Uz/Koʻzlarim mushtoqdur diydor uchun...
Koʻzlarim mushtoqdur diydor uchun... — Gʻazal
Koʻzlarim mushtoqdur diydor uchun, ruxsora och,
Pardani yuzdin, koʻzim qilgʻuncha bir nazzora, och.
Pardayi nozu hayo xomush laʼlingdin koʻtar,
Ikki gul bargini birdin guhar guftora och.
Besutun togʻida koʻp jon chekmagʻil, ey koʻhkan,
Koʻkragimdin joʻyi shir oʻrnigʻa oʻtligʻ yora och.
Ey koʻngul, dudi figʻoningdin kavokib tiyradur
Oh koʻp chekma, hijobi sobiti sayyora och.
Shavq komil boʻlsa, muxlis koʻchasi masdud emas,
Ey sharar, bir jazba birla rohi sangi xora och.
Muncha pinhon dogʻkim, ey jon, falak qoʻydi senga,
Yor agar kelsa, giriboningni aylab pora, och.
Nodira, ohu dilu shoʻri junun barpoy qil,
Ushbu lashkar birla olam mulkini yakbora och.