Toshkandda musulmon jamiyati
Toshkandda bundan to‘rt sana muqaddam ochilmish bir musulmon «Jamiyati xayriya» vor. Bu jamiyat boshida yoshlarning sa’y va ijtihodi ila ochilgan bo‘lsa ham, ba’zi sabablara mubanniy Toshkand ag‘niyolarina topshirilmish va shul zamong‘acha yoshlardan faqat bir-ikki kishining tahrik va ishtirokila boylar tarafidan idora qilinmoqda edi.
Jamiyat ag‘niyoi kirom qo‘llarida o‘z sha’nig‘a munosib zo‘r ishlay olmagan bo‘lsa ham, moddiy jihatdan hiyli quvvatlandi. Yetti ming so‘mdan ziyoda sarmoyaga molik bo‘ldi. Har yili ikki-uch martaba umumiy majlis va o‘n-o‘n ikki martaba idora majlislari yasab, a’zolardan pul yig‘di. Ariza berib, iona so‘rovchi besh-o‘n (nafar) faqir va ojizlara yordam berib turdi.
Ag‘niyoi kirom jamiyatdan o‘z yordam va ionalarin darig‘ tutmadilar. Buning isboti uchun Toshkand ag‘niyolaridan hurmatluk Orifxo‘ja eshon janoblarini o‘tgan yil jamiyatga birdan ming so‘m iona berganlarin va shaharning o‘rtasidan bir hovlilarini «Dorul ojizin» uchun in’om qilg‘anlarin zikr etmak kofi o‘lsa kerak.
Lekin olti-etti milyon musulmonli Turkistonning markazi o‘lan Toshkandda ochilmish bir musulmon jamiyatining juz’iy (mayda) ishlar ilangina qanoat etub turmog‘idan Toshkand yoshlari har vaqt siqiladurlar va sanaviy hisobnoma va sarfnomalarini g‘azetalarda yozub, nashr etmakdan uyolurlar edi, binoanalayh, Toshkand jamiyati xalq ham hukumat nominda butunlay e’tibordan tushmish va o‘lmakka mahkum, og‘ir bir xastalikka duchor o‘lmish kabi edi.
Jamiyatning eski obro‘sin qaytarmak va uyqudan uyg‘atmak uchun birdan-bir chora idora ishlarini butunlay yoshlar qo‘lina bermak, loaqal idora a’zolarining aksarini yoshlardan saylamak fikri takror-takror talqin o‘linsa ham, bunga e’tibor etuvchi oz edi, balki «Jamiyat yoshlar qo‘lina berilsa, yig‘ilgan pullarni sarf qilib tamom qilurlar, o‘zlari pul yig‘olmay, shuning ila jamiyat bepul bo‘lib yopilur», deyuchilar ko‘proqtopilur edi. Yoshlar esa jamiyatdan hamon umid uzmiylar, eng og‘ir ishlarni ishliylar va har yili bir-ikki martaba qo‘zg‘atib, umumiy majlislar va saylovlar qilib va o‘zlaridan ko‘proq kishi o‘tkarmakka muloyimona harakatlarda bo‘linalar edi, lekin kelajakda ag‘niyolarning iona va himmatlari jamiyat uchun birinchi darajada lozim o‘ldig‘ini e’tiborga olib, onlarg‘a qarshu jiddiy harakatlardan mumkin qadar saqlanar edilar.
Yoshlarning bu sovuqqonlik va sabrliklari bu sana yaxshi natijalar berdi. Boylarning o‘zlari ittifoq qilib, o‘z oralaridan faqat bir rais va mashvarat a’zosi verib, boshqa a’zolarning barchasin yoshlardan sayladilar, yoshlar har ishda boylar ila mashvarat qilib turmakni, boylar ham har vaqt qo‘llaridan kelgan yordam va ionalarini darig‘ tutmaslikni bir-birlarina va’da qilishib, qo‘lga-qo‘l berishib, ittifoq ila ishga tutindilar.
Bu ittifoqning natijasi o‘lsa kerakki, Toshkand jamiyati bu yil butunlay boshqa tusga kirdi. Uyqudan uyg‘onib, ko‘zlarin uqalab, atrofga nazar sola boshladi. Qonunida zikr etilgan moddalardan birin-birin foydalanmakka shuru’ qildi, boshlab bir necha yildan beri qaror berilubda ochilmay yotgan «Dorul ojizin»ni rasman ochub, bir necha miskin va ojizlarni tarbiyaga oldi. Bir necha maktab va madrasalarga yuz so‘m va ikki yuz so‘mlab ionalar berdi. Bir necha beva va bechoralarga oylik ionalar vermakda va oltmish qadar faqir va qashshoq bolalarni turli maktablarda o‘qitub tarbiya qilib turmakdadir.
Jamiyatning yangi a’zolari bunday sarf ilagina qanoatlanmadi, balki moliya jihatini qutlamak uchun a’zolarning yilda beradurgon olti shar so‘m sadaqalari kifoya qilmasligini bilib, pul topmakka ham yangi yo‘llar izladi, boshlab «Gramofun obshestvo»sila so‘ylashib, har bir plastinkadan o‘n tiyin olmoq shartila bir necha hofizlarni va o‘z tarbiyasidagi maktab shogirdlarining tovu-shin sotdi, bundan faqat shu yil ichindagina loaqal ikki ming so‘m kirsa kerakdur.
Uchinchi yo‘lda shahar bog‘ining yozlik teatrusida bir martaba ispektakl qo‘yib, olti yuz so‘mga yaqin foyda qildi. Buning ustiga, ushbu avgustning 8-kuni ramazon munosabatila Shayx Xovandi Tahur bog‘ida bir martaba «Tomosha kechasi» yasadi, ushbu tomosha kechasining daromad va buromadi ushbu tariqa bo‘ldi:
Sotilgan biletlardan 1387 so‘m 54 tiyin.
Choyxonadan doxil 59 so‘m 42 tiyin.
Ja’mi daromad 1446 so‘m 96 tiyin.
Masorifi bilet markasi 126 so‘m 14 tiyin.
Boshqa masoriflar 233 so‘m 65 tiyin.
Ja’mi masorif 359 so‘m 79 tiyin.
Jamiyatga qolgan xos foyda 1087 so‘m 17 tiyin.
Musulmonlar tarafindan birinchi martaba yasalgan ushbu tomosha kechasindan buncha foyda o‘z-o‘zidan chiqmadi, balki buning uchun Toshkand yoshlarining ko‘p g‘ayrat va ijtihodlari ham charchamay va hech kimning shikoyat va haqoratiga quloq solmay qilgan sa’y va harakatlari o‘ldi.
Bu tomoshalar jamiyatga faqat moddiy jihatdangina foyda kelturub qolmay, balki ma’naviy jihatdan ham ko‘p foydalar kelturdi.
Toshkand jamiyatining ismini unutgan yoki hech bir jamiyat degan so‘zni eshitmagan Toshkand musulmonlarining yetti yasharidan yetmish yasharigacha jamiyatning vujudidan xabardor bo‘ldi, rus, yahudiy va armanilar foydalanib yurgan o‘rinlardan foydalanmak musulmonlarga ham mumkin ekanligi ochiq bilindi, bu esa Toshkand musulmonlarining hiyli ruhlari ko‘tarilmog‘iga va jamiyatga muhabbat ila qaramoqlariga sabab o‘ldi, shul sababli ushbu tomoshalarni boshqargan yoshlarga va bularga yordam berib turgan shahar politsiyameystrina jamiyat a’zosi chin ko‘nguldan tashakkur etadur va kelajaqda yana shunday xizmatlarda bo‘linib, xalq va jamiyatga foyda yetkurodurgon yosh yigitlarimizning amsollarin ko‘paytirmakni janobi Haqdin istido’ qiladur.
Jamiyat raisi muovini: Munavvar qori
«Samarqand» gazetasi, 1913 yil, 20—23 avgust.
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|