To‘qliq pattasi

To‘qliq pattasi (1935)
by Abdulhamid Choʻlpon
335394To‘qliq pattasi1935Abdulhamid Choʻlpon

(Qishloq taassuroti)

Bu qishloq boshqa ko‘p qishloqlarimizg‘a o‘xshamaydi. Bunda yashovchi dehqonlar o‘z nasibalarini yurib qo‘lg‘a kiritadilar. Tabiat bunda chandirga o‘xshaydi, osonlik bilan berishmaydi. Shunga yarasha odam ham chayir; egilib-bukiladi, cho‘zilib-yiqiladi, harqalay o‘z chidamliligi bilan rizqini qozonadi.

Qishloq hali hu… alla qaylarda, tog‘ oralarida, berkinib yotadi. Tor bir arava yo‘li bilan sekin-sekin yuqorig‘a tirmashib ketarkan, o‘zingizni qalamdag‘i qal’ada deb bilasiz. O‘ngda tog‘, so‘lda tog‘, oldinda tog‘, orqada tog‘… Tog‘lar rayoni! Yuqorilash tomom bo‘lib endi pastlash boshlangandan keyin, tez orada, qishloqning bog‘lari ko‘rinadi. U bog‘larning ko‘pi – tog‘ tepalarida. Odamlar bu yerda ketmon bilangina emas, qazmalar, bellar va bolg‘alar bilan ishlanganlar. To‘rt dona urug‘ sepilaturg‘an yo bir tupgina ko‘chat o‘stirilaturg‘an yerni gajir toshlarning bitishik milklari orasidan tortib olganlar. Tabiat – yovvoyi, havo – yomon, tosh – gajir, zamin – qattiq; yer – balandda, suv – pastda. Mana shunday joyda, odam bolasi o‘z rizqini topib yeydigina emas, har tomonni bog‘larning yam-yashil choyshaib bilan yopib tashlaydi.

Shoir Elbek o‘z qishlog‘ini nazm bilan ta’riflarkan, o‘sha qishloq odamlarining o‘zlariday, sodda tavoze’ – shikasta nafslik ko‘rsatadi. Haqiqatda bu qishloqning muhtasham bir manzarasi bor! Qishloqning bir chetidan o‘tgan kichkina soyning sho‘x suvlari, tog‘lardan kechagina erib tushgan bu yovvoyi bolalar Fuzuliyning lirik she’rlari kabi o‘zini toshgan-toshga urib, jo‘sh va xurush qilib oqadi. Bu doimiy harakat, bu tinmas qimirlash, bu to‘xtamas jo‘shqinlik – ko‘ngillarni g‘alati bir sevinchga, bir zavqqa to‘ldiradi. Ko‘zlarni erkalatadi! To‘rt tomondagi baland tog‘larg‘a qarag‘an sari kishining xayoli qanotlanadi, ular qadar, ulardan yuqorig‘a ketsiz fazolarga ko‘tarilmakchi bo‘ladi!

* * *

Qishloq burung‘i qishloq emas. Har qadamda bir g‘arib machiti va bir miskin imomi bo‘lg‘an “tavakkal” o‘lkasining qishloqi emas. Imomdan boshqa qo‘l qo‘yishni bilaturg‘an birgina kishisi yo‘q qora va johil qishloq emas (qo‘l qo‘yg‘uncha terlab, pishib, oq ko‘pikka tushaturg‘an imom domlalar ko‘p edi burun!). Poraxo‘r qozi, sudxo‘r boy, zuluk mushtumzo‘r, nodon tabib, aldamchi parixonlar bemalol emib yotaturg‘an qishloq emas.

Sosializm o‘lkasining yangi qishlog‘i. Kollektiv xo‘jalikka o‘tgan, hamma bitta uchun, bitta hamma uchun halol-halol ishlay turg‘an qishloq.

Biz kirib borarkan, qizil bo‘yinbog‘li pionerlar, qator chizilishib, bizni sovet salomi bilan qarshiladilar. Ular hammasi maktab bolalari. Hammalari o‘qiydilar; kelajakning eng porloq va eng go‘zal turmushiga, u turmushning yog‘in kelajakdagi kurashlariga tayyorlanadilar. Eski tarbiya (to‘g‘risi – tarbiyasizlik)ning qora dog‘laridan hali butunlay qutulolmag‘an oila hayotiga, uy ichiga, ro‘zgorga – bu qizil bo‘yinbog‘li kichkina grajdanlar eng sog‘lom, eng foydali madaniy urflarni olib kirajaklar! Hali ham, kolxoz qishlog‘ida, iroqi sovun, tish poroshogi, tish chotkasi singari narsalar noyob emas. Kolxoz qishlog‘i radio karnayi tegrasida davra qurib Toshkentdan To‘ychi akani, Domla Halimni, “Gulsara” va “Farhod-Shirin”larni eshitadi. Kolxoz qishlog‘i o‘z qizil choyxonasida choy ichib o‘ltirib, patefonda Ahmadjon qo‘shnaychi bilan Usta Olim childirmachining “Nog‘ora bayoti”ni eshitadi.

* * *

Kolxoz qishlog‘ining har bir mehnatkashi Stalin nomini eshitganda yoqimli kulimsirab yuzingizga qaraydi. Biz kechqurun hamma ishdan qaytgandan keyin kolxozchilar bilan gurunglashib o‘tirdik. Bir boyning keng sahnli, uyli-ayvonli yaxshi hovlisi edi. Uni kambag‘al bir chorikorga berganlar. O‘rta yoshlardan o‘tib qolg‘an bu odam kolxozning oldingi zarbdorlaridan.

– Shu topda ishnig qizg‘in vaqti, – deydi izmon. – Yerni erta kundan kutkilamasdan, keyin hech narsa chiqmaydi. Yerdan qor ketar-ketmas uning boshida bo‘lish kerak.

– Albatta, – dedik biz. – Bu yil mo‘ljallaring, didlaring qalay?

– Bu yil ko‘nglimiz ko‘tarilgan, – deydi qora mo‘ylovchi qotmaroq bir yigit. U shuni aytarkan kulib turib zarbdorga qaraydi, zarbdor ham kulib muqobal qiladi va hali baquvvat bo‘lgan mayda tishlarini ko‘rsatib turib, yigitning so‘zlarini tasdiqlaydi.

– Bu yil, mana kolxozning ustavi yangi bo‘ldi, – deydi zarbdor. – Kolxozchiga katta yengillik bo‘ldi. Bu yil hammamiz tomorqa yerlarimizga o‘zimiz uchun bir narsa ekdik. Kolxozda ishlaganimizdan tashqari bu ham katta mador bo‘ladi.

– Endi mol-hol, tovuq-movuq degan narsalar ham serobchilik bo‘laturg‘ang‘a o‘xshaydi, – deydi, bir chekada o‘tirgan sariq basharali yosh bir yigit. – Shu yaqin o‘rtada uchta tovuq, bitta xo‘roz sotib oldim…

– Mening sovlig‘im yaqinda tug‘adi, – deydi qotma yigit.

– Ish qilib halol ishlasang to‘q bo‘lishing aniq, bolalar! – deydi zarbdor.

Pardasiz, tarashsiz, juda soddalik va tabiiylik bilan aytilgan bu so‘zlarda ajib bir dadillik, jasorat, ishonch va ko‘ngil to‘qlik bor. Bu so‘zlar cho‘ntagida puli va omborida g‘allasi bor odamning bemalolligi va o‘ziga ishonishligi bilan aytilgan. Bu kalta so‘zlar, yaqin kelajak uchun kolxozchilarga qanday zo‘r umidlar va ishonchlar borligini yuz betlik kitoblardan ko‘ra yaxshiroq anglatadi.

Erta saharlab bizni uzatarkan, zarbdor bir qo‘lini ko‘tarib tog‘ning tepasidan bir joyni ko‘rsatdi:

– O‘sha joylarga necha ming tup yong‘oq ekdik. Ular voyaga yetgandan keyin, agar salomat bo‘lsak, qanday davlatlarga erishmaymiz? – dedi.

So‘ngra bizni ko‘prik oldigacha uzatib borib, kolxozlarning qo‘y qo‘tonlari yildan-yilga o‘sib borayotganini gapirdi. Uzoq yilda berilgan yuz qo‘y bu yil teng baravar ko‘payibdi: ikki yuzga yetibdi!

Zarbdor qo‘y qo‘tonlarining ko‘payishi to‘g‘risida gapirarkan xuddi yosh boladay sevinadi va o‘zi ham shu to‘pda o‘sayotgan qo‘zichoqqa o‘xshaydi.

Cho‘lpon,

Xumson qishlog‘i.

“Guliston” jurnali, 1935-yil, №6.


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"