Tong
by Maksim Gorkiy, translated by Abdulhamid Choʻlpon
334663TongAbdulhamid ChoʻlponMaksim Gorkiy

Dunyoda eng yaxshi narsa – kunning tug’ulishini ko’rmak!

Ko’kda quyoshning birinchi shu’lasi tutashdi; tun qorong’ilig’i sekin-sekin tog’ jilg’alarig’a va tosh yoriqlarig’a, daraxtning quyuq barglari orasiga, shabnam yegan ko’katlar to’riga berkinmakda: tog’ tepalari esa mehribon bir tabassum bilan kulumsirab, kechaning mayin ko’lankalariga demakchi bo’ladilarki: – Qo’rqmangiz: bu quyosh!

Dengiz to’lqunlari oppoq boshlarini balandlarga ko’tarib, saroy go’zallari o’z qirollarig’a salom berganday, egilib salom beradilar-da: – Ey dunyo podishohi, sizni salomlaymiz, – deydilar.

Yaxshi ko’ngulli quyosh kuladi: bu to’lqunlar tuni bo’yi o’yinga tushib pir-pir aylanib chiqdilar, endi mana – toza urunganlar, yashil kiyimlari g’ijimlanib, barqut shokilalari o’ralashib ketgan.

Quyosh dengiz ustida ko’tarilarkan:

– Kun oydin! – deydi. – Kun oydin, suluvlar! Hay, bas endi, jim bo’ling! Siz bu balandlarga irg’ishingizni qo’ymasangiz, bolalar cho’mila olmaydilar! Yer yuzida hammaga baravar yaxshi bo’lsin-da, shunday emasmi?

Toshlarning yoriqlaridan keskaltirik*lar yugurishib chiqadilar-da, uyqusrag’an ko’zlarini pilpillatib, bir-birlariga:

– Bugun kun issiq bo’ladi! – deydilar.

Shu issiq kunda pashshalar (chivinlar) erinib-erinib uchadilar, keskaltiriklarga ularni tutib yeyish juda oson keladi; yaxshi-yaxshi pashshalarni tutib yeyishning o’zi – shunday mazaki! Keskaltirik degan narsa juda xo’randa bo’ladi.

SHabnam bilan og’irlashg’an gullar sho’x-sho’x tebranadilar-da, xuddi tegishkandek so’zlaydilar:

– Qani, taqsir, erta bilan, shabnam libosi ichida qanday go’zal bo’lganimizni yozingchi! Bizga qarab turib, so’z bilan, kichkinagina portretlar yozing- Yozib ko’ring-a, juda oson: biz shunday soddamizki…

Juda ayyor narsalar ular! O’zlari xo’b yaxshi biladilarki, ularning dilrabo go’zalliklarini so’z bilan yozib bo’lmaydi, shu uchun – kuladilar!

Men, ular oldida ta’zim bilan shlyapamni boshimdan olaman-da, deyman:

– Siz katta mehribonchilik qildingiz! Meni shunday bir sharafga erishtirganingiz uchun qulluq sizga, faqat bugun mening vaqtim yo’q. Keyincha, balki…

Ular, quyoshga tomon uzalganlari holda, faxrlanib kulimsiraydilar; quyoshning shu’lalari, gul barglari bilan bargchalariga brilliant jilolarini sepib, shabnam donalarida yiltillaydilar.

Ularning teppalarida halitdan – oq oltin rangli asal arilar uchishadi; uchisharkan, shirin asalni mazza qilib emishadi va iliq havoda ularni quyuq ashulalari quyuladi:

Turmushda quvontirg’an –

Quyosh maqtovli!

Er yuzin yasantirg’an –

Ishlash maqtovli!

Qizil ko’krakli “qizilto’sh”*lar uyqudan uyg’ondilar: ular, ingichka oyoqlarning ustida tebrana-tebrana to’xtag’anlar-da, o’zlarini sokin sevinch kuylarini kuylaydilar; qushlar o’zi, dunyoda yashashning qanday yaxshi ekanini odamlardan ko’proq biladilar. Bu qizilto’shlar quyoshni hamma vaqt hammadan ilgari qarshi oladilar; olis va sovuq Rusiyada ularni “Zaryanka”* deb ataydilar, chunki ularning ko’kraklaridagi parlari shafaq rangiga bo’yalgan bo’ladi. Butazorlarda, sarg’ich va surri tuslari bilan, quvnoq jingqarcha (chittak)lar sapchib yurishadi; ular xuddi ko’cha bolalariga o’xshaydilar: xuddi o’shalarday sho’x, xuddi o’shalarday to’xtamasdan qichqiradilar.

Mayda pashsha (chivin)larni quvishib, xuddi qora yoy singari, qaldirg’och va uzun qanotlar o’tib qolishadi; ular, quvonch va saodat ichida chirillashadilar: tez va chaqqon qanotlarg’a ega bo’lish qanday katta davlat!

Piniya*larning shoxlari qaltiraydi; bu piniyalarning o’zlari kattakon kosaga o’xshaydilar, go’yo u kosaga oltin may singari quyosh nuri to’ldirilgan.

Odamlar uyqudan uyg’onishadi.

Qanday odamlar?

Butun hayot ular uchun bir mehnatdan iborat bo’lgan odamlar; umr bo’yi yerni bezab va boyitib kelsalar ham, o’zlari beshikdan go’rgacha yo’qsulliqdan chiqmayturg’an odamlar.

Nega?

Sen buni keyin, katta bo’lg’aningdan so’ng bilasan, – shunda ham, albatta, bilishni istasang! Hali hozircha – butun quvonchlar va kuchlarning manbai bo’lgan quyoshni sevib o’rgan; hamma uchun baravar mehribon bo’lgan quyosh singari, quvnoq va mehribon bo’l.

Odamlar uyg’ondilar, ana endi o’z tolalariga, o’z ishlariga ketib boradilar; quyosh ularga qarab kuladi; u, dunyoda odam bolalari tomonidan qancha yaxshi ishlar qiling’anini biladi; u, yer yuzini bir zamonlar bir cho’l holida ko’rgan edi. Endi mana butun yer yuzi odam bolalarining, ya’ni ota-bobolarimiz va ulardan narigi jadlarimizning eng katta ishlari bilan obodlangan; bolalar uchun uncha anglashilib yetmaydigan jiddiy ishlar orasida, hamma o’yinchoqlarni, dunyodagi hamma yaxshi muyumlarni, shu jumladan kinoni ham o’sha odamlar qilg’an.

Oh, ular – bizning bobolarimiz qanday yaxshi ishlaganlar! Tegramizda, har tomondan ular tomonidan ishlangan kattakon ishlar uchun ularni qanday sevib, ulug’lash kerak!

Bu to’g’rida har qancha o’ylanilsa arziydi, bolalar: odam bolalarining yer yuzida nechik ishlaganlari to’g’risidag’i hikoya – yer yuzida eng qiziq hikoya bo’ladi…

Tola* va gulzorlarda qizil gullar ochilgan, har tomonda chechaklar kulgan, ularning ko’pi so’lishga ham yuz tutgan, lekin hammasining ko’zi – ko’m-ko’k osmonda, oltin quyoshda; ularning barqut bargchalari, shirin hidlarini tarqatib shitirashadilar; iliq, moviy va xush islar bilan to’lib yetgan havoda, erkalovchi bir qo’shiq ohistagina qanot qoqib keladi:

Go’zal – go’zaldir,

So’lgan choqda ham;

Bizlar sevamiz,

O’lgan choqda ham…

Kunduz keldi.

Kun oydin, bolalar; turmushingizda chiroylik kunlar ko’p bo’lsin, bolalar!

Men buni xafaholroq qilib yozdim.

Boshqa iloji yo’q: bola degan qirq yoshdan oshib ketsa, shunaqa jindak xafahol bo’lib qoladi.

  This is a translation and has a separate copyright status from the original text. The license for the translation applies to this edition only.
Original:
This work is in the public domain in the United States because it was first published outside the United States (and not published in the U.S. within 30 days), and it was first published before 1989 without complying with U.S. copyright formalities (renewal and/or copyright notice) and it was in the public domain in its home country on the URAA date (January 1, 1996 for most countries).

The author died in 1936, so this work is also in the public domain in countries and areas where the copyright term is the author's life plus 80 years or less. This work may also be in the public domain in countries and areas with longer native copyright terms that apply the rule of the shorter term to foreign works.

Translation:
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"