Tursunoy sahnada (1928)
by Abdulhamid Choʻlpon
334332Tursunoy sahnada1928Abdulhamid Choʻlpon

«…ba’zida allanimalarni umid qil­g‘an bo‘lasan kishi, lekin baxtning sho­hi etagi sira tut­qin bermaydi…»
(«Ikki boyg‘a bir qarol» piyesasida Klariche – Tursunoyning so‘zlaridan»)

1

«Ikki boyg‘a bir qarol» piyesasida Klariche ro‘lini har to‘g‘rida yaxshi va jonli qilib o‘ynag‘an Tursunoy Klarichening shu alamli so‘zlarini sira ta’sirli qilib ayta olmas edi. Bu qisqag‘ina jumla, agar yaxshilab aytilganda, o‘z tilagiga erisha olmag‘an bir qizning og‘ir fojiasini har qanday tosh ko‘ngillarga ham sezdira oladi; har qanday metin yurakni ham bir qadar qaltirata oladi. Ammo bu jumlani Tursunoy o‘ynag‘an Klarichedan eshitganlar necha marta eshitgan bo‘lsalar hammasida ham hijir alam ta’siri(ni) ololmadilar, juda bo‘lsa yengilgina bir kulib qo‘ydilar… Bizning bu gaplarimizdan Tursunoyning hunarsizligini anglamoqchi bo‘lg‘anlar bor esa shoshmasinlar!
«Bir qarol»ni sahnaga qo‘yg‘an kishi – rejisso‘r so‘nib borayotkan Dorabek (feodal) oilasining erka va nozli qizi Klarichega shunday bir tabiat va xulq bergan edikim, uning dunyo-dunyo alam va iztiroblari ham hech kimda hech qanday marhamat sezgisi qo‘zg‘atmas edi. Demak, o‘z muallimining shu mafhumda* bergan ro‘lini shogirdi Tursunoy juda yaxshi bajarib chiqqan: shunday alamli bir jumlani aytgan vaqtida uni hech kim qizg‘anmag‘an.
Zotan, Tursunoyning o‘z tabiati va xulqi shu edi. Uni ko‘rgan vaqtlarimda men hamma vaqt shoirning shu to‘rt yo‘l baytini eslar edim:
Turmushning o‘zisiz deya olmayman,
Chunki yuzingizda doim jilmayish,
Qayg‘i-alamlarni ermak qilasiz,
Ehtiyoj qoshida go‘dak bolasiz…
Tursunoy juda jonli va sho‘x bo‘lsa-da, «turmushning o‘zi» emas edi, chunki u «doim kulib va jilmayib» yurar edi, holbuki, turmush hamma vaqt va har kim uchun «o‘yin-kulgi» emasdir; unda «echkiga jon qayg‘i, qassobg‘a yog‘» degan hikmat hali ham butun dahshati bilan hukm surib keladi. Dunyoning yolg‘iz oltidan biridagina ezilganlar ezganlarga qarshi qo‘zg‘alib, yoruq dunyo tuzish yo‘lida ish boshladilar; jiddiy, astoydil va hayajonli ish boshladilar, lekin dunyoning oltidan besh hissasida haligi hikmatni haq deganlar hukm surib keladilar, hukm! Mana shu uchun «doim o‘yin-kulgi»dan bo‘shamag‘an, hamma vaqt «qayg‘i-­alamlarni ermak qilg‘an», ehtiyojini sira pisand qilmag‘an, uning oldida «go‘dak bola» kabi beparvo yurgan Tursunoy, albatta, turmushning o‘zginasi emas edi.
Shu uchun u turmushning o‘zginasini to‘g‘ri aks etdirgan asar va ro‘llarda muvaffaq bo‘lolmasdan, hamma vaqt jiddiyatdan kulgan narsalarda muvaffaq bo‘lub keldi.

2

Dorabek qizi Klariche turmushda, haqiqatda, balki, muncha yengil va muncha erka bo‘lmag‘andir. Yuqoridag‘i jumlalarni u, balki, yig‘lab turib gapirgandir. Lekin Klariche – Tursunoy uni bizga boshqacha qilib, u boy qizidan kulib, uni ermak qilib ko‘rsatdi. Tursunoyning sho‘x va o‘ynoqi tabiati ham bunga katta yordam qildi. Tursunoy Klarichesida bir umr esdan chiqmaydurg‘an joylar bor edikim, bilmayman, yosh sahnamiz yana o‘shanday bir tasvirni qachon ko‘ra oladi.
Yosh «nomahram» va sevilmagan bir erkak («Beatricha») bilan yolg‘iz bir uyda qolg‘an va ota-onaning rizolig‘i uchun u bilan xushchaqchaq qilib gaplashishga majbur bo‘lg‘an Klariche (xuddi bizning o‘zbek qizlari kabi!) birdan qoshidag‘i erkakning erkak emas, xotin bo‘lg‘anini eshitadi. Shunda Tursunoy yugurib o‘sha erkak kiyimli xotinning yonig‘a boradi, uning xotin-erkakligini bilish uchun ba’zi bir sinashlarni qilib o‘tkazadi: mo‘ylavini ko‘radi, tanlarini siypalab qaraydi, o‘tkur va, ayni holda, o‘ynoq-sho‘x ko‘zlari bilan qarshisidag‘i odamni boshdan-oyoq bir suzib chiqadi: so‘ngra xotinlig‘ini juda ochiq bildiraturg‘an bir ishni qiladi – ya’ni uni qitiqlab ko‘radi, shunda ikkalasi ham tamom xotinlar kulishi bilan kulib yuboradilar… Shu bilan qarshidag‘i erkakning xotinlig‘i aniq bilinadi. Ana o‘sha sinash vaqtida Tursunoy yengil, yumshoq va xuddi o‘ziga maxsus harakatlar bilan shunday shirin bir o‘yin berar ediki, endi uni, bilmadik, kim bera oladi.
So‘ngra erkak qiyofatli xotin bilan do‘stlashadi, qalinlashadi, dardlashadi. U xotin mundan shu do‘stlik hurmatiga bir o‘pish so‘raydi, so‘rag‘anda ham erkaklarcha emas, xotinlarcha so‘raydi.
– Keling, bitta o‘pib olay! – deydi. Shunda Klarichening bir uyalishi bor, oddiy so‘zlar bilan aytiladi:
– Yo‘q, men uyalaman…
Lekin shu oddiy so‘zga Tursunoy shunday bir ohang beradi­ki, u oddiy so‘z butkul tanimaslik bir holga keladi va xotin-­qiz uyalishlarining eng nozik bir onini juda shirin qilib ko‘rsatadi.
So‘ngroq Klarichening yana bir nozik o‘yini keladi: u o‘zining asl sevgilisi bilan (ahmoq va telba Silvio bilan!) bir uyda yolg‘iz qoladi. Boya «erkak qiyofali» bir odam bilan xilvatda bir oz gaplashib qo‘ymadimi? Ahmoq kuyov u odamning xotin bo‘lganini bilmaydi, Klariche esa buni ayta olmaydi (chunki aytmaslikka ahd qilg‘an); shu uchun kuyov yigit undan xafa, o‘pkalangan, uni «jirkangich xotin!» deb so‘kadi. Bu unga:
– Men sizni butun ko‘nglim bilan sevaman! – desa, u bunga:
– Men sizni butun qalbim bilan yomon ko‘raman! – deydi.
Nihoyat, Klariche ahmoq kuyovini o‘lim bilan qo‘rqitmoqchi bo‘ladi-da, orada mana bu gap o‘tadi:
«K l a r i ch ye: Agar shu sitamlaringizni tashlamasangiz, men o‘laman!
S i l v i o: Sizning xiyonatingizni ko‘rgandan ko‘ra o‘ligingizni ko‘rsam yaxshi.
K l a r i ch ye: Bo‘lmasa, men sizni xursand qilishga yarayman!
S i l v i o: «Jon» deb ko‘raman bu tomoshangizni…»
Shundan so‘ng Klariche qilichni qo‘lig‘a oladi va hazilakamdan o‘zini o‘ldirmakchi bo‘ladi. O‘shanda Tursunoyning juda bebaho harakatlari bor. Qilichning o‘tkurmi-yo‘qmi ekanini bilmak uchun uning tig‘ig‘a qo‘lini tegizib ko‘radi, shunda qo‘li tegar-tegmas qo‘rqib tortib olishlari va qilichning uchini emas, sop tomonini ko‘ksiga qo‘yg‘ani holda og‘riq, iztirob va qiynalishni yolg‘iz yuz harakatlari bilangina shuncha ochiq va go‘zal ko‘rsatishlari katta mahoratning borlig‘ini bildiradi. Umuman, Klariche ro‘lida Tursunoy juda berilib o‘ynab, uning ichida erkin-erkin yashar edi. Shubhasiz, u ro‘lga bizdan yangi kuchlar chiqadi, yangi narsalar beradi, ko‘rsatadi, lekin Tursunoyning o‘ziga xos harakatlari o‘zi bilan birga ketgan bo‘ladi…
Adib Fitratning sodda, lekin qiymatli bir asari bo‘lg‘an «Arslon»da Tursunoy kichkina bir ro‘lni o‘ynar edi. Tur­sunoyning qudrati va quvvati o‘sha kichkina ro‘lni ham ulkanlar qatorig‘a chiqardi, bir ko‘rinib o‘taturg‘an Zaynabni bir umr unutilmas tasvirga aylantirdi.
Zaynab – Mansurboyning katta xotini. Uning ustiga Mansurboy Sharofat deganni olg‘an: endi uning ham ustiga To‘lg‘an degan kambag‘al bir qizni olmoqchi bo‘lub yuradi, Zaynab erining bevafolig‘i va zanparastligiga* bir zamonlar xo‘b yonib-kuygan bo‘lsa kerak. Endi uning rashk olovlari o‘chgan: u o‘zi ham o‘sha qishloqning imom domlasi bilan (duo, em, qaytarma va hokazolar bahonasida) o‘ynashib yuradi. Zaynab bilan domlaning Zaynabga xos uyda bazm qurishlari «Arslon»ning eng go‘zal va qiziq ko‘rinishidir. Har safar diqqat qilaman: xalq, tomoshachi o‘sha ko‘rinishda doim yashaydi, unga «jon» kirib turadi. O‘sha ko‘rinish qayta-qayta olqishlanadi. U olqishlarning ko‘pi, shubhasiz, Tursunoyg‘a borib tegishi kerak. Chunki u Zay­nabda so‘z ohangi (intonatsiya) bilan harakat (dvijeniye)dan birlashgan ajoyib, go‘zal, yangi va asil o‘yinlar beradi. U o‘yinlar rejisso‘r ko‘rsatgan sahna chiziqlari ichida Tursunoyning o‘z ijodlari, o‘zi yaratkan badialar edi. Unda Zaynabning bir so‘zi bor, oddiy so‘z, xotin-qizning turmushidag‘i mayda, lekin xarakterli so‘zlaridan:
– Boyingiz ham qursin! Tuturiqsiz! Kunda bir xotin olib, nima qilar ekan?
Bu so‘zni Tursunoy o‘ynag‘an Zaynabning og‘zidan bir marta eshitgan kishi yana qaytib-qaytib eshitmak istaydi va bundan so‘ng u so‘zni aytadurg‘an Tursunoyning butkul yo‘qliqqa ketganini o‘ylasa, chinakam alam va hasratlar ichida qoladi. Tursunoy u so‘zga juda g‘alati bir so‘z ohangi berib gapirgach, o‘sha gapning o‘lchovi bilan yerga o‘ltirib qolardi. Bu, albatta, uning «vazn» va cholg‘i quvvatini ko‘rsatadi.
Yana o‘sha ko‘rinishda Zaynabning mana bu so‘zlari ham Tur­sun­oy o‘ynag‘anda juda ajib bir so‘z ohanglariga ega bo‘lar edilar:
– Lo‘li xotin, meni tushunmaydi deb o‘ylaysanmi? Juda yaxshi bilaman.
So‘ngra:
– Sharofatning jodusi bilan To‘lg‘an o‘lsa, mening jodum bilan Sharofat o‘ladi!
Bu sodda, lekin Tursunoy og‘zida shirin va go‘zal jonlang‘an so‘zlarning ohanglari uning o‘zi bilan birga o‘ldilar. O‘rnig‘a kelgan boshqa ohang, albatta, boshqalig‘ini sezdirib turadi.

3

«Halima» va «Turondod» to‘g‘risida gaplashishni boshqa vaqtg‘a qoldiraman. Tursunoy bir maqolaning zamini emas, bir necha maqola kerak.
Tursunoy yengil par kabi bir uchib o‘tdi. To‘zg‘an pardan hech narsa qolmaydi. Ammo uning yaratQan ro‘llari sahnamizni bir yilgina bo‘lsa ham yaxshi yoritdi, nurlantirdi.


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"