Umring o‘tkarma tamoshoi gulu gulshan ila...

Umring o‘tkarma tamoshoi gulu gulshan ila...
by Tabibiy Ahmad
332840Umring o‘tkarma tamoshoi gulu gulshan ila...Tabibiy Ahmad

Umring o‘tkarma tamoshoi gulu gulshan ila,
Tut barobar onikim oqil esang gulxan ila,
Chekibon ranju balo borini jonu tan ila,
Borho ulfat etib sohibi ilmu fan ila,
Dushman ar qilmasa olamda madoro sen ila,
Sen madoro qilako‘r jahd etibon dushman ila.

Ey jahon ichra o‘zin qilg‘on asiri savdo,
Kom maqsud esa gar rohati jovid sango,
Xalqning yaxshi, yomonig‘a maosh et paydo,
Nechakim ko‘rguzub har lahza sango javru jafo,
Dushman ar qilmasa olamda madoro sen ila,
Sen madoro qilako‘r jahd etibon dushman ila.

Kimki ahbobing esa qil anga lutf ila nazar,
Dushmaningga dag‘i bad so‘z degali ayla hazar,
Ya’ni til uchi bila ko‘nglini shod et yaksar,
Oqibat hosil etar dahr aro bu ikki hunar,
Dushman ar qilmasa olamda madoro sen ila,
Sen madoro qilako‘r jahd etibon dushman ila.

Oz erur mingdin agar ko‘p esa ahbobing,
Dushmaning bir esa ko‘p bo‘lg‘usi panjo to ming,
Bas quloq tut bu so‘zimga tuzubon odobing,
Aylab omoda maosh aylagali asbobing,
Dushman ar qilmasa olamda madoro sen ila,
Sen madoro qilako‘r jahd etibon dushman ila.

Dahr elidin sanga gar yetsa tuman mehnatlar,
Har nafas tushsa g‘ami boshing uza kulfatlar,
G‘am yemakim so‘ngida bo‘lg‘usidur ishratlar,
Emdi pesha qilibon sabr bila toqatlar,
Dushman ar qilmasa olamda madoro sen ila,
Sen madoro qilako‘r jahd etibon dushman ila.

Ey Tabibiy, nafase aylamayin nodonlig‘,
Qil mani bekas ila emdi takallumronlig‘,
To sango so‘z degaman barcha duri ummonlig‘,
Ki tilar bo‘lsang agar mushkilinga osonlig‘,
Dushman ar qilmasa olamda madoro sen ila,
Sen madoro qilako‘r jahd etibon dushman ila.


This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.