Vahki, koʻzlarim giryon qildi la’li xandonlar...

Vahki, koʻzlarim giryon qildi la’li xandonlar...
by Komil Xorazmiy
332663Vahki, koʻzlarim giryon qildi la’li xandonlar...Komil Xorazmiy

Vahki, koʻzlarim giryon qildi la’li xandonlar,
Jam’ qoʻymadi koʻnglum kokuli parishonlar.

Bogʻu gʻuncha sayridin boʻldim emdi mustagʻni,
Ochti gul xadangingdin koʻnglum ichra paykonlar.

Orazi araqnoking koʻrdi chun chaman ichra,
Gʻullar oʻldi shabnamdek, barcha chashmi hayronlar.

Toki gʻamzau nozing koʻz uyin maqom etti,
Tashqarida mijgonlar bordurur nigahbonlar.

Ishq soʻzu dardidin nola qilma koʻp, ey dil,
Boʻlmasunlar ozurda bu aziz mehmonlar.

Qaysi xoli orazining dogʻidur chamanlarkim,
Lola dogʻu, gullarga chok erur giribonlar.

Chini ostiningdur, mavji javhari shamshir,
Yigʻnama bu zoringni qatl etarga domonlar.

Bu shahodat iqbolin kim topar ekan, yo rab,
Nozi oldi mijgondin qoʻlgʻa tigʻi uryonlar.

Kimki husn shohigʻa begunah — gunahkor ul,
Anga zulf erur zanjir. choh erur zanaxdonlar.

Husni koʻzgusi bordur mazhari jamolullo,
Man’i ishqim etmanglar, ey guruhi nodonlar.

Komilo, shahanshohing nazmi gavhar afshonin,
Koʻrsa banda boʻlgʻaylar Fazliyu Umarxonlar.


This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.