acha madrasada eski usul bilan dars o‘qishda davom etdim.

1907 yili, otam haj ketishi munosabati ilan, birga Qashqarg‘acha uzatish munosabatila sayohatga borib, birinchi martaba «Vaqt», «Boqchasaroy» gazetalarini o‘qishga shundan o‘rganib qaytdim. Shundan boshlab kundan-kun eski xurofotlarni, madrasa o‘qishlarini, xalq tirikchiligidag‘i o‘zgarishlarni, madaniyat, iqtisod degan masalalarni tekshirishga kira boshladim.

Madrasani tashlab, biror tomong‘a ketib o‘qush havasi menda naqadar kuchli bo‘lsa, otam shu zamonning eng faqir kishilaridan bo‘lg‘an uchun iqtisod meni shu qadar kuchsiz qiladur edi. Lekin musiqaviy lahn (ashula tuyg‘usi), she’r yozishga dardlanish tag‘in eskiroqdur.

1897, 1898 yillardan oila ichinda masnaviy, Hofiz, Bedil, Yusuf Ahmad kabi she’riy risolalarni ota, onalarg‘a o‘qub berishda o‘rnashgandurki, 1905 yil yapon muhobirasi uchun lahn yozilg‘an bir she’rim, 1899—1900 yillarda yozilg‘an she’riy yozishmalarim saqlanib keladur.

Axiyri 1908 yilda Namangan borib, 7—8 oy tahsil etganimdan so‘ng hozirgi maorif (Namanganda) rahbari Abdulla To‘qmullin bilan tasodif etib, undan yaxshi rahbarliklar oldim. Ul menim qo‘limda o‘z qalamim bilan yuz sahifadin ortig‘roq eski usuldag‘i she’riy yozishmalarimi ko‘rub, tarbiyag‘a kirishdi. Menim tashabbusim bilan shunda 16 kishilik qurs ochib, Hodi Maqsudiyning arabiy lisonindagi hisoblariga o‘xshash asaridan 3 oy davomda o‘rtachaga yaqin arabchadan, uchinchi sinfga boshqa fanlardan hozirlana oldim. Shul vaqtda otamg‘a yozg‘an arabcha maktublarim butunisicha saqlanib keladur. 1905 yil rabochiy inqilobini ham men shunda o‘rgandim. Qo‘l matbaasi bilan mayda risolacha, e’lonlar chiqarib turuvchi bir tatar yigiti bo‘lub, men har haftada bir-ikki uning bilan suhbat qiladur edim. Ul meni xiyli dardlag‘an bo‘lsa kerak, shul kundan boshlab, eski podsholar turmushidan bir «Haqiqat kimda?» ismli havosiz operalik roman yozg‘an edim, o‘g‘urlatdim, bugunki, topilmaydir. Bundan buyong‘i she’rlarim milliy va inqilobiy tuslarin ola boshladi.

1909 yilda Buxorog‘a Ikromcha domlada arabchani tamomlash uchun bordim, lekin mumkin bo‘lmadi. Chunki buxoroliklar bilan shialar janjali bo‘lub, Kogon matbaasida qochib bir oy ishlab, Toshkand keldim. Shu kundan boshlab milliy anjumanlarg‘a qatnasha boshladim.

1910 yilda Qashqar darvoza mahallasida birinchi marta usul savtiya maktabi ochdim. Shu kundan muallimlikka kirishdim. 1911 yilda Ho‘qandda ochib, bir yil davom etgandan keyin, 50 so‘m aqcha to‘plab, Afg‘oniston, Hinduston, Makka, Madina, Shom, Beyrut bilan sayohat qilib, Stambulg‘a o‘qishg‘a kelgan bo‘lsam ham, o‘zim biletsiz qochib borg‘an uchun, otam hamda bir rus qizidin uylang‘an oilam yuborgan ochulik xatlaridan qo‘rqub, qaytdim.

1914 yillarning oxirlarinda hozirgi «Farg‘ona» gazetasining muharriri o‘rtoq Oxundiylarning g‘ayrati bilan Marg‘ilonda maktab ochdim. Sakkizinchi oyg‘acha bormay, Andreev ismindag‘i Skobel maorif rahbari tomonidan majburiy yopildi. Bunga sabab Marg‘ilonda avvaldin davom etib turgan maktab hamda tuzemniy — rus maktabi muallimi Qudratilla qorining Andreevga berib turgan axboridir. Undan yana Ho‘qand kelib, bir qancha o‘zimga yaqin kishilar to‘plab, ularning yordami bilan yo‘qsul bolalar uchun pulsiz o‘qutush maktabi ochdim. 20—30 keyin 15—16 kishi bir oygina yordam berdilar; o‘zim 4 oycha davom ettirgandan keyin, uyaz nachalnigi (Medinskiy) tomonidan tintuv bo‘lub, yopildi. Lekin hech bir qanday qog‘ozlarim qo‘liga tushmag‘an uchun qamalmay qutuldim. Hozirda ham shul iona varaqlar imzolar bilan saqlanadur. Undan so‘ng kechki qurs davom ettirub yurub, 1915 yilda yana majlis chaqirib, kitobxona, qiroatxona kabi masalalarni hal qilib, «G‘ayrat» isminda kitobxona ochdirdim. Bundin maqsad bugungacha yozilg‘an asarlarimi ba’zilarin o‘z sarmoyam bilan bosdirg‘an bo‘lsam ham, ular maydaroq bo‘lub, boshqalarin shul kitobxona ismindin bosdirish edi. Lekin kitobxonamiz ochilg‘andan so‘ng, 1910 yildan beri menim majlis va maktablarimg‘a butun kuchi bilan qarshi kelib turg‘an boyvachcha unsurlar kirib qolib, asarlarim uyonda tursin, o‘zimni ham surub chiqardilar. Hozirda materialim bilan birga biluvchi hayot kishilar hammalari deyarlik bordur.

1917 yilg‘acha asarlarimni bosdirish, asar yozish, gazetaga maqola yozish, loshmon voqealari haqida turli majlislar qilish bilan davom etdim.

***

1917 yil fevral inqilobi kirgandan keyin turli tashkilotlarda xizmat qilib yurib kelganman. «Kengash» isminda jurnal chiqardim. «Kengash»ning 2-nomerig‘a yoziladurgan ba’zi maqolalarimning boylar, ulamolar shaxsiga doir bo‘lg‘ang‘a boyvachcha unsurlar qarshi turub, meni chiqardilar. Undan so‘ng o‘zim alohida tashkilot ochib, «Hurriyat» jurnali chiqardim. Bu ham shunday qarshulik orqasinda 5-nomeridayoq mendan oldilar. Undan so‘ng, potrebitel ochdik. Undan ham maqsad kambag‘allarni to‘plash edi. U ham qo‘ldan ko‘chdi. Undan Sho‘roi islomning ozuqa sho‘basiga kirib olib, Ittihod ta’min jamiyati tashkil etdik.

Bir yoqda 1917 yilning 28 mayida Qalandarxonada 400 ga yaqin rabochiylarni to‘plab, zo‘r namoyish qilib, rabochiy, mehnatkashlar jamiyati tashkil qildik. Axiyri bunga ham boyvachcha unsurlar kirib, buni ham bulg‘ashtirdilar. Bugungacha davom etmoqda bo‘lg‘an «to‘rtinchi»lik unvonining bosh muassislari shul tashkilotdir. Hozirda menda da’vatnomalari saqlanadur. Undan so‘ng, maqsadim bo‘lmag‘ach, Turkiston ketdim.

Turkistonda Qalmikov degan bir zavod rabochiysi bilan o‘zimi ovundirib, soat kutadur edim. Oz o‘tmay, Oktyabr inqilobi boshlandi.

1918 yil Ho‘qandda muallimlikda davom etdim. Undan Skobelga yuborildim. Skobelda nahori maktabda davom etdim …lekin undan chiqib, Skobeldagi madaniy-maorif tashkilotig‘a kirib, muzika to‘dasining yonida teatr to‘dasi tuzdim. Shu kundan boshlab Sayyoriy truppa ishig‘a aylanib, bir tomonda, rejissorlik, artistlik, suflyorlik, ikkinchi tomondan, muallimlik, tashviqotchilik, muharrirlik bilan Qizil arvot frontig‘acha borib, 1920 yilg‘acha harbiy tashviqot-targ‘ibot bo‘limlari qaramog‘inda xizmatlar etib keldim.

1920 yilda yana Ho‘qand kelib, firqaga kirib, yana maorif qaramog‘inda internat mudirligi, muallimlik, rejissorlik bilan davom etib, Farg‘ona frontlarida xizmat etdim.

1921 yilda bosmachilar haqlarida yozilg‘an asarlarim, havolarim, she’r, maqolalarim haqinda chidamay ochiq hujumga tiklanganlarin bilib, Farg‘ona obkomi (orqali) Buxoro va Xorazmga sanoyi nafisa materiallari to‘plamoq uchun komandirovka qilindim.

Buxoroda maorif, harbiy agitprop qo‘lida truppa tashkil qilib, Buxoro mahkamalarida 1921 yil oxirig‘acha xizmat qildim. Sentyabrda tif bilan og‘rib, Toshkand kelib, noyabrda Xorazm ketdim.

Xorazmda profsoyuzning madaniy-maorif sho‘basida 1922 yilg‘acha xizmat qilib, undan maorifg‘a olinib, teatr ishlariga, agitpropga o‘tib, xizmat qildim. Undan o‘z xohishimcha o‘zbek adabiyotidan foydalanish uchun Xo‘jayli viloyatig‘a komandirovka bo‘ldim.

Xo‘jaylida 1924 yilning iyul oylarig‘acha qozoq internatida davom etib, 1924 yil iyulda Farg‘ona obkomi ham oblispolkomi tomonidan yuborilg‘an telegram va kishilar bilan Farg‘ona obkom ham oblispolkom ixtiyoriga qaytdim.

1924 yil sentyabridan Farg‘ona maorif qo‘mitasi qaramog‘indagi ong-bilim sho‘ba muovini tayin bo‘lub, bir tomondan, Farg‘ona sayyor truppasi tashkil etdim.

1925 yil sentyabriga qadar otpuska olg‘an so‘ng (1912 yildan 1925 yilgacha olgan istirohatim shul), markaz maorif vakolatiga borib, ishdan charchag‘anim hamda tabiatimdagi kompozitorlikni o‘sdirish hamda bugunga qadar yig‘ilg‘an materiallarni yo‘qolg‘andan qolg‘anlarin radlash hamda o‘zimning asarlarimni to‘plash xususinda arizalar berib, o‘zimni bo‘shatdim.

1925 yil 10 avgust oyinda bo‘shalgandan beri Farg‘ona tumanining Avval qishlog‘ida mahallaga rahbarlik, qizil choyxona, ko‘pruk, mana shunga o‘xshash qishloq xo‘jaligi ro‘zg‘ori, madaniy, siyosiy onglarig‘a taallug‘i bo‘lgan xizmatda davom etib kelmoqdaman.

Qishloqda turushdan maqsadim: qishloq ro‘zg‘ori, tabiat boyligi bilan tanishuv bilan birlikda qishloq turmushidan sahnalarga pesa hozirlamoqdir.

Mana, menim hozirgi qisqa mufassal tarjimai holim. Kengroq tarjimai holim haqinda ba’zi jurnallardan maktub orqali so‘ramoqdadurlar. Ba’zilarin jurnaldan ko‘rish mumkin bo‘lg‘andek, yaqinlarda o‘rtachagina bu haqda o‘zim bir roman yozmoq o‘yindadurman.

1926


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"