Ushbu jahon elining da’vosi pul emasmi...

Ushbu jahon elining da’vosi pul emasmi...
by Oraziy
333953Ushbu jahon elining da’vosi pul emasmi...Oraziy

Ushbu jahon elining da’vosi pul emasmi?
Tun-kun dilida sevgan zebosi pul emasmi?
Bu xalqning shuncha sho‘rish-g‘avg‘osi pul emasmi?
Bir-biriga tuhmat aylab, ig‘vosi pul emasmi?
Makru firiblar aylab, savdosi pul emasmi?

Mahbubi om o‘lmish har yerda bo‘lsa oltin,
Har kimga jilva aylab bir boqsa qildi majnun,
Lekin bu ko‘hna gardun har kun bo‘lar digargun,
Bilmam asiru zormi oltinga kof ila nun,
Maxluqlar ichida a’losi pul emasmi?

Kimlarni qildi ko‘rdik: tunlarda tomtesharlik,
Ko‘plarning kasbi bo‘ldi, bas, aqchadon kesarlik,
Pul deb ne nozaninlar bo‘yniga oldi garlnk,
Shirin tamoq o‘ldi ahli riyo hazarlik,
Har ko‘chalarda sur-sur, ho-hosi pul emasmi?

Har kimda bo‘lsa pul ko‘p, kimni ko‘ziga ilgay,
Parvoyiga keturmas, olam bori yigilgay,
Hech aql chora qilmay, yo boshicha yiqilgay,
Ko‘pdir gururi kayfi, kim topdi, o‘zi bilgay,
Bu dahri purfusunning miynosi pul emasmi?

Ko‘rdingmi qancha inson kasb aylashur gadolik,
Bir qanchasi qo‘yib ot, o‘ziga mosuvolik,
Qo‘lda riyoyi tasbeh, bo‘yni bo‘lib ridolik,
Bu holiga uyalmay, o‘zini der hayolik,
Ko‘rsatgan elga itdek sullosi pul emasmi?

O‘ldirgay o‘z otasin yakbora topsa fursat,
Mushfiq onasini ham solg‘ay boshiga kulfat,
Parvoyiga kelarmi boshiga yogsa la’nat,
Pul zavqi tushgan inson qilmas kishiga shafqat,
Bu hollarga solgan, ustosi pul emasmi?

Ko‘rdingmi qancha odam parsiz havoga uchgay,
Aslini topmoq uchun avji samoga uchgay,
Maqsadga chin yetolmay dorilbaqoga uchgay,
Siz ham fikrlang, o‘ylang, ne muddaoga uchgay,
El og‘zida deyilgan Anqosi pul emasmi?

Birmuncha baxshi, qushnach, birmunchamiz duoxon,
Topgaymiz ilmi nayrang, bo‘lgaymiz ancha eshon,
Dasmoyamiz kifoya, har kunda qancha yolg‘on,
Bizlarning makrimizdan shayton bo‘ldi hayron,
Tush uxlamay ko‘rarmiz vosvosi pul emasmi?

Ne yaxshi mehribonni ayirdi bir-biridan,
Ko‘rdingmi zo‘r aylar xotinni o‘z eridan,
Sarson qilib chiqargay ko‘p elni o‘z yeridan,
Tondirdi ko‘p xasisni ustod ila piridan,
Xunso elin ishongan oshnosi pul emasmi?

Suratga bergay oro, siyratda necha xil g‘ash,
Rangin asolar ushlab, ham salla-to‘n munaqqash,
Eshon murid ovlab har ko‘chalarda kash-kash,
To topdi boy, mullo bir-birisidin aysh-aysh,
Tun kechalarda maxfiy yallosi pul emasmi?

Gap puldadir muqarrar, ko‘p buncha qilma inkor,
Tokaygacha demasmiz yolg‘onchilik na darkor,
To‘rt kunlik umr dersan, qilsang-chi, endi bir or,
Hozirda ko‘p ochildi bir qancha maxfiy asror,
Jannatda joy olishning va’dasi pul emasmi?

Pul deb tamomi inson, ey muddaii nodon,
Ming xil firib birlan har ko‘chalarda nolon,
Hech bormi yuz o‘girgan kofir va yo musulmon,
Kim desa «xohlamasman», albatta bilki yolg‘on,
Olam misoli daryo — g‘avvosi pul emasmi?

Tark aylatib vatanni, keltirdi Andijonga,
O‘ltirsa ham bu yerda, ko‘zidir har qayonga,
Orazning toqati yo‘q har rangli unvonga,
Uyg‘urlar odat etmish o‘zbek kabi imonga,
Sharmu hayoga g‘olib dadosi pul emasmi?


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"