Turk shoiri Ajziy

Turk shoiri Ajziy (1924)
by Vadud Mahmud
334551Turk shoiri Ajziy1924Vadud Mahmud

Boshlang‘ich

Bizda adabiy taftishlar endigina boshlanmoqdadir. Bu maydon qancha keng bo‘lsa, shuncha ham ishlar bilan to‘ladir. Bizda adabiyot bilan mashg‘ul kishilar ham ozdir. Lekin bu oz va yo‘q bilan qanoatlanish mumkin emasdir. Nima bo‘lsa bo‘lsun, qo‘ldan kelgancha xizmat qilish kerakdir. Man bu yo‘llarni yozishg‘a faqat shuning uchun jur’at qila oldim.
Bu yozg‘onlarim bir tanqid emasdir. Chunki hali tanqid ishlariga kirishish uchun kerak qadar kuch menda yo‘qdir. Maqsadim, hech bo‘lmasa, buyuk kishilarimiz bilan elimizni tanishdirmoqdir. Shu maqsadim yo‘lida ozg‘ina muvaffaq bo‘lsam, baxtiyorman. Nuqsonlarimning kechirilishini, xato va sahvlarimning ko‘rsatilishini ahlidan so‘rayman.

 * * *

O‘zbek adabiyotining ancha eski bir tarixi bordir.
Bu tarixda Navoiy davri, Umarxon davri kabi gullagan tarixiy davrlar ham bordir. Bu davrlar va bularning orasida o‘tkan zamonlar besh yuz yildan oshuqdir. Bu uzoq fursat va zamonning har vaqtida o‘zbek-chig‘atoy shoirlari ko‘rulgandir. Bularning orasida eng buyuk san’atkorlar bo‘lganidek, dohiylar ham mavjuddir.
Chig‘atoy adabiyoti davri o‘zbek adabiyot davrining otasidir. Lutfiylar, Navoiylar, Sulton Husaynlar, Boburlar, Solihlar, Yassaviylar, Umarxonlar, Fazliylar, Zebunisolar, Nodiralar va bular singari ko‘b shoirlar bu adabiy davrlarning bizga ma’lum bo‘lg‘on gullaridirlar.
Bir o‘rtog‘imizning aytganicha, mayda-chuyda nozimlar istisno qiling‘onda, anchagina muhim o‘run tutaturg‘on shoirlar besh yuzga yaqindir. Bu shoirlarning ko‘bini yelg‘iz otlari bilan, bir-ikki parcha she’rlari bilangina taniymiz. Bular tekshirilsalar, bizning ancha muhim xazinalarimiz ochilg‘on bo‘ladirkim, bu vazifa bu kungi adabiyotchilar bo‘ynidadir.
Yuqoridag‘i miqdor ham menga qolsa mubolag‘alik emasdir. Chunki shu zamonamizdakim, butun tariximizda kechirgan hollarimizning eng badbaxtida yashaymiz, ellikdan ortiq shoirlar borlig‘i ko‘rinmakdadir.
Uzun tartibsizliklar orqasida buzulgan, bitkan o‘lkamizning okibat o‘ldurguvchi istibdod idorasi ostida ijtimoiy va iqtisodiy hayotimizdagi pastlanish adabiyot tariximizda ochiq seziladir. Hech bir davrda shu kunda bo‘lg‘oni kabi adabiy pastlik ko‘rinmagandir, desak yanglishmaymiz. Chunki tariximizning hech bir davrida iqtisodiy va ijtimoiy holimizning bu qadar pastlangan davri yo‘qdir.
Bu kun xalqimiz shu qadar faqir, shaharlarimiz, qishloqlarimiz shu qadar xarobdirki, bunday hollar so‘nggi asrdan boshqa vaqtda ko‘rulgan emasdir.San’atimiz, tijoratimiz ham bu so‘nggi asrdan ilgarigi asrlarda juda yuqori turg‘oni ma’lumdir.
O‘tkan, sharafli asrlarimizning mahsuli bo‘lg‘on me’morimiz, to‘qimachiliqdag‘i yuksakligimizning so‘nggi uchqunlari ham bugun so‘nmakdadir.
Buxoroning mashhur Qarshi olachalari inqilobqacha davom etdi; bugun esa afsuslar orasida eshitamizkim, so‘nmishdir. Bir san’atkorimiz qolg‘on ekan, uda bitmishdir. Me’morimizda buyuk san’atkorimiz bor ekan, bu kun butun Turkistonda yolg‘iz qolg‘on «usta»larimiz ham so‘nggi daqiqalarini o‘tkazmakdalar.
Musiqiyda ham holimiz shu emasmidir? Buxoroda so‘nggi musiqiy san’atkorlar ortiq qarib qolg‘ondirlar, Buxorodag‘i «milliy musiqiy maktabi» juda ko‘b fidokorlar orqasida hech bo‘lmasa, shu san’atni tag‘in bir necha yilga yashatmoq uchun tuzulgan emasmidir?
So‘nggi ijodchi ashulachimiz To‘ychidan keyin tag‘in bir shundayimizni ko‘rishimizga har holda ancha zamon o‘tishi kerakdir. Holbuki, tariximiz bunday san’atkorlarni yuzlarcha sanaydir. Bu san’atlarning iqtisodiy va ijtimoiy hayotining yuksalishi orqasida bo‘lishi aniqdir.

 * * *

O‘zbekning chig‘atoy adabiyotida istar nazmning shaklida bo‘lsun, turli jarayonlar bordir.
Turk tilida tabiiy nazm shakli hijo vaznlaridir. Aruz vaznining «ohangdor» va «some’navoz» bo‘lishi turklarningda uni qabul qilishlarig‘a bir sabab bo‘lg‘ondir. Faqat aruz vazni ila yozilg‘on nazm va she’rlarda turkchaning «talaffuz ohangini» rioya etganlari oz uchraydir. Ikkinchi sabab esa turklarning Eron madaniyati ta’siri ostida bo‘lishlaridir.
Hijo vazni avvaldan beri ora-sira tuzuk shoirlar yetishdirgandir va haligacha xalq vazni bo‘lub xalq ashulalarida ishlatilib kelinmakdadir.
Aruz vazni esa «yuksak adabiyot» uchun ishlatilgandir va shuning uchunda umumiy adabiy vazn o‘laroq qabul qiling‘ondir.
O‘zbekning chig‘atoy shoirlarining sheva ayirmaliqlarig‘a kelsak, ikki sheva hukm surganini ko‘ramiz.
Biri sharq turklari yoki chig‘atoy shevasidirkim, bizda asosiy sheva shudir va Navoiylar, Bobirlar, Fazliylar shu sheva bilan yozg‘ondirlar. Boshqasi g‘arb turklari yoki Turkiya shevasidirkim, bu mashhur lirik shoir Fuzuliy orqali bizda tarqalg‘ondir. Ko‘b shoirlar buning orqasidan borg‘onlar. Bu ikki shevaning birinchisi o‘zimizniki bo‘lg‘oni e’tibori bilan, ikkinchisi suyilub o‘qilg‘onidan bizga yot emasdir.
G‘arb shevasining bizda tarqalishig‘a ikkinchi sabab uning ba’zi jihatlardan yengilrak bo‘lishidir.
Bu maqolamizda tekshirmak istaganimiz samarqandlik muosir shoirimiz Ajziydir. Ismi Sayidahmadxo‘ja, unyuni Siddiqiydir. O‘zining asosiy kasbi bo‘lishi e’tibori ila hozir ham Samarqand tegrasida Halvoyi qishlog‘ida dehqonchilik bilan mashg‘uldir. Buyuk bir iste’dodga ega bo‘lg‘onidan ko‘b san’atlarning ustosidir. Boshlab Siddiqiy yaxshi bir texnikdir. Soat va turli moshinalarni tuzatmoq ishiga mohirdir. Yaxshi to‘qquvchi za tikuvchidir, ko‘b yillar bu san’at ila yashag‘ondir. Musiqa bilan ham ancha shug‘ullangandir. O‘z tilidan boshqa arab, fors, rus tillarini biladir. Forscha she’rlari fors adabiyoti bilan yaxshi tanish ekaniga shohiddir. Arab va rus adabiyotlari bilan ham ancha oshnodir. So‘nggi yillargacha Samarqand gazit va jurnallarida bosilgon she’r va maqolalari ko‘bdir. 1913-nchi yilda Turkiston senzuri ruxsat bermagan va Kafkazda bosdirulg‘on forscha «Anjumani arvoh» va «Mir’oti ibrat» degan xayoliy hikoyasi Samarqand va Buxorog‘a katta ta’sir qilg‘ondir va Samarqandda jadidlarning boshida Behbudiy, Siddiqiy va jadid maktabining muallimlaridan Shakuriy o‘laroq rasman takfir etilishlarig‘a sabab bo‘lg‘ondir. Maktab va madrasalar uchun tuzulgan bir tajvidi, forsiy g‘azallar majmuasi, «Ganjinai adabiyot»i bordir. Turkcha o‘laroq «Ayn-ul-adab» ismida g‘azallar majmuasi va manzum o‘laroq «Mir’oti ibrat»i bordir.
Mansur bir asarining yozilg‘oni ham ma’lumdirkim, faqat bosilmag‘ondir. Bu shoir so‘nggi davrda — ta’bir joiz bo‘lsa, Uyg‘onish davri shoirlari orasida muhim o‘run tutadir.
Ajziyning ijtimoiy fikrlari haqiqatan uyg‘onish davrining ruhini tashaxxus etdiradir. Qo‘limizdagi asarlari ijtimoiy dardlar bilan ko‘milgan vaqgida yozilgon narsalaridir, bulardan ilgari yozilg‘on narsalari bosilmag‘ondir. Bir shoirning tamom hayotini, kuchini anglamoq uchun, albatta, uning taraqqiy davrini bilmak zarurdir. Bizda Uyg‘onish davriga kirgan ko‘b shoirlarning ishqiy asarlarining maydonga qo‘yilmagoni u vaqtning umumiy ruhining ta’siri bilandir. Ko‘b shoirlarimiz «jadid» bo‘lish ila eski she’rlarini yirtib, yondirub tashlag‘ondirlar. Holbuki, bu asarlarda haqiqatan san’at e’tibori ila qiymatli narsalar ko‘b bo‘lg‘ondir.

Ajziyning «ishq»i

Tasavvufchi shoirlarning zohiriy ishqni tasvir etib turub, asosan mutasavvufona fikrlar tasavvur etishlari ma’lumdir.
Bizning shoir eski she’rning shakliy jihatlarini, ifoda tarzini aynan qabul qilib, ichiga eskiga tamomila qarshu bo‘lg‘on o‘z ruhini, yangi ruhni kirgizgandir. Ajziy shevada Fuzuliy yo‘lini tutkan shoirlardandir.
Bu shoirimiz ham oshiqdir. Faqat buning ishqi u na tasavvuf ishqidir, na realist shoirlarning zohiriy ishqidir. Shoirimiz oshiqdir, ma’shuq esa xalqdir, millatdir. Millati va xalqig‘a muhabbati uning ishqidir. U ishq esa bizga shuni bildiradir.
Ajziy millatining ishqi, dardi bilan sug‘orilg‘on bir shoirdir. Uning bu hayajonlari yasalma emasdir, chindir, tabiiydir. Ul ko‘zyosh to‘ksa, millati uchun to‘kadir, birovdin xafalansa, millatining holiga boqmag‘oni uchun xafalanadir. Birovdin xursand bo‘lsa xam millati, xalqi uchun bo‘ladir. Qarangiz, shoir o‘zining dardli ekanini qanday anglatadir:

Nihol dardidir bani hosilim ashk qatorimdir,
Fano gulzorin obod aylamish jism nizorimdir.
Do‘kar qon bag‘rimi gul yafrog‘itek choki-chokindin,
Chamanda g‘uncha bag‘rim holidin oyinadorimdir.
Chaman ra’nolarin sirridin istig‘nodayam zero
Sarig‘ ruxsora oqmish qon yoshim rang bahorimdir.
Diliklar jismi betobimda tiyg‘i zulm gardunidin
Ochilmish gulshanim tan bog‘ida yo lolazorimdir, —

deydir va o‘zining bu dardiningda «maqsud»ining «ko‘z oldida» bo‘la turub, «undan mahrum» ekanini aytadir:

Ko‘zim ollinda maqsudim edar javlon, mahrumam,
Bu ahvolim guvohi ko‘zlarimda intizorimdir,—

deb o‘zining bir «maqsud»i borlig‘ini aytadir va bu «maqsud»ining nima ekanini mana shunda ishora qilib ketadir:

«Hayoti ma’naviy» maftunam, zinhor ayb etmang,
Bu savdo kulfati-la beshuur o‘lmoq shiorimdir.

Demak, bu shoirning bir dardi bordir, ya’ni shoirimiz «dardli» shoirdir va dardining «ma’naviy hayot» ekanida ma’lumimizdir. Yuqorida aytgan dardini, iztirobini qanday sharh etadir:

Bango qarorsiz o‘lmoqda vordir bois,
Qarori vermakda aldan qarordir bois,-

deydir va ko‘ringiz «qaror» so‘zi bilan qanday o‘ynaydir. Bu esa sharq shoirlig‘ining eng mo‘tabar bir xususiyatidir. Buning «ma’no» jihatidan ham qanday to‘la ekani oz mulohaza bilan anglashiladir. So‘ngra yuqorida so‘zlagan «ko‘zlaridagi intizor»ining nimaga ekanini ochiqdan-ochiq maydonga otadir:

Vatan xarobasin islohina intizoridayam,
Bu intizorima bir intizordir bois,-

degandan keyin bu intizor bo‘lishining sababini shunday sharh etadir:

Na o‘ldi millat o‘lub e’tibordin mahrum,
Bu yo‘lda maslaki bee’tibordir bois, —

deb yangilik umumruhiga kirib, millatining «e’tibordan mahrum» qiling‘onini va buning sababini esa «maslaki bee’tibor» ekanini ko‘rsatadirkim, shoir bu fikrini haqiqatan isbot etkandir.
Bir millatning, bir qavmning yoki bir guruhning e’tibor qozonmog‘i, o‘zini yashatmog‘i uchun birdan-bir vosita bo‘lg‘on bir mafkuraga molik bo‘lish kerakligi badihiydir. Ajziy o‘z millatida shu «mafkura»ning yo‘qlig‘ini achchig‘ o‘laroq sezgandir, «vatan xarobasi»ning islohi uchun bir «maslaki boe’tibor» kerakligini xalqig‘a talqin qilmoqchi bo‘ladir.
Shoir ishqini mana shu baytda tom ma’nosi-la maydonga qo‘yadir:
Bul havaslar xo‘bravlar kokilin maftunidir, Fitnai davrona sayd o‘lmoq ban maftuna xos.
Ya’ni «havas» orqasidan yurganlar chiroyliklarning kokiliga o‘rulg‘ondirlar, «davron»ning fitnasiga o‘rulmoq yolg‘iz menga maxsusdir, deb o‘zini bog‘lab olg‘onlarning u chiroyliklar emas, davronning fitnasi ekanini aytadir. Ruhi bo‘lmag‘on unday chiroyliklarning devorning suratidan boshqa narsa emas ekanligini bildirmoqchi bo‘ladir.

Surat devora maftun jamsli o‘lmakim,
Yo‘xdirur tasvir dardivo, devor o‘lmasa, — deya.

Unday narsalarning ahamiyati yo‘qlig‘in, asosiy ahamiyatning yuzda emas, ichda — ruhda ekanini aytadir va shu so‘zi bilan bizning shu davrimizdagi shoirlarning hali ham shu bo‘sh «ishq», «muhabbat» safsatalari bilan yurganlariga qattig‘ zarba bermakchi bo‘ladir.
Ajziy shu «tarzi tafakkur»i bilan adabiyotni ijtimoiylashtirmak va uni jamiyat uchun foydali bir shaklga so‘qmoq istaganini bildiradir.
Haqiqatan va «yangilik» davrining ta’biricha aytsaq, «milliy she’r» va «milliy shoirliq» tarafida ekanini ko‘rsatadir. Bo‘sh «hol, xat, zulf»lardan foyda chiqmaslig‘ini va bu kalimalarni «hayotiylashdirmak» kerakligini chin tushunganidan bu so‘zlarga boshqa rang bera boshlaydir.
Modomiki, «ishq» xalq muhabbatidir, bu so‘zlarnida nega uning uchun ishlatmak mumkin bo‘lmasun?!
Mana, «zulf, Laylo, Majnun, nashot, bazm» ta’birini o‘z ishqiga qanday uydiradir:

Pariro‘lar parishon zulfining xotirparishonam,
Parishonam nedan, xotirparishonliqa hayronam.
Nedan ovora dashti g‘amda nolon kezdigim, bilmam,
Magar Majnuni Layloyi nashoti bazmi urfonam.

Ajziy «urfon bazmi nash’asining Laylosi» uchun «parishon»dir, uning «Majnuni»dir. Ko‘rungiz, «sharob» ni, «bazm»ni o‘z adabiy maslakiga qanday uyduradir:

Bani g‘aflat sharobi sarxush etmish jomi makringdan,
Boshimga lashkari g‘am favj-favjini raho etding…
Marizi ittihodam, anjuman bazmi tabibimdir,
Baning sho‘ro sharobi bois daf’i xumorimdir,—

baytida «g‘aflat sharobi», «sho‘ro sharobi» ta’birlari yasaydir. «Darding nima?» deb so‘rag‘onlarga «Ittihod!» deydur, tabibning esa «anjumani jamiyat» bazmi ekanini va davosining esa «maslahat-mashvarat» bo‘lishi kerakligini aytadir.
Shuning bilan o‘z xalqining hech «ittihod, uyushmak, maslahatlashmak» degan madaniyat muassirlariga yaqinlashmaslig‘idan zorlanadir. Haqiqatanda shoirning fikri to‘g‘ri emasmi? Har bir ish «qo‘l birligi, uyushmak, kengash» bilan ilgari bosmaydirmi? O‘z xalqining saodatini Ajziy ham «shularda» ko‘radir:

Giriftori savodi xattu xoli safhai dardam,
Asiri kulfatu ranju balou dog‘i xirmonam.
Davoyi zaxmi nosuram emishdir suhbati «orif»,
Vale maxdumi paykoni baloyi «qavmi nodonam»,—

baytlari bilanda o‘zining dardini sharh etadir. O‘zining «orif, ya’ni ma’rifatli»lar suhbatidan mahrum ekanini va «nodon qavm»ning balo o‘klarig‘a «nishon» bo‘lg‘onini aytib, yana o‘ziga o‘zi taskin beradir:

«Raqib»dan na jafo kelsa, sobir o‘l, Ajziy,
Kim o‘lmadi ochi suv ichra beqaror sadaf.

«Raqib» har qancha jafo qilsa ham san sabr qil, deydir.
Ajziy «hijron, baxt, ruxsor, sarxush» so‘zlarinida o‘z fikriga mahkum qilib oladir. O‘z tilagini shular bilan hech qiynalmasdan ifoda qiladir:

Subh umidim magar etmish shabi hijrona arz,
Kim qaro baxt etdi ruxsorin ban qayrona arz.
Nash’ai jom tanazzuli sarxush etmish dahr elin,
Yo Rab, etmazmi bizi bu nash’a qabristona arz.

Ko‘rungiz, Ajziy «surat ashobi»ni qanday tahqir etadir:

Surat ashobi dagil mahram ko‘ngul asrorina,
Oqil ermas kimsa maqsudin edar nodona arz.

Eski «husn, ishq» shoirlariga qarshi bundan katta hujum qanday bo‘la olur?! «Surat ashobi»ning «nodon» ekanlari ma’lum bo‘la turub, «ko‘ngul» sirlarini aytish «oqil» ish emasdir, deydir.
«Ishq, husn, xat, xol» shoirlarining o‘z mahbublari orqasidan yugurib, yugurib charchagach va undan bir iltifot ko‘rmagach, ma’yusona qilg‘on «kufr»lari bordir. Faqat Ajziy bu qabildan emasdir, bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri u yo‘ldagi adabiyotni, she’rni hayot uchun keraksiz biladir. Shuning uchunda u yo‘ldan qaytadir, «ishq»ni boshqa yo‘lg‘a burmak istaydir, xalq qayg‘usi bilan qayg‘urmoq, el dardi bilan yonmoq yo‘lini tutadir. Butun borlig‘ini shunga sarf etadir:

Voqif o‘lkim, dosha nayson dushmadii ta’sir yo‘x,
So‘ylamak nodona dosh, etmakdir g‘altona arz.
Moyai insofi yo‘x panding qimashin naylasun,
Gavhari maqsuding et bir sohibi vijdona arz.
So‘rma amniyat tariqin, Ajzi(y), har bemag‘zdin,
Sohibi urfona arz et, sohibi urfona arz.

Bu bandimizni shoirning tubandagi samimiy, ob-dor faryodi bilan tugatamiz:

Nadur, yo Rab, bu giryon chashmi xunborim tamannosi,
Bani g‘arqi balo to‘foni etmishdir bu daryosi.
Na gulshandir bukim, har guldadir bing xanjari xunrez,
Nedandir bengzamish jalloda har bir sarvi ranosi.
Bu gulshan, gulshan erkan, dahr xoriston emish yaksa,
Nasil xor o‘ldi gulshan, gulshan o‘ldi xor ma’nosi?
Tamaddun biza erkan cho‘la gezmish vahshiy ashobi,
Nedan, yo Rab, bu dam vahshata o‘rtanmish saruposi.
Maorif turrai mushkini savdosi-la maftunam,
Na sehr etmish bani xolu xat urfon Laylosi.
Bu kun hibs sadolari fanni osor jadid ermaz,
Bizim cho‘xdan sadomiz hibsa olmish jahl xulyosi.
Matoyi ma’rifat bozori savdosindayam, Ajziy,
Qamu savdo solib boshimga bu savdoni savdosi?!

Ajziyning ijtimoiy fikri

Shoirimiz u katta inqilobgacha cho‘zilg‘on oxirgi asrning yetishdirgan kishisidir. Shu davrda yetishgan mutafakkirlarimiz kabi uda tamomila o‘rus istilo siyosatiga dushman bir ruhga molikdir. Ajziy ijtimoiy hayotimizning har safhasiga juda chuqur tushungan va uning islohi uchun faol bir suratda cholishkanlardandir.
Behbudiy o‘z ishlarida Ajziyni birinchi yordamchi o‘laroq har vaqt ko‘rgandir. Eski davrda, ya’ni bukj Rusiya inqilobigacha bo‘lg‘on bizning harakatlarimizning Har sohasida bilfe’l ishtirok qilg‘on kishidir.
Jadidlik davrining eng birinchi faoliyat maydoni xatqni — millatni yetishdirmakdan iborat edi. Bu davr maorifchilik davri atalsa ham muvofiq bo‘lur. O‘rus millatchilik zaharli zahmlari Ajziyning bag‘rig‘a chuqur izlar qoldirg‘ondir. U har vaqt elning qonli panjalari ostida qolishdan zorlanadir, har tomong‘a qarasa, shuni ko‘radir, har voqeadan shuni istixroj etadir, yulduzlar Ajziycha elning bag‘rig‘a otilg‘on toshlardir:

Kavkablaring-la millati isloma otma dosh,
Bag‘rin jarohati dilamaz shimdidin xarosh.

Bulut uning ko‘ziga millatini ma’rifatdan mahrum qilg‘on bir devordir:

Abri jaholat ila bizi pardapo‘sh edub,
Cho‘xdan yoshurding el yonidan shu’lai quyosh.

Mana, ko‘ringiz «lola» Ajziyning ko‘ziga qanday ko‘rinadir va undan nimalar chiqadir:

Ko‘randa lola yafrog‘in gumon etmak chamandir bu,
Lisoni hol harifi darsi ibrat, anjumandir bu.
Shahidi xanjari ishqi vatanlar laxta qonidin,
Ko‘runmish parda nomus ilan xuni kafandir bu!

Eskidan mahbuba va ma’shuqalarning yuz yanog‘i va lablariga o‘xshatilg‘on gul ranglari uning ko‘ziga ko‘run-giz, qanday ko‘rinadir:

Bu gulshan sahnida gul yafrog‘i rangi gumon etmong,
Qizarmish xuni nohaq rangidin xoki vatandir bu!

Rasta, bozorlar ham unga zulm tirnog‘i bilan tilingan tilimlardir:

Diliklardir so‘qoqu rastalar gardun xaroshidin,
Tazallum novakidin yo‘qsa chok o‘lmish bandandir bu!

Ajziy oyna ko‘rganda uning tozaligini emas, uning yuzidagi «laka»ni ko‘radir va undan millatini eslaydir:

Yuzing kursi qamar ruxsor yanglig‘ chok-chok o‘lmish,
Qamu baxti qarolari, tiyra dilar etdi jamoling! —

nolasini chekadir.
Ajziyning vatan va millatini suygani va bundan olg‘on taassurini har qadamda izhor etgani, hatto ta’bir joiz bo‘lsa, hech bir dam millat, vatan andishasidan ayrilmog‘oni she’rlaridagi nola va faryodlaridan ochiq ko‘rinadir.
Shoirning bu suygani, elining dardi bilan mutaxis bo‘lg‘oni quruq bir sevish yoki bir bo‘sh taassurdan iborat bo‘lub qolmaydir. Balki so‘z bilan qancha kuyub-yonsa, shuncha amaliy ishga ham kirishadir. Boshlab ma’shuqining asir ekani ko‘ziga ko‘rinadir va yig‘lay boshlaydir:

Kimsa, yo Rab, bu dili zorima etmazmi iloj,
Dili gam diydayi afkorima etmachmi iloj.
G‘am hujumi-la do‘kar diydalarim qon, hech kim
Bani bu diydayi xunborima etmazmi iloj.

degandan keyin yoshlik ko‘zlari bilan sizga zorlana boshlaydir:

Xalqdin yorliq istarman ul umid ilakim,
Kelmish ag‘yordin ozorima etmazmi iloj, —

degach, bu «g‘ayr»dan kelgan «ozor»ning «qavmiyat sha’nining» qanday «paymol» qilg‘onini to‘lub-toshib anglata boshlaydir:

Sha’n qavmiyat dushvorki, ko‘rsam poymol,
Kimsa bu holati dushvorima etmazmi iloj.

Ajziy o‘z oh-vohidan va ko‘b yig‘lag‘snidan keyin qancha yig‘lasa ham, dod desa ham o‘z maqsadini o‘z eliga ochiq bildira olmag‘onidan o‘zi munfail bo‘lub, mukaddar savolga javob bera boshlaydir:

Nolau faryod etarmu kimsa bemor o‘lmasa,
Siynasi tig‘i «tazzalum»lar-la afkor o‘lmasa.

Va:

Yora arzi muddao taqdim etarman oshkor,
Maxfiliy dilbarda nomahram-la «agyor» o‘lmasa,—

bayti ila dilbarining majlisda «nomahramlar» bilan «ag‘yor», ya’ni o‘z millatining g‘ayri millatlar changalida bo‘lish jihatidan shoir muddaosini ochiq ayta olmasliqidan zorlanadir va fitnachilarnish tuzog‘idan «aql va farosat» egalarining hech vaqt «emin» bo‘la bo‘lmag‘onlarini, ehtiyot qilmasa, qo‘lg‘a tushub qolish ehtimoli borlig‘ini aytib o‘zining orqasidan o‘rus xufiyalarining tilga yurganiga ishorat qiladir:

Fitnajo‘lar kedidin emin degil ahli tamiz,
Saydi domi fitna o‘lgay kimsa hushyor o‘lmasa.

Va o‘zining sirlarini qanday pardalar orasida yoshurg‘anini va muammodan xabardor bo‘lmag‘anlarning so‘zning mazmuniga tushunmayeligini bildurib o‘tadir:

Shevai guftorim asrorig‘a mahram o‘lmadi
Kimsakim, Ajziy, muammodan xabardor o‘lmasa.

Yuz yillar bo‘yincha uzun muddat tartibsizliklar ichida yashag‘on va so‘ngra ellik yillab siyosiy va iqgisodiy bir istibdodning og‘ir yuki ostida birdan-bir tebranmakchi bo‘lg‘on buyuk bir katalang yetishdirgan kishisining shunday vatanchi va millatchi bo‘lishi kerak edi. Biz Ajziyning «millat» degan tarzi talaqqiysidan anglaymizki, bu kundagi tarzi iste’molidan boshqa bir ma’no beradur, uningcha «islom» bir millatdir, har «musulmon» o‘z millatining bir a’zosidir. Bu tarzi talaqqiy yolg‘uz Ajziyda emas, bu davrda yashagan ko‘b kishilardan ko‘riladir. Bular islom dinining millat sajiyasini bir millatga kerak bo‘lgon qadar, birgalikda da’vo qiladir. Insonlarning hech birining boshqasidan (qon — uzv) jihatidan ayirmasy yo‘qlig‘ini, bo‘lsa — sajiya, til, an’ana, g‘oya e’tibori ila bo‘lishi mumkin ekanini ilgari suradilar. Shunda ming uch yuz yildan beri islom millatlarining bir-birovi bilan yaqin munosabatlari orqasida (axloq — odat) e’tibor ila har yerda bir turluk ekanini va har bir musulmonning «islom baynamilal tili» arabcha orqali bir-birovni anglay olishini va bir ming yil ilgari an’ananing davr an’anasi ostida sekin yo‘q bo‘lub ketganini bayon qiladirlar.
Bundan boshqa musulmon millatlarining g‘oya e’tibori bilan ham bir shaklda, bir yo‘lda ekanlarini aytadirlarkim, uda butun musulmonlarning Ovrupo zulmi ostida bo‘lishlari va bundan qutilish kerakligidir.
Bizning Ajziy ham shu zamirdandir. Uning uchun turk, fors, arab, hind millati yo‘qdir. Bularning musulmon bo‘lg‘on qismi hammasi bir millatdir. Bu fikr musulmonlar orasida asosan eskidir. Islom dini haqiqatan shu qadar ta’sir etkandirki, urug‘, nasl e’tibori ila kelgan ayirmalardin ayirmasi ostida so‘nub, e’tibordin tushgandir. Arab qonining boshqa «islom» millatlari qonig‘a ko‘b qo‘shilishi ham bunga ko‘b yordam qilg‘ondir. Hozir ham xalqdan «kimsan» deb so‘ralsa, «musulmon» degan javob olinadi.
Bir millatning bu tarzi taraqqiysi Ajziyning o‘z davrining kishisi ekanini ko‘rsatadir.

Public domain
This work is in the public domain in the United States because it was first published outside the United States prior to January 1, 1929. Other jurisdictions have other rules. Also note that this work may not be in the public domain in the 9th Circuit if it was published after July 1, 1909, unless the author is known to have died in 1953 or earlier (more than 70 years ago).[1]

This work might not be in the public domain outside the United States and should not be transferred to a Wikisource language subdomain (or as a file it should not be migrated to the Wikimedia Commons) that excludes pre-1929 works copyrighted at home.

PD-US-1923-abroad Public domain in the United States but not in its source countries //wikisource.org/wiki/Turk_shoiri_Ajziy