Tun
Erkin she’r
I
Tun yomon, tun qorong‘i,
Tun qo‘rqinch, tun azob!
Tunda eski va yangi
Har narsa xayol va sarob.
Tunning uzunligi,
Chuqurligi ko‘p yomon.
Tunning buzuqligi,
Yolg‘izligi beomon!
Tunda har narsaning tovushi
Yiroqdan guvillab kelar.
Tunda ko‘p chog‘lar yuzimga
Jinlarning qo‘llari urilar.
Oh, tunning qalin pardasi
Qanday gunohlarni yashirmas.
Oh, tunning tovushsiz na’rasi
Hech jonni qo‘rqitmay qolmas!
Tunning yashirin quchoqlarida
O‘limlar, qonlar to‘lgandir!
Uning aldamchi bog‘larida
Qancha yosh gullar so‘lgandir!
II
Tinchlanib o‘ltirib yulduzdan
Ertaklar eshitmak bo‘lsam
Yo o‘zim istab topgan qizdan
Bir qarash, bir ko‘rish so‘rasam.
III
Har yerdan qancha tovushlar
Devlardek na’ra solurlar.
Tegramda nayza – qilichlar
Jonimga hamla qilurlar…
Salqin suv koni – buloqlar
Kunduzlar chanqaganimda
Shir-shirlab ko‘nglimni yo‘qlar.
Men darrov olmaganimda
Battarroq qaynab oqardi.
Bir ho‘plab kunda men ichsam,
Kayfimga qancha yoqardi.
Istardim: qo‘yniga qochsam!
Oh, tunda og‘u bo‘lar, har
Manbadan tomchi suv ichsam,
Oh, tunda nozli buloqlar
Ko‘nglimga tarqatalar g‘am!
Bu tunda, sevgili yorim,
Qoldingmi mendan uzoqda?
Bilmaysan: og‘riqli bag‘rim
Qon yig‘lar tunda, bu yoqda!
Bu tunkim, sirli, qorong‘u,
Yo‘llarda sharpa-da yo‘qdir.
Ko‘nglimda to‘p-to‘la qayg‘u,
Oh, yo‘llar qancha uzoqdir!
Kel, endi tashlama, qo‘yma,
Bu tunning qo‘ynida yolg‘iz.
Hijronni boshima yoyma,
Ey tundek sochi qora qiz!..
1922-yil
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|