Turksoyuz va yerlik xalq
Yangi Iqtisodiy Siyosat davrida eng muhim bir muassasaga aylangan Turksoyuz to‘g‘risida gazeta betlarida xiyla ko‘b yozildi, xiyla ko‘b tanqid etildi, so‘kuldi, lokin, bu bechora muassasaning tublik suratda tuzalgani ko‘rulgani yo‘qdir. Bu idoradan yerlik xalqning mehnatkashlari bir chaqaliq foyda ko‘rdi deb da’vo qilg‘an kishi – bu da’vosi oldida o‘zi uyalmoqqa majburdir. Bu idoraning umuman yerlik xalq bilan, o‘shal yerlik xalqning foydasig‘a bo‘laturg‘an aloqa va munosabati yo‘qdir. Uning yerlik xalq bilan bo‘lg‘an munosabati yerlik xalq qo‘lidan oziq-ovqat va har xil boshqa mollarini sotib olish va bir necha musulmon qorunlarini to‘yg‘azish, semirtishdan iboratdir. Musulmonning eng vijdonsiz, iflos hannotlari, eng maslaksiz qorin bandalari uning vakili bo‘lub olg‘anlar.
Bu haqiqatlar yangi kashf etilgan haqiqatlar emas, hammaga ochiq ravshan, ma’lum bo‘lg‘an hollardir. Buni qaytadan yozib o‘lturmoqning foydasi-da, kerakligi-da yo‘q edi. Lokin, Turksoyuzning yerlik xalqqa qarashini ochiq ko‘rsataturg‘an bir voqea, bizni shu satrlarni yozmoqqa majbur etdi.
U-da shundan iboratdirkim, Turksoyuzda Turkiston dorulfununining ijtimoiyot shoʻbasi uchun bir necha istipendiya (joy) bor ekan. Bizning olg‘an ma’lumotimizg‘a qarag‘anda mazkur joylarda birgina bo‘lsun yerlik xalq yigitlari bo‘lmay, hammasi ovrupolilarg‘a tahsis etilgan ekan.
Bizning ko‘z oldimizda yerlik xalq yoshlarining “Ko‘mak” uyushmasi oliy maktablarga kirmak istagan o‘zbek yoshlarini qandog‘ qilib joylashni bilmay, o‘zini har yoqqa urub turg‘an choqda shu holatni ko‘rgandan so‘ng o‘zimizni to‘qtata olmasdan, ixtiyorsiz:
– Hoy uyatsizlar! – demakka majbur bo‘lamiz…
A.S.
“Qizil bayroq” gazetasi,
1922-yil, 13-avgust.
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|