Vaqtsiz mubohasa (Til birlashtirish to‘g‘risida)
Bir-ikki oydan beri «Zarafshon» gazetasida til birlashtirish to‘g‘risida mubohasa bo‘lib turadur. Bu eski masalani yangidan qo‘zg‘atuvchi o‘rtoq Nosirali bo‘ldi. Bu zot barcha turklar uchun umumiy adabiy tilning tarafdori bo‘lsa-da, o‘zi bu haqda tublik bir chora va yo‘l ko‘rsata olmaydur. Bu masalaga qarshi bo‘lg‘on o‘rtoq Bektosh esa, ko‘b shevalarga bo‘linib ketgan turk tilini birlashtirish mumkin emasligini isbot etmakchi bo‘lib, bir oz dalillar ham keltiradur.
Menimcha, bu masala qancha muhim bo‘lsa, o‘shancha qiyindir. Quruq tilak yoki bir necha maqola bilan bu og‘ir va mushqul masalani hal etib bo‘lmaydur. Bu ish mumkin bo‘lgon taqdirda ham, buni vujudga chiqarish uchun ko‘b kuch va qo‘b zamonlar kerakdur. Holbuki, uncha kuch va u qadar fursat hali bizda yo‘qdur. Hozirda bizning oldimizda til bir-lashtirish masalasidan necha qatla muhimrak masalalar ko‘bdirkim, uning birinchisi maorif va xalqni oqartish masalasidur.
Mana, boshlab shu muhim masalani hal etish va bor kuchimizni shu yo‘lda sarf qilish kerak edi. Albatta, bu ishga ham til masalasi zo‘r ro‘llar o‘ynaydur. Modomiki, bir xalq ichida maorif tarqatish xalqning o‘z ona tili bilan bo‘ladur, biz ham xalqimizni oqartish uchun o‘zbek tiliga ahamiyat bersak lozimdur. Ya’ni o‘zbekcha tilni o‘zbeklar anglarliq bir holg‘a qo‘yishimiz kerakdir. Bu ish esa tabiiy til birlashdirishga xilof bir hol bo‘lib qoladir. Shuning uchun umumturklar uchun mushtarak adabiy bir til vujudga chiqarmoq masalasini qo‘zg‘atish biz uchun hanuz vaqtsiz, ham foydasiz bir ishdur.
Chunki dunyodagi 70 milliyun turk uchun mushtarak adabiy bir tilni vujudga chiqarish, menimcha, turk shevalaridan birini asos tutub o‘rta bir holg‘a qo‘yish bilan mumkin bo‘ladurkim, bu esa avom tili bo‘lmay, yolg‘uz xavos tili bo‘lib qolur. Chunki o‘rta turkcha shevasida yozg‘on bir kitobni bir oz ilmlik ziyoli sinf o‘qub anglay olsa-da, lekin xat-savodlik avom sinfi tegishlik darajada o‘quya olmaydur. Shuning uchun til birlashdirish maqsadi yana hosil bo‘lmay qoladur.
Marhum Ismoilbek o‘zining «Tarjumon» gazetasi bilan til birlashdirish to‘g‘risida 25 yil fikr tarqatdi. Bu muddatda Rusiya musulmonlari orasida o‘ziga tarafdorlar ham topdi. Lekin tajriba natijasida bu ishning mumkin bo‘lmasliq darajada qiyinlig‘i ko‘runa boshladi. Totoristondagi ba’zi «tavhidi lison»chilar o‘zlari ma’qul ko‘rgan o‘rta turkcha shevasini qo‘yub sodda totorcha yozishg‘a majbur bo‘ldilar. To‘g‘risi, ularni muhitning o‘zi xalqtiliga yozishg‘a majbur etdi.
Turkistonda «tavhidi lison»chilarning birinchisi, manim bilganimcha, marhum Behbudiy edi. Behbudiy afandi maktab uchun bir necha risolasini (til birlashdirishga xidmat qilsun deb) o‘rtaroq shevada yozishg‘a tirishdi. Bu maqsadni asarlarining muqaddimasida ham yozib o‘tdi. «Samarqand» gazetasida ham shu maqsadni ta’qib etdi. Hatto «Oyna» majmuasining birinchi yilida ham boyog‘i fikridan qaytmadi. Bu to‘g‘rida Behbudiy afandi bilan bazai mubohasa qilishar edik. Mumkin qadar xalq tushunarlik darajada sodda o‘zbekcha yozishning kerakligini aytar edik. Lekin ul hech qabul qilmas edi.
Behbudiy afandi aytar edi: «Har narsaning taraqqiy qilishidek tilning ham yuksalishi lozimdur. O‘zbek tilining yuksalishi turkcha (usmonlicha)ga yaqinlashishi bilan bo‘ladur. Biz o‘zbekchani shu yo‘l bilan yuqori ko‘tarsak, turklar ham o‘z tillaridan mumkin qadar forscha va arabcha so‘zlarni chiqarsalar, shuning bilan o‘rta bir sheva maydong‘a chiqib til birlashish vujudga chiqar».
Behbudiy afandi umrining oxirig‘acha shu fikridan qaytmagandek ko‘rungan bo‘lsa ham, lekin o‘zi bora-bora soddaroq o‘zbekcha yoza boshladi. Bu esa «Oyna» majallasining ikkinchi jildida yozg‘on maqolalaridan bilinadur.
Men bu so‘zlar bilan til birlashdirishga qarshi ekanligimni bildirmakchi emasman. Men ham shu ishning vujudga chiqishini istayman. Lekin bo‘lishi g‘oyat ko‘b sharoitg‘a muvofiq bo‘lg‘on bunday bir ishning orqasindan ovora bo‘lib yurishni hozircha vaqtsiz deb bilaman. Menga qolsa til birlashdirishdan ko‘ra hozirda o‘z tilimiz bo‘lg‘on o‘zbekchani xalqimizga qulayroq tushuntira olurliq darajada soddalashdirish lozimdir. O‘zbekcha sarf-nahv va nazariyoti adabiyalar tuzish, tugal lug‘at kitoblari yozib, bosdirish zarurdur.
Totorlarning til va adabiyot mutaxassislaridan o‘rtoq Zaki Validiy «Bizning yo‘l» jurnalida til haqida yaxshig‘ina bir maqola yozg‘on. Validiy o‘rtoq maqolasining bir o‘rnida til birlashdirish to‘g‘risida bir necha satr yozib o‘tgan. Mavzuimizg‘a muvofiq bo‘lg‘oni uchun uning so‘zlarini bunda ko‘chirishni foydaliq bildik:
«Hozirgi kunda turk-totor xalqlaridek madaniyatda yayov bo‘lg‘on xalqtarning oldida, tillarini birlashtirishdan ko‘brak tilni xalqqa yaqinlashdirish, uni keng o‘lchovda maorif quroli etib tutish turadur. Xalq o‘qumishlik, ham madaniyatlik bo‘lsa, unga o‘ziga maxsus adabiy til vujudga ketirish uchun sonning uncha ko‘b bo‘lishi kerak emas. 5-6 milliyunlik gollandiyolilar tillarining nemischaga juda yaqin bo‘lishig‘a qaramasdan, uni o‘zlariga maxsus adabiy til holida saqlab keladilar. O‘shandoq lotish, gruzin, arman kabi xalqlarning ham o‘zlariga maxsus boyg‘ina adabiyotlari bor.
Xalqlarning yengil anglashishlari, ham madaniyatda keng olish-berish qilishda, albatta, tillarning yaqinlig‘i juda muhim omil bo‘lur. Lekin buning uchun tillarning butunlay birlashishlari lozim emas. Yaqinliqlari kifoya etadur. Hozirgi Yovrupo tillarining, ayniqsa ularning bir oiladan bo‘lg‘onlarining (masalan germon, rumon ham isloviyon tillarining) birini bilgach, ikkinchisini bilish juda yengildir.
Ehtimol, bir vaqt bir-biriga yaqin turg‘on tillar butunlay birlasharlar. Ehtimol, butun dunyodag‘i tillarning birlashishi uchun boshlab shunday yaqin bo‘lg‘on tillarning birlashishlari keraqdir. Lekin hali bu bukunning masalasi emas, buni biz texnikaning yurish, aralashish asbobining xayollarg‘a kelmagan ravishda taraqqiy etishi va shuning orqasida hozirgi ijtimoiy munosabatlarning tor-mor bo‘lishi natijasida ko‘ramiz».
Validiy o‘rtoqning «Turk-totor tillarining yozilishi» sarlavhalik bu muhim maqolasining boshlari jurnalning o‘tgan sonlarida bosilg‘on ekankim, maaltaassuf, ularni ko‘rolmadim. Til va adabiyot bilan mashg‘ul bo‘lg‘on zotlarg‘a o‘shal maqolalarni topib o‘qishlarini tavsiya etaman.
«Zarafshon» gazetasi, 1924 yil, 7 fevral
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|