Turkistonda ruslar

Turkistonda ruslar (1918)
by Abdurauf Fitrat
334371Turkistonda ruslar1918Abdurauf Fitrat

Islom madaniyati tarixining oltunli, yulduzli yaprog‘laridan buyuk bir qismi, shubha yo‘qdirkim turklar to‘g‘risida yozilg‘andir.

Yunondan Rumog‘a, Ubadan Konstantaniyaga ko‘chib kelgandan keyin ta’sir etib, taassublari tarafidan qo‘l-oyog‘i bog‘lanib qolg‘an madaniyati bilan ulum va funun Bag‘dod saltanatining egalari bo‘lg‘an abbosiylar tarafidan turgizildi va tarbiyot ko‘rdi.

Ul chog‘larda yer yuzini baxtli muhabbat kabilari qoplag‘an abbosiylar saltanati yolg‘izg‘ina siyosat negizi emas, ulum va funun tengizi ham edi.

Abbosiy saltanati nifoq, nizo’, axloqsizlik, g‘urur, isrof va zulm kabi ko‘b ijtimoiy kasallarga tutulib o‘lg‘andan keyin uning merosini yana islom siyosati bilan islom madaniyatini o‘z qo‘llarig‘a olib turklar saqladilar. Abbosiylardan so‘ng ulug‘roq islom saltanatlarini turklar qurdilar. Abbosiylar qo‘lidan chiqib yana egasiz qola boshlag‘an madaniyatni turklar asradilar.

«Bizning Turkistonimiz esa mana shu buyuk turk ulusining beshigi bo‘lmog‘i bilan iftixor qiladi…» Yolg‘iz shumi?.. Abbosiylardan so‘ng islom saltanatig‘a qorovuyaliq qilg‘an turk xoqonlarining oxiri va ulug‘larida bo‘lg‘an Temur yanglig‘ turk qahramonini Turkiston yetishtirdi. Yana abbosiylardan keyin «madaniyati bashariya»ni boshlari uzra ko‘targan turk olimlarining kattakonlari bo‘lgan Abu Ali, Ulug‘bek, Javhariy va Forobiy kabi hikmat tiraklarini Turkiston chiqardi.

Aflotunlar chog‘inda Afina, Rumo saltanatida Rumo, abbosiylar xulofotinda Bag‘dod qancha taraqqiy qilg‘an bo‘lsa Temur va Ulug‘beklar zamonida Samarqand shuncha taraqqiy qilg‘an edi.

Bir kishining miyasig‘a chog‘irning qanday ta’siri bor esa, bir millatning miyasig‘a daxi saltanat va madaniyat ichgusining shundayin ta’siri bordir. Saltanat, boyliq va madaniyat ichgulari bizning miyamizni buzdi, bizni mast etdi, qo‘limizdag‘i saltanat qilichi bilan madaniyat daftarini bir yong‘a qo‘yib safoat cholg‘ularini oldiq. Urdik, choldik, ichdik, yiqildik, yondik va shunlar uchun bir-birimiz bilan urushdik…

Mana shul chog‘larda edikim: Rusiya davlati bizning o‘lkalarimizni kelib bosdi. Ortuq biz Turkiston turklari Ovro‘pa madaniyati tashiguchi bo‘lg‘an rus millatig‘a yo‘liqg‘an bo‘ldik. Madaniy ruslar bilan qorishib unlarning dalolati Ovro‘paning madaniy va ijtimoiy usullaridan ta’sir olmog‘imiz kerak edi.

Shuni ham aytib o‘taylukkim munday bir ta’sirni rus millatining avom tabaqasindan olmog‘i(mi)z mumkin emas edi, chunki bizning avomimiz unlardan yuz marotaba madaniyroq edilar (hozir ham shunday). Ruslarning o‘qug‘an, tarbiyali kimsalarindan sosializm va qardoshliq maslakinda yurg‘anlar ham imperatorlik hukumati tarafindan quvilib, qisilib turg‘anlari uchun bizga biror ta’sir qo‘yolmas edilar.

Qoldi: rus millatchilari, rus boylari va rus po‘plari bilan shunlarning qorovuli bo‘lg‘an imperator hukumati. Biz turkistonlilar yolg‘iz shunlarning qo‘linda qoldiq. Ne ko‘rgan bo‘lsak shunlardan ko‘rdik.

Endi ko‘raylik qani: shunlar bizning taraqqiyimiz va Ovro‘pa madaniyatidan ta’sir olmog‘imiz yo‘linda biror ish qildilar yoxud qilmoqchi bo‘ldilarmi?!

Rus kapitalistlari bilan rus po‘plarining sodiq va ishonchli qorovullari bo‘lg‘an eski Rusiya huqushti elli(k) yil orasida, Turkistondag‘i turk bolalarining foydalarig‘a biror ish ko‘rdimi, ko‘rmoqchi bo‘ldimi?

Mana shul savolga, Maltaassuf, «yo‘q!» dan boshqa bir javobimiz yo‘qdir. Yurtimiz: elli(k) yillik bir idorayi askariya ostida turdig‘i uchun biz Ovrupaning madaniy millatlari bilan ko‘risholmadik, unlarning ijtimoiy va iqtisodiy fikrlarindan istifoda qilolmadiq. Bizning ko‘zlarimizni ochdurmaslik uchun fikri ochiq totor qarindoshlarimizning daxi Turkistonda maktab ochmoqlari man’ etildi.

Bizning diniy va milliy hissiyotlarimizni o‘ldurmak tilagi bilan O‘straumov kabi mutaassib po‘plarning idorasinda gazit chiqarildi, maktab ochildi, lekin o‘z millatimiz va diyonatimizni onglatmoq uchun o‘z tarafimizdan ochilg‘an maktablar va gazitlar bog‘landi, shar’iy mahkamalarimizning huquq va salohiyatlaridan buyuk bir qismi g‘asb etildi.

Mahkamalarda, uylarda, yo‘llarda, tijoriy ishlarda, hatto vagon arbalarinda Turkiston yerlisining huquqi Turkiston musofiri bo‘lg‘an rus va armanidan tubanda tutildi.

Buxoro va Xiva hukumatlarining doxili istiklollarig‘a, milliy nomuslarig‘a turli bahonalar bilan tajovuzlar qilindi. Bu ikki hukumat o‘z o‘lkalarinda o‘z hukmlarini yurutolmas bo‘ldilar. Mamlakat va millat qoidalarig‘a bu ikki hukumat tarafindan sira biror harakat sodir bo‘lmadi, sodir bo‘lg‘anda ham necha qizg‘in no‘talari va zolimona tahqir bilan yo‘llari olindi.

Elli(k) yilda(n) beri shundayin haqsizliqlar va zulmlar orasida bo‘g‘ulib kelgan Turkiston bukun o‘z muxtoriyatini Ho‘qandda e’lon qildi. Ho‘qandda ijtimo’ etgan Turkistonning to‘rtinchi qurultoyi o‘z bayonnomasinda «Fedaratsa asosiga qurulg‘an Rusiya jumhuriyati ila birlikda qolg‘ani holda Turkiston muxtoriyati» degan so‘zni yozib, Rus hukumatig‘a sodiq qoldig‘ini bildurdi.

Shuning ila barobar «Turkistonda aqliyat tashkil qilg‘an millatlarning huquqtarining har jihatdan saqlanmog‘ini ham tantanali suratda» e’lon etilib, adolat bayrog‘ini ko‘tardi.

Elli(k) yildan beri shuncha zulm orasinda qolg‘an Turkiston bu kun o‘z muxtoriyatini shuncha adolat va sadoqat bilan e’lon qilibdir. Bilmadik nechundurkim, hozirda ish boshinda adolatchi bolsheviklar muni qabul qilmay turalar..!

«Hurriyat», 1918 yil, 63—64-sonlar


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"