Umid sizdan! (1918)
by Abdulhamid Choʻlpon
334340Umid sizdan!1918Abdulhamid Choʻlpon

Muxtoriyat e’lon etildi!
Uning to‘g‘risida do‘stlardan ham, dushmanlardan ham ko‘b gap­lar eshitdik. Do‘stlarimiz: «Muborak bo‘lsun, xayrlik natijalarini ko‘ringiz!» – dedilar. Ba’zi do‘stlarimiz yopilib-­yopilmasdan: «Muxtoriyatingizga «Yashasun!»dan bosh­qa so‘zimiz yo‘q. Ammo, ammo… hozirlanmag‘an, tayyorlanmag‘an, o‘qumag‘an vaqtingizda bo‘lg‘an Muxtoriyat ilgarigi xonlik­larni keltirmasa edi…» – deb qo‘yurlar.
Endi bolsheviklarga kelsak, ularning nazarlari juda ochiq va qat’iy: «Bizning so‘zga unasang unading, unamasang – shop»! Boshlaringda qizil gvardiyaning nemisni urib, Berlinni olib, Angliya va Avstriyadagi mazlum millatlarni qutqazub, frantsuzlarning Tunsin yerlilariga olib bergan qutlik qilichi kapalakday pirillar… Xulosa: «Xo‘b»mi? «Xo‘b» bo‘lmasa, Allohu akbar!» Balki, ba’zi muxbir kishilar bolsheviklarni bu darajada ochub ko‘rsatishimizga rozi bo‘lmasalar-da, mendan xafalanadirlar. Ham: «Dalilsiz da’voning qozisi – da’vogarning o‘zi!» – degan gapni takrorlar. Men ularga mavlud kuni Toshkentda to‘kulgan qonlar ila Buxoroda va Xivadagi bolshevik hukumati bo‘lg‘andan keyin­(gi) hollarni ko‘rsatsam. «Nasha gazeta»* betlarindagi uzun maqola va xabarlarni o‘qub ko‘ngillari ul tarafga moyil bo‘lg‘anlikdan qanoat etmaslar. Ammo bu kunlarda Andijonda bo‘lg‘an bir voqeani aytsam, ehtimolki, bir oz yumsharlar:
Andijonda bolsheviklar Soldat va ishchilar sho‘rosi vositasi bilan sobiq milisiya nachalnigi Samoyluf ismli bir kishini qo‘ymoqchi bo‘ldilar. Duma a’zolari ila aksariyat(ni) tashkil etgan musulmonlar boshqa kishini ko‘rsatdilar, ularning (bolsheviklarning) javoblari yana haligi: «Unamasangiz, qon to‘kiladi!»… Shuning bilan hozir Andijonimiz ko‘ngilsiz voqealar oldinda turadi!..
O‘ylamoq kerak: hozir Nikolay vaqti bilan zamonamizning farqi yo‘q! Nikolay vaqtida gubernaturlar biror kishini hokimlik va boshqa ishlarga o‘zlari tayinlab qo‘yarlar edi. Musulmonlar e’timodsizlik bildursalar, ba’zan boshqani ham qo‘yarlar edi. Bir hokim uchun qon to‘kilganini men eshitganim yo‘q… Shuning uchun hurriyat, adolat va musovot kabi shu’lalar yorqiragan bir zamonda bo‘lg‘an shunday voqelar yana bizning Nikolay asrinda yashadigimizni ko‘rsatadir!
Mana shunday hollarni o‘ylaganda ko‘ngullar umidsizlik daryosiga botub, ko‘ngilsizlik to‘fonlarinda g‘arq etiladir. Qalamlar ilgari rahmsiz senzurlardan qo‘rqqanday bo‘lub qog‘ozning yo‘llariga yuz qo‘yishga unamaydirlar… Ana shunday vaqtlarda pastda aytiladirgan voqealar ko‘z oldig‘a kelub, nochor-noiloj yuraklarning favqulodda shodlik ila ko‘tarilish­larindan paydo bo‘lgan ovozni tilini g‘uldiratub aytishga majbur bo‘lasan: «Yashasun Turkiston Muxtoriyati! Bor bo‘lsun haqiqiy va to‘g‘ri yo‘ldagi fuqaholar! Gullab ko‘karsunlar umid yulduzlari bo‘lg‘an yoshlar!» – deb…
1. Toshkentda «Fuqaho jamiyati» bolsheviklarning eng zo‘r suyanchlari bo‘lgan qo‘l kesish va qasosga doir ochiq va yaxshi yo‘l topdi!
2. 1-2 million qahramon turk-tatar askariga tayangan Harbiy sho‘ro bo‘lg‘an holda kallalanub, ochilub, yashnab kelmakda bo‘lg‘an Ishchilar va dehqonlar sho‘rolarining Muxtoriyat bayrog‘i ostida Muxtoriyatga jon va qon fido etishga hozir bo‘lub turishlari; Muxtoriyat (bayrog‘i) ostida qonun va shariat yo‘llari ila o‘zlarig‘a yoruq kun istashlari, ularning ul talablarina millat xodimlarimizning ham yaxshi yuz ko‘rsatishlari.
3. Andijonda «Jamiyatlar jamiyati» tashabbusi bilan bo‘lg‘an shahar va atrof syezdiga hamma jamiyatdan 2 kishidan vakil kiritilg‘ani holda «Sho‘roi islomiya» raisi janoblarining tashabbusi va g‘ayrati ila majlisning jamiyatindan 20 vakil qabul etishi, har ishga ishchilarni yaxshi nazar bilan kirgiza boshlashi.
4. Shu syezdda uloq, to‘y, ma’raka kabi bid’atlarning isroflari tamom bitirilub, sarflari kuch bilan bo‘lsa ham olinub, ochlik bilan azoblang‘anlarga yordam berilishi g‘oyat jiddiy tadbirlarga kirishishga qaror chiqarilish va ul qarorlarning samaralari ko‘rinmakka boshlash. Yana shu syezd­da Turkistondagi ortiq yerlarni sug‘orib, ishchilarga topshirub, Turkistondagi musulmon ishchilarni yer bilan ta’min etishga yo‘l ochilishi.
5. Muxtoriyat foydasi uchun Andijonda bo‘lg‘an tiyotrlarda Turkistonning o‘z turk bolasi, gimnaziya shogirdi, 16 yoshlik Sanjar Fozilbek o‘g‘lining Muxtoriyat bayrog‘i ila uning ostiga qilgan ajoyib bir manzaralik rasmining Amriqo usulida auksion (mazoida) 1200 so‘mlarga sotilishi, qahramon xodimi Qo‘chqorboy afandining buyuk hamiyat bilan ul rasmni olishi, boshqalarning ham bu ishka yaxshi ahamiyat berishlari…
Bular hammasi, hammasi qorong‘u kechalarda yaltirag‘an yulduzlardir…
Bulardan umid, bulardan imon, bulardan ruh ko‘rinadir.
Bular bizning istiqbolimizning, keladurg‘an yo‘limizning chaqiriqlari, alomatlari, belgilaridir.
Turklar, turk urug‘lari, turk ellari inqirozga, yo‘q bo‘lish­ga mahkum emaslar. Bular o‘zlarining eski beshiklari bo‘lg‘an Turkistonda yana ilgarigi shavkat va saltanatlarini tirgizarlar. To‘g‘rilik, kenglik, qardoshlik asosiga qurulg‘an taxtlarini (Millat majlislari demakdir) obod qilurlar.
Xususan, bizning Turkiston hech vaqtda ham porloq va oydin ertalardan quruq emas ham quruq bo‘lmas! Chunki turk qaynag‘an yerning ismi Turkiston: «Sen qayerliksan?» – deb so‘rama, «Men turkistonlikman!» – der va uning yuragi Turkistondadir. Turkiston nomi bor vaqtda Turkiston ulug‘dur, zo‘rdur, ul 100 milliondan ortiq kuchga tayanub uning ko‘ksiga qilich tiqqani kelganlarga qachon-da bo‘lsa:
– Ket, mahv bo‘lursan! Yaqinlama, qul bo‘lursan! – deya va deya olur.
Aytingiz onangiz Turkistonga:
«Yov so‘qqali kelgach, qilichini yuragingga tut(ish) oldida: «Ol ko‘ksumi, qalqonmi kerakdir?» – deb…


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"