Vasliy (tarjimai hol)

Vasliy (tarjimai hol) (1925)
by Hoji Muin
334437Vasliy (tarjimai hol)1925Hoji Muin

Islohparvar olim va shoirlarimizdan samarqandlik mulla Sayidahmad Vasliy 29nchi o‘ktabrda vafot etdi.

Vasliy XX asr boshlarida maydonga otilib, usuli jadid maktablariga yordam va tarafdorlik eta boshlag‘on haqqoniy olimlarimizdan biridir. Samarqandda 1903nchi yidda ochila boshlag‘on yangi maktablar uchun boshlab kitob yozib bostirg‘onlardan biri Vasliydir. Hatto Samarqandda ko‘p vaqt davom qilg‘on 1-2 maktabning ochilishig‘a Vasliy sabab bo‘lg‘ondir. Shuning uchun biz bu yerda uning qisqacha tarjimai holini, maktab va maorif yo‘lida qilg‘on xizmatlarini yozib o‘tmakni lozim bilamiz.

Vasliy Samarqandda «Ko‘k masjid» guzarida 1287nchi xijriy (1869 m.) yidda dunyog‘a kelgan. Otasi usta Azim degan bir kordgar (pichoq yasag‘uvchi) ekan. Vasliyning yetti yoshliq vaqtida otasi o‘lgan.

Vasliyning ibtidoiy tahsili Samarqandda mirzo Abdulhamid oddida bo‘lg‘on. Vasliy o‘zining 14 yoshlik chog‘ida onasi bilan Toshkantga Abulqosim degan tog‘asining uyig‘a borib turg‘on. Shundagi Ko‘kaldosh madrasasida mulla Ya’qub huzurida aqoidg‘acha o‘qug‘on. So‘ngra onasi bilan birga (1892nchi) yana Samarqandg‘a ko‘chib kelgan. Bir yildan keyin o‘qush uchun har yil tahsil chog‘ida Buxorog‘a borib kelib yurgan. 1902nchi yilda Buxoroda xatmi kutub qilg‘on. Vasliy Buxoroda rasmiy darslarini qozi kalon Badriddin oldida o‘qug‘on bo‘lsa ham, eng katta ustozi mullo Abduroziqcha bo‘lg‘on.

Vasliy 1905nchi yildan e’tiboran Buxoroda rasmiy mudarris tayin etilib, besh yil chamasi darsgo‘ylik qilg‘on. So‘ngra Buxoro mudarrisligidan voz kechib, Samarqandda tura boshlag‘on. Bunda boshlab Shohizinda madrasasida va so‘ngra Orifjonboy madrasasida mudarris bo‘lub, bu kungacha darsgo‘ylik qilib kelmakda edi.

Vasliy afandi eski madrasalardagi tahsil va tadris usulining kamchiliklarini boshlab onglag‘onlardan, ham shuning islohiga doir o‘zbek matbuotida eng avval o‘z fikrini yozg‘on kishilardandir. 1907nchi yidda totor olim va muharrirlaridan Abdurashid Ibrohimuf Turkiston sayohatiga kelib Buxorog‘a tushganida, Vasliy unga Buxoro madrasalarining usulsizligi va hukumat idoralarining buzuqlig‘i to‘g‘risida ma’lumot bergan edi. Sayyoh Abdurashid Ibrohimuf Vasliydan olg‘on ma’lumotini o‘zining muhokama va tanqidlari bilan birga o‘sha vaqtda Qozonda chiqaturg‘on «Axbor» gazetasida nashr qilg‘onida, bu voqea butun Buxoro ulamolarini g‘alayong‘a kelturgon edi. Shuning natijasida Buxoro qozi kaloni Vasliyni o‘z huzuriga chaqirib olib qattiq urushqonini eshitgan edik.

1906nchi yildan boshlab Turkistonda chiqqan har bir o‘zbekcha gazetaga Vasliyning islohparvarona she’r va maqolalari bosilg‘ondir. 14-15nchi yillarda Vasliy afandi «Oyna» jurnali bilan «Sadoyi Farg‘ona» gazetasida ba’zi masalalarga qarshi chiqib maqolalar yozg‘on bo‘lsa ham, so‘ngra mubohasa natijasida sukut etishga majbur bo‘lg‘on edi.

Vasliyning eng yaxshi ko‘raturg‘on ishlaridan biri darsgo‘ylik bo‘lsa, ikkinchisi asar yozib bostirish edi. Vasliy afandi o‘lganigacha shul ikki ishdan qo‘l tortmadi, turli mavzuda o‘zi yozg‘on forscha, o‘zbekcha va arabcha asarlarining ko‘bisini o‘zi bostirib tarqatdi. Vasliy ulumi arabiyaga mohir bo‘lub, ilm va fazli bilan Turkistonda anchagina shuhrat chiqarg‘on edi. Ul qoidasiz «havoshiy»xonliqlarg‘a qarshi bo‘lub, o‘z zamonidag‘i mutaassib mullalardan ham rozi emas edi. Hamma vaqt o‘zining shogird va suhbatdoshlariga «zamonga muvofiq olim bo‘lish kerak», deb gapirar va hatto, ba’zi shogirdlarini «aqoid» o‘qishdan man’ qilar edi.

Vasliyning bu kungacha bosilg‘on asarlari:

1) Bayon ul-huruf (forscha alifbo)

2) Asos ul-islom (forscha aqoid)

3) Asl ul-ahkom (forscha ilmi hol)

4) Zijr ul-mag‘rur (forscha axloq)

5) Ibodati islomiya — forscha

6) Bahoristoni Jomiy (o‘zbekcha tarjimasi)

7) Qabul etmali — o‘zbekcha

8) Boqmoq kerak — o‘zbekcha

9) Devoni forsiy

10) Devoni turkiy

11) Nazm us-silsila — forscha manzuma

12) Imomi A’zam — forscha

13) Madaniyati va shariati islomiya — forscha

14) Muqaddimai sarfu nahvi arabiy ham namunai sarfu nahvi forsiy (forscha)

15) Aqoidi g‘ayri manquta (arabcha)

16) Naf’i ut-tolib (Kofiya sharhi — arabcha)

17) Adab ud-din (o‘zbekcha she’rlar).

Bosilmag‘on asarlari:

1) Devoni ash’or (200 bet miqdorida forsiycha-o‘zbekcha she’rlar)

2) Hijobi zanon — forscha

3) Xavas ul-af’ol — forscha

4) Ishtiqoq — forscha

5) Madaniyati va shariati islomiya — o‘zbekcha

6) Mavlud — o‘zbekcha

7) Tarojimi ahvol — o‘zbek muosirlaridan bir necha shoirning kisqacha tarjimai holi

8) O‘zining tarjimai holi va xotiralari — forscha.

Vasliy afandi «Tanqih» bilan «Shamsiya»ga arabcha sharh yoza boshlag‘on bo‘lsa ham, 5-6 betdan ortmay chala qolg‘on. Ikki yil burun o‘zining tarjimai holini yozishg‘a kirishgan edi. Bu asarini yozib tamom qilg‘on bo‘lsa kerak.

Vasliyning bosilgon va bosilmag‘on turli she’rlari ko‘bdir. Bu yerda uning ilmg‘a tashviq etib yozg‘on she’rlaridan namuna uchun 1-2 tasini ko‘rsatamiz. Vasliyning o‘zbekcha she’ridan namuna:

Qaddingdek sarvu mavzun yo‘qtur aslo bo‘ston ichra,
Alifdek qomatingni kilki qudrat chekti jon ichra.

Labingdan kom olon oshiqg‘a yo‘qtur Xizrdek o‘lmak,
Yuzingdan kimki o‘pti qoldi ishqi jovidon ichra.

Muattar bo‘ldi olam to sabo tebratdi zulfingni,
Hamono atr septi ja’di gisuying jahon ichra.

Hariming mahrami ikki jahonni ko‘zga ilmaydir,
Sani ko‘rgan kishi g‘ilmon sari boqmas jinon ichra.

Munavvar qilsa kulbam mohi ruxsoring tong ermaskim,
Topilmas orazingdek mohi tobon osmon ichra.

Dilim ishqing fayuzidan hayoti jovidon topdi,
Bihamdillahki, mehring kildi jo ruhi ravon ichra.

Jamoling rashkidan gul yoqa yirtti, lola bo‘ldi dog‘,
Yotar bu ikkisi hasrat bilan bir umr qon ichra.

Agar guldek yuzingni ko‘rmasam, ey sho‘x, gulandom,
Qolurman ya’sdan bulbul kabi ohu fig‘on ichra.

Na yanglig‘ bo‘lmasun Vasliy sanga oshiqki to shul dam,
Seningdek nozaninni ko‘rmadi necha zamon ichra.

Inqilobdan keyin Vasliy bir tomondan, o‘zining darsgo‘yligi bilan mashg‘ul bo‘lg‘onidek, boshqa tomondan, ba’zi yangi maktablarda forscha adabiyot va sarfu nahv o‘qutib yurdi. 1925nchi yilda Samarqand vaqf sho‘basi tomonidan ochilg‘on «dor ul-ilm»da arabcha sarfu nahvdan dars berib turdi. Vasliy 65 yoshda edi. Undan bir xotun, bir o‘g‘ul va bir qiz qoldi.

«Maorif va o‘qutg‘uvchi» jurnali, 1925 yil, 10-son


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"