Tinch ish (1920)
by Abdulla Qodiriy
334101Tinch ish1920Abdulla Qodiriy

I

…Endi bu zot ham ulamodan biri edi. O‘z ahli tarafidan varasatul-anbiyo qatorig‘a kiritilgan uchun mertuq-sertuqlarning falon-tuganiga quloq soluvning ham luzumi yo‘q edi. Yigirma besh-o‘ttuz yilni madrasa tuprog‘i yalab o‘tkargan bir kishini, tabiiy, bizda ulamo qatorig‘a kirguzmay hol yo‘q. Ham ana shu madrasa tuprog‘ini o‘ttuz yil yalab, shul tuproq yalov ajrini ham olg‘an edi. Avom o‘rtasinda bo‘lsun, ulamo orasinda bo‘lsun ul «Domla Sharif Oxund» bo‘lub tanilg‘an va bu ismni eshitkan, yetti yashardan yetmish yasharning ko‘z oldig‘a katta salla, uzun chopon, semiztan, o‘ng qo‘lining yengidan to‘rt ellik tasbih uchi ko‘runub turg‘an, qib-qizil barkash yuz, moshkichiri soqol bir zot kelib bosar edi.
Bu zot diniy bir olim bo‘luv ustig‘a siyosatdan ham xabarsiz emas edi. Amrika, Girmoniya, Ongliya, Yapo‘niya, Faransiya, Belgiya, shuning kabi har davlatlarni yodlab bilar edi. Bunlarning hunarlarigacha ayrim-ayrim ajratar edi. Masalan, Amrika, o‘zi faranglarning bir tabaqasi, ya’ni qabilasi. Hunari: amirkon teri ishlaydir. Amirkon paxtani ham shu chiqarg‘an. Girmoniya to‘b to‘pxona, urush aslahalarini ishlaydir. Osmon popurini ham shu kofir chiqarg‘an. Ongliya — bu juda hunarmand, lokin o‘zining yer yuzinda joyi yo‘q. Ammo dengizga shaharlar bino qilg‘an. Shuning uchun dengizlar podshosi deb aytadirlar. Faransiya yoki Farang — bu o‘zi mayda-chuyda ishlarga juda ham usta bir kofir; farangi igna, moshina, farangi ib, gramafon, nag‘ma va shunga o‘xshash allaqancha ajoyib, g‘aroyib narsalarni chiqarg‘an. Yapo‘niya — o‘rusdan Po‘rt-ortirni olg‘an…
Ana bunlar endi chet qironlar to‘g‘risida bilgan siyosati. O‘zimizning yaqin qironlardan, masalan, Xitoy, Turkiya, Buxorolar haqqinda yetti yoshliq vaqtindan beri ma’lumoti bor. Xitoy — hunari xitoy qog‘oz, ipak jujum, jonon piyola… nufusi juda ham ko‘b, na hisobda, na kitobda bor.
Samarkentni olmoqg‘a qo‘shun tortg‘anda yo‘l ustida daryoyi Nilmi, Jayhunmi degan bir daryog‘a to‘g‘ri kelar ekan. Daryoni ko‘pruksiz ko‘rganda ijrg‘amig‘a kelturmay cherigini suvg‘a bosib, odamdan ko‘pruk qilib, o‘tub ketar ekan. Mana, ko‘bligi shuncha ekan!
Turkiya — yer yuzining sultoni, ahli kuffordan boj xiroj oladir. Qahru-g‘azabidan zaminu zamon, makinu makon titraydir. Odamlarini uch yuz otmish kun ro‘za, yigirma to‘rt soat namoz o‘quvchi «avliyo» deb biladir. (Bu yerda muallimchilik qilib yurg‘an asir turklarni ul turk deb bilmaydir. Balkim yolg‘ondaki turk oti ostig‘a yashiringan kuffor, din buzuvchi, armani deb bilganidan ushbu mal’unlarga ergashib yurg‘an musulmon bolalarig‘a chin ko‘ngildan achinadir…) .
Buxoro to‘g‘risinda so‘ylav kerak emas, hammamizga belgili: boshqa islom shaharlariga ko‘kdan nur yog‘ilg‘an holda, shu shaharlarga yog‘dirmoq uchun Buxoroi sharifdan farishtalar orqali ko‘kga nur chiqarilur ekan!..
Mana, aning siyosatdan, inglizning bir yuz siyosiyunidan ortiq ma’lumoti.
O‘zi mudarrislikka saylanmasdan ilgari oq podshohg‘a nima uchundir mastravoylar kabi dushmanliq saqlab yurar edi. Allanarsamof degan to‘ra yog‘indan mudarrislikka «ukaz» berilgach, oq podshohning xaqig‘a qo‘l ko‘tarib, duo qilg‘an kundan boshlab o‘zidan Nekalayga bir xayrixohliq seza boshlaydir. To‘g‘ri kelgan yig‘inlarda podshohliqning nisfi nubuvvat deganlar, kofir bo‘lsa ham «nubuvvat», ya’ni payg‘ambarlikning nisf quvvati bor, deb oq podshohni yuqori ko‘tarib qo‘yadir.
Orada urush boshlanib, Turkistonda «rabochiy» masalasi qo‘zg‘alganda g‘alayong‘a kelgan xalqg‘a: «Podshohning amri vojib, ma’noi vojib farzlig‘inda ozg‘ina shubha bor, ma’noi farz amri ilohiy», deb hayajondan to‘xtaturg‘a tirishadir. Girmon unday hunar ko‘rsatibdir, oq podshohning buncha shahrini olibdir, degan xabarlarg‘a sira ishong‘usi kelmay: «Yaxshi, Girmonning yuz o‘n besh gaz to‘pi bor, men buni Girmonning o‘zidan-da yaxshiroq bilamen, ammo u g‘arqi ohan bo‘lsa ham Rusiyaning bir tola mo‘yini kam qila olmaydir. Rusiya bunga o‘xshash Girmonning bir yuzi bilan urushib ko‘rgan, oq podshoh emdi er nazar qilg‘an deb yuradir.

II

1917 yil fevral so‘nginda inqilob boshlanib, oq podshohimiz taxtdan tobutg‘a olinur. Birinchi martdan boshlab xalq og‘zinda «Nekalay taxtdan tushurulib, yangi hukumat tuzulubdir», degan xabarlar yurii boshlar. Lokin bu xabarlarg‘a bizim «Oxund domla» sira ishonmaydir. Shu xabarlarni so‘ylavchiga qiziq turish bilan: «Ey, sen ahmoq bo‘lib qoldingmi? Oq podshohni o‘rnidan tushurub bo‘lar emish? Yaxshikim bu so‘zni manga aytding, yomonroq kishiga aytsang boshing ketadir — boshing! Damingni chiqarma! Bu xabar mastravoylarning xabari!
— Mastravoy degan kim taqsir?
— Ha, ko‘chalarga tosh teradirganlar-chi, ana shunlarni mastravoy derlar, shunlarning xabariga ishonib bo‘ladirmi?
Oradan o‘n besh kun o‘tub ketadir…
Nekalayning politsa — mirshablari, qozilari, mingboshilari o‘rundan chiqarilib, boshqalar saylana boshlar. Yurtning turushi o‘zgarar. Saylov — yig‘inlarning bir nechasinda Oxund domlamizning ham qatnashishlari bo‘ladir. Oxund domlamizg‘a emdi oq podshohning haqiqatdan taxtdan tobutg‘a oling‘ani sezilur. Lokin bu ishga nima uchundirkim, aning ichi bir turli g‘ash bo‘lib: «Ey xudoyo to‘ba, bu nima degan gap emdi!..» — deb qo‘yadir.
— Oq podshoh o‘rnidan tushurulibdir, «Yangi hukumat» degan hukumat bo‘lubdir. Ammo mana bu «saylov» degan nima degan noma’qulchiliq? Xudoyoto‘ba! Xudoyoto‘ba!.. Odamlarning og‘zindag‘i «Hurriyat» degani nima degan so‘z, yerdan «Hurriyat», ko‘kdan «Hurriyat», bugun saylov, erta saylov! Xudoyo to‘ba! Xudoyo to‘ba!.. Xalq og‘zindag‘i «Hurriyat, hurriyat» degan so‘zga birinchi eshituvda tushunilmasa ham lug‘at ko‘rilgandan keyin bir oz tushunildi.
Oxund domlamiz oq podshohni o‘rundan tushurulib, Kerenskiyning podshoh ko‘tarilganini «Bo‘libdir, bo‘libdir emdi» bilan zihniga sig‘dirsa-da, haligi «Yangidan saylovni» sira miyasiga sig‘dnra olmadi. «Xalq istagicha yangidan saylab qo‘yish» degan gap aning ichini ari kabi taliy boshladi. Nechun ari bo‘lib talamasin. …Madrasasining birinchi mudarrisi etib Allanarsamof yog‘indan berilgan ukazni bekorga chiqarib, Oxund domlamiz o‘rnig‘a boshqani saylaymiz, desalar!.. O‘hhh!..

III

Otun oyimg‘a ukazni olib chiquvni buyurib, o‘zi ayvonga o‘lturdi. Shul vaqtda daruni dildan oh tortib yuborg‘an ham edi. Ukaz qog‘ozi bundan bir yil ilgari sanduqg‘a tushuvda Oxund domlag‘a qanday umidlar bergan bo‘lsa, bu kun sanduqdan chiquvda shu daraja umidsizlik tug‘dirdi.
Otun oyimdan ukazni olib ocha boshladi. Bu qog‘oz yaxshi saqlang‘ani uchun har qabatini ochilg‘an sari shaldirar va bu shaldirov Oxund domlani allanechuk ma’yus etar edi.
Ukaz ochilib bo‘ldi. Domlamizning ruschadan xabari bo‘lmasa ham, hokim mahkamasining mirzasi yog‘indan ukazni berishda: «…Madrasinkiy pervoy mudarrisu gospodinu Mullasharif Oxunu Mulla Zarif Oxunovu» deb o‘qub berishi esiga tushub, o‘shal vaqt butun a’zosi til bilan onglatib bo‘lmasliq bir lazzat bilan jimirlashib ketkani esiga kelib ketdi. «Gospodin pervoy mudarris»ni ta’yin etib chiroyliq qilib qo‘yilg‘an burmacha imzolar bilan semurug‘ qushli tamg‘alarg‘a ko‘zi tushub o‘tdi. Ammo shul vaqt «Hurriyat, saylov» shart etib esiga tushub ketdi. Ukaz qo‘lidan yerga tushub ketayozdi… Emdi bir necha vaqt hushdan ham ketgan edi.
Esi o‘ziga kelgach, ukazni bukliy boshladi. Ukaz: «Meni ko‘rma, ham kuyma!» degan kabi bo‘lub, o‘z-o‘zindan shaldirovsiz buklana boshladi. Otun oyim ukazni sanduqg‘a olib ketmakda bo‘lg‘anida ortidan alvido qilg‘an kabi ma’yusona qarab turar edi. Yana bir gulduros bilan oh tortg‘andan so‘ng oq podshohni o‘rindan tushurg‘anlari uchun mastravoylarga la’nat o‘qudi. Shunday la’nat o‘qudikim: «Shul soat mastravoylarni yer yutsa oq podshoh o‘z o‘rnig‘a o‘lturub, «Hurriyat, saylov»ni yo‘q qilsa, ukaz ukazlikda qolsa!..»
Ammo Oxund domlaning duosi ijobat hadafiga tegudan vaqt o‘tkan edi. Lokin domlaning bu «saylov» tashvishi va mastravoylarga duoyi badi o‘rinsiz bo‘lib chiqg‘an edi. Negakim, ish domlanish foydasig‘a qumorila boshlag‘an, yangi oq podshoh (Kerenskiy) vaqtida domlalarimizg‘a o‘xshag‘an «saylov» sichqonlari uchun har qancha ish qilinsa, maydon ochiq edi. Yolg‘uz… yolg‘uz «yosh» degan bir firqani ish boshidan haydalsa…

IV

Emdi xalq orasig‘a din otidan yoshlarg‘a qarshi tashviqot yurguzila boshlamish edi.
Hozir bizning Oxund domlamiz nima qilur edi?
Domlamizning o‘zi politikan emasmi? Ishning tubiga allaqachon tushunib, yoshlarg‘a qarshi tashviqot dengizinda yuzar edi.
Ish Oxund domlamiz kabilarning foydasi bilan natijalandi. Emdi Oxund domlamizning og‘zi qulog‘ida, «Din buzuvchi dahriy yoshlar!» degan jahr og‘zidan favvora urub chiqadir. Domlamiz masti loya’qil, hozir domlag‘a Nekalay zolim, Kerenskiy odili a’dal ukazning ham bir tiyinlik qiymati yo‘q, tilasa mudarris, tilasa qozi, tilasa do‘ma! Vassalom…

V

1917 yilning sentabrlari edi, shekilli… Yangi hukumat qarshisig‘a bolsheviklar qo‘zg‘almoqda… degan xabarlar yuriy boshladi. Ilgarirak domlamiz bu xabarlarg‘a ko‘bda ishonmasa ham keyinrak o‘yliy boshladi. Bolsheviklar haqinda ma’lumot egasi bo‘lmag‘ani uchun undan, bundan surishturmoqg‘a turdi.
O‘ho‘o‘o‘… bolshevik! Yer yutsun, yer yutsun! Dinni bilmasa, boy va ulamo (xoin ulamo)ni yer bilan yakson qilmoq tilasa. Mol-mulkni mushtarak deb bilsa!..
Bu ma’lumotni olg‘ach kecha-kunduz: «Ey bor xudoyo, Kerenskiy hukumatini qiyomatg‘acha oyog‘dan yiqitma!» deb duo qilmoqg‘a kirishdi. Voqi’an hazrat Oxund domlamizning busotdag‘i bor dastmoyalari shulgina edi.

VI

Yigirma nechanchi… oy edi, olamni to‘p gum-gumi, pulemit tartaragi bosg‘an edi. Ikki firqa, ya’ni boy ulamo bilan kambag‘al benavo jon berib jon olmoqda edi. Oxund domlamizda boshqa kamolot kutgandan ortiq bir ravishda bo‘lsa ham yurak degan ne’matdan mahrum bo‘lg‘anlari uchun birinchi miltiq tovshi bilan uzlatni ixtiyor qilmishlar edi. Har bir to‘p tovshi Oxund hazratimizga eshitilgan sari uzlatxonada ichlari shuvillashmakda edi.
Natijada kambag‘al benavo boy va ulamoni yetti qat yerning ostig‘a kirguzub yuboradirg‘an darajada yengdi,.. Bu xabar Oxund domlamizning uzlatxonalarig‘a irsol etilmish. Domlamiz jondan umid uzub, har minut «Kalimai tayyiba» va «Kalimai shahodat»ni virdi zabon etmishlar edi.

VII

Oradan o‘n kun o‘tdi. Oxund domlamiz yo‘q, yigirma kun o‘tdi, daraksiz, o‘tguz kun deganda ayovli yasonni bir hovich qilib, uzlatxonaning eshikidan mo‘raladilar. O‘ttuz birinchi kunda atak-chechak qilib uzlatxona atrofinda sinov uchun yurib ko‘rdilar.
Tadrij ba tadrij ahli ayol yonig‘a boruvni janob haq tinchlik va osoyishtaliq bilan Oxund domlamizg‘a muyassar qildi. To‘p bilan pulemit, bolsheviklarning astahidil tutg‘an siyosati va alalxusus siyosiyunliq Oxund domlamizning yuragini olib qo‘yg‘anliqdan bundan so‘ng siyosatg‘a oralashmasliq ahli ayol o‘rtasinda ahd etildi.
Tinchgina imomgarchilikda davom etila boshlandi. Ilgari bolshevik og‘alarning, kimning otini, kimning molini, kimning yerini tortib oluvlarig‘a qanday ma’ni berishga ojiz bo‘lg‘an Oxund domlamiz «Miftohul-jinon» va amsoli kitoblardan istixroj etib: «Zamona oxir bo‘lib, qiyomat yaqinlashg‘an ekan, bu kungi bolshevik deganimiz ya’juj-ma’juj va yo dobbatul-arz bo‘lur» deb o‘ylar edi. O‘shal vaqtda bunday demakga balkim anish haqi ham bo‘lg‘andir, lokin bu kunda aning ya’juj-ma’juj, dobbatul-arz haqindag‘i fikrlari o‘zgarib, bolsheviklarning ham inson ekanligiga imon kelturdi.
Yaqinda xalq… madrasasiga Oxund domlamiz o‘rnig‘a boshqa bir mudarris ta’yin etildi. Ammo bunga domlamizning sira iltifoti bo‘lmadi. Shuning bilan barobar ukaz ham sandukda unutilib yotadir, balkim esiga kelganda yirtib ham tashlar. Shunday qilib tinchgina imomgarchiligida davom etadir.
Siyosiyunliq vaqti esiga tushg‘anda seskanib ketib: «Yo‘q, shayton ozdirg‘an ekan va yo es ketkan ekan!» deb qo‘yadir. Bugungi imomgarchiligiga kelganda: «Buning o‘zi xo‘b tinch ishde!» deydir. Voqi’an Oxund domlamizning o‘ziga loyiq ish shunisi edi.

Julqunboy


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"