Toshkand boylari (1924)
by Abdulla Qodiriy
334253Toshkand boylari1924Abdulla Qodiriy

«Mushtum»ning bordi-keldisi

Inqilobg‘acha Toshkand boylari deb shularni bilar edik:

1. Shoholim hoji Shohishoqov (hozirda ham davlati katta, boshqalar inqilobdan zararlangan bo‘lsa, bul kishi foydalandi).

2. Vali hoji Abdulmalik o‘g‘li (buning ham davlati chakki emas, hozirda ham birni uchka sotub, eski holig‘a qaytmoq harakatida).

3. Orifjon Mallaboyev (vafot, dunyog‘a kelgan bo‘lsa-da, kelmagandek).

4. Orifxo‘ja Azizxo‘jayev (bu kunda juda piri badavlat, Turkistonni sotquchi mashhur xoinlardan po‘cho‘tni grajdanin Said Azimboyning shafoati bilan Nekalay hukumatiga sodiq o‘g‘ul bo‘lub tanilg‘an va uning ko‘magi soyasida butxona, to‘ng‘uzxona va amsoli… xonalarni ta’mir pudratini olub odamshavanda bo‘lub yurgan edi).

Ikkinchi darajadagi boytaroshlar:

1. Komiljon Ahmadjonov (bul jonivorning aksar umri shallaqiliq, lo‘lilik, moli-mardumxo‘rlik bilan o‘tdi).

2. Abdulmavlonboy hoji (davlati chakki emas edi. Hozirda ham o‘g‘ullari ish surmakda. Bu oila faqat yeb-ichib umr o‘tkazadir).

3. G‘ulom qori Tillashayxov (bul bechora ko‘b davlatini «Ulamo» jamiyati muftxo‘rlari yo‘lig‘a tikib, o‘zi muflis bo‘layozg‘an edi. Hozirda esa «Ulamo» jamiyatidan olub qolg‘an duolari barakasida tag‘i ham boyub ketdi. Oxiri baxayr bo‘lsun).

4. Burodaron Qurbonboyevlar (Burodaronlarning shuhratlari masjid solish bilandur).

5. Boqijonboy: («Oti ulug‘ sufrasi quruq» maqoli shu kishining sha’niga aytilgan, lekin o‘zi zararsiz kishi).

6. Ibrohimhoji Karimboyev (bul kishining barcha tashabbusi taaddudi zavjot masalasiga ketdi. Shuning barakasida bir necha o‘nlab o‘g‘ullari bo‘ldikim, bul kishidan millatning qilg‘an isti’fodasi faqat shundanginadir.

7. Aziz Xalfa («Ulamo» jamiyatiga ko‘b xizmat qilub alhol taqsirot kasaliga mubtalo bo‘lub qoldi).

8. Burodaron Norbekovlar (agarchandiki, bu avlod taraqqiyparvardir, lekin mirquruqlik bularga irsiy kasallikdur).

9. To‘xtajonboy Alijonboyev (tovlamachi boylarimizning eng ashaddiysi edi, Maskov firmalarini qon qaqshatub, Toshkandga muhtasham masjid solub berdi. Goroddagi «Nasional» binosi ham uning xizmati mevalaridan. Ilgari tars yorilub, so‘ngidan shart sindi. Bu kunda bo‘lsa qo‘ychiliq qilub yana qobirg‘asini yopub qoldi).

Qisqasi, bu ikkinchi darajaga kiraturgan kishilar juda ko‘b, mashru’ va nomashru’ bu mavqe’ga mingan almoyi-aljoyilar hisobsiz, ammo faqat tuturug‘i borlarnigina yozib ko‘rsatdik.

Inqilobdan keyingi NEP farzandlari to‘g‘risig‘a to‘xtalsaq, miyamiz shishib qoladir. Ya’ni nuqul g‘archcha moy yeb, cho‘muchimiz moy ustida suzadir… Gap ko‘p qalam to‘mtoq, ishtaha karnay palov bedarak, otimiz ulug‘ suframiz qurug‘… kabi yuqori-quyi gaplar bilan hozirga bu keyingi mavzuni ikkinchi vaqtqa qoldirsamiz ham, biroq NEPning, Toshkand boylarining «shoh asari» bo‘lg‘an Azimboybachcha ustida to‘xtolmay o‘tolmaymiz. Tuzuk, bu burodarimiz o‘zining gurullagan kunlaridan nishona qilub, keyingi uch yilning badalida yetti-sakkiz yerdan masjid bino qildi, hatto Yusufxo‘ja eshonning qabri ustiga daxma qilish himmatigacha borub yetdi. Biroq bu himmatlar bizning aqli qosirimizcha loyiqi shuhrat va taqdir emas… Bizning har birimizning yonimiz do‘ppaydimi, darhol masjidga urina ketamiz. Ammo hamma kasal, barcha tirriqlik maktab degan muammoning ustida! Demakchimizki, bu yangi davrning «yo‘lboshchisi» Azim sarkordek bir odam bo‘lsun, maktab solish ishini umumiylashdirsun!

Gapdan gap chiqub, so‘z uzoqqa ketdi. Bu maqolani yozishdan muddao shulki, yuqorida Toshkand boylarining birinchisiga Shoholim hoji akamizni qo‘yg‘an edik. To‘g‘risi, ham bu maqola o‘sha kishining tufayli bilan yoziladir.

Turkistondan Maskovga vagon-vagon magiz, o‘rik, gurunch, Maskovdan Yettisuvga toy-toy gazlama, Yettisuvdan Turkistonga qo‘shoq-qo‘shoq qo‘y, Turkistondan Maskovga yana haligi gap… xudda charxfalak.

Bu ishni qilayotqan odam fransiyalik Ro‘kfeller emas, amerikalik Ro‘tshild ham emas, o‘zimizning toshkandlik Shoholim hoji akangiz! Bu gap to‘g‘ri, Xudo bersa shunday bo‘lar ekan. Aql, ish, kelim-ketim, hammasi ham moshinavori. Albatta, bunchalik ish surgan kishining chirmandasi ham bir necha qoplab bordir, deb o‘ylarsiz. Faqiringiz ham sizning fikringizda… Tunov kun boyning otasi o‘ldi, elli chervonkalab oqcha faqat janozag‘a yig‘ilg‘an qalang‘i-qasang‘ilarg‘a ulashildi. Xudo ziyoda qilsun.

— Necha masjid soldi? — deb so‘rarsiz, albatta. Hozircha soling‘an masjid-pasjiddan darak yo‘q.

— Necha maktabning otalig‘ini oldi? — deb yana so‘rarsiz. Lochin bilan bahslashkan olaqarg‘a aytkan ekanki, shuni olsam birkam yuztasi qoladir, deb. Ung‘a o‘xshash bizning hoji akamiz ham basharti endi bir maktabning otalig‘ini olsa faqat bitta bo‘ladir.

Hoji akamizning yoshlari ellidan oshqan bo‘lsa ham, lekin o‘g‘ul-qizlari yo‘q, deb ba’zi odamlar ta’na qiladirlar. Biz aytamizki, o‘g‘ulsizlik ayb emas, agar hoji akamiz chin ota bo‘lmoqchi bo‘lsalar (Xudoyo, tovba qildim), butun millat bolalari ul kishining bolalari, o‘g‘ullari, qizlari! Dunyoda bunday otaliqqa hech kimsa noil bo‘la olmas, tushunsalar!

— Hoy, hoji!

Yoshing anchaga bordi, bir oyoqing yerda bo‘lsa, bir oyoqing go‘rda, esing borida etagingni yop! Illo, yig‘ub-terganlaring faqat uch-to‘rt quzg‘unlarg‘a qolishini unutma! Ya’ni oting, dong‘ing o‘zing bilan birga ko‘milmasun…

So‘zimiz yolg‘uz bir kishi ustidagina emas, «Qizim, sanga aytaman kelinim san eshit!» qabilida boshqalarg‘a ham om.

Kalvak maxzumning jiyani.

«Mushtum», 1924 yil, 23-son, 6-7-betlar.


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"