Teatr – tomosha

Teatr – tomosha (1921)
by Abdulhamid Choʻlpon
335246Teatr – tomosha1921Abdulhamid Choʻlpon

Shanba kuni – dekabrning 3-nchisida “Yetimxona” sahnasida mashhur boshqird qo‘shiqchisi Aziz al-Hamid (Al-Mahmud) bilan totor cholg‘uvchisi Saydashevning konsertlarini tomosha qildik.

Aziz al-Hamidning konsertlarini birinchisi emas, bir nechanchi martaba ko‘ramiz. Shuning uchun so‘zning to‘g‘risi, bu konsertning bizga ko‘p sovuq ta’sir etganini aytmakka majburmiz. Negakim, Aziz o‘rtoq bu yo‘li sahnaga istar-istamas chiqqon kabi edi. Uning totor va boshqird tomoshachilarining ko‘ngillarida chuqur iz qoldiraturg‘on uzun va cho‘ziluvchi boshqird ko‘ylari bu yo‘li bundan ortuq bo‘lmadi. Uni eshittirgan yana bir uzun kuyida sharq qayg‘usi, sharq tushkunligi sira yo‘q. Allaqanday yot bir nusxa…

Xayr, bularni qoldiraylik.

Bu konsertda yangi bir “ijod”, yangi bir usul ko‘rildi. Ul-da esa boshqird-totor qo‘shiqchisi Aziz al Hamid (Al-Mahmud) tarafidan eski o‘zbek kuylarining buzilmog‘idur.

Bu bobda ent boshda o‘qilg‘on mashhur (qashqarcha) kuyi naqadar buzuq, naqadar g‘ayritabiiy, ovrupolashtirilg‘on va qo‘pol edi! (Boshqirdcha) kuy eski o‘zbak kuyidir; ilgari el orasida ko‘p tarqalg‘on bo‘lsa-da, so‘nggi choqlarda yo‘q bo‘lib ketayozgan edi. Birdan oraliqda Farg‘onaning mashhur Muhiddin qorisi chiqdi va shuning sahnaga chiqishi bilan bu kuy yana taraldi. Ana ingichkalik, istagan ko‘ngillarni zavqlantirdi. Bu kuyni biz Al-Mahmud o‘rtoqdan eshittach, yana qo‘l ko‘tarib duo qildikkim, bu bechora kuyning taralganidan o‘lgani yaxshi ekan deb. Bundan so‘ng aytilgan va Hamza Hakimzoda ijodidan bo‘lg‘on (“Gʻayratsiz Turkistonim”) kuyi oz zafar bilan o‘tdi.

Eng so‘ng aytilgan Gʻulom Zafariyning “Erk bolalari” operasidan oling‘on mashhur “Yor-yor” kuyi esa qashqarchaning qatoriga chizildi. Mayda tafsilotlarga kirishmayman, ular juda ko‘pdir. Yоlg‘iz shunisini aytamankim, kechadan na totor, na boshqird, na o‘zbek mamnun bo‘ldi. Bu kechada Al-Mahmud o‘rtoq naqadar ruhsiz ko‘ringan bo‘lsa, rus va ovrupo kuylari bilan totor kuylarini birga qo‘shib, ikkalasidan “atala” pishirgan Saydashev o‘rtoq yana undan-da ruhsiz ko‘rindi.

Bir og‘iz so‘z uchun o‘rinsiz yerda turli “kulgi” harakat yasalg‘on artistchilikning qiliqlaridan gapirmak ham ortiqchadir.

Qalandar

“Buxoro axbori” gazetasi, 1921-yil, 8-dekabr.


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"