Viloyat teatr to‘dasi

Viloyat teatr to‘dasi (1925)
by Abdulhamid Choʻlpon
335248Viloyat teatr to‘dasi1925Abdulhamid Choʻlpon

Hozir yosh O‘zbekistonning qurilush va o‘nglash davrida turamiz. Bu kunning shunga yarasha katta-katta masalalari bor. Ularning har birini yaxshilab hal qilish uchun ancha urunmoq lozim bo‘ladur.

O‘shandaq katta masalalarga ham keng-kovurg‘ina joy topib bera olmay yotqan gazetamiz teatr-tomoshadek orqadaroq turg‘an masalalarga qavog‘ini burushtirmasdan joy bermaydur. Albatta, shundoq bo‘lsa ham Farg‘onaning viloyat teatr to‘dasi to‘g‘risida ozroq bir narsa yozib o‘tmasak bo‘lmaydur. Nimaga desangiz bu – bir viloyatning to‘dasigina bo‘lsa ham ovozasi dunyoni bosdi! “Qizil O‘zbekiston” gazetasi “Turkiston” nomi bilan chiqib turg‘an vaqtida mazkur to‘da to‘g‘risida uzundan-uzun bir narsa yozg‘an men o‘zim edim. “Farg‘ona”da Vahobxon o‘g‘li o‘rtog‘imiz ham shu masalaga chinakam bir qoqilib o‘tdi. “Farg‘ona”ning o‘sha sonida viloyat “teatr to‘dasi safarga chiqdi” degan “valualalik” (сенсационный) bir xabar ham bosildi. Hozir men o‘sha safarga ketgan to‘daning safardagi tomoshasig‘a suyanib bir narsa demakchiman.

Kambag‘al “mahalliy mablag‘”dan shu teatr to‘dasi uchun katta-katta sarf bo‘lub turg‘ani – hammaga ma’lum. Buxorodan shu to‘da uchun eng yaxshi tarixiy kiyimlaridan bir muncha olib kelgani ham ko‘pimizga belgilik. Bu so‘zni biz piching yoki ta’na tariqasida aytmaymiz. Biz bu so‘zni suyunganimizdan aytamiz. “Suyunchilaymiz!” viloyat ijroqo‘mi san’at egalariga ham muncha ko‘ngil qo‘yar ekan yor bo‘lsun.

R.K.P. O‘rta Osiyo buyuro‘sining raisi o‘rtoq Zelinskiy Buxoro qurultoylarining birida ma’ruza qilayotib “kimga ko‘b berilsa o‘shandan ko‘b so‘raladur” mazmunida bir narsa degan edi. Men ham bu kun “shu qadar ko‘b narsa berilgan” teatr to‘dasidan “shu qadar oz narsa oling‘ani” to‘g‘risida gapirmakchiman.

Andijonda viloyat to‘dasi tomonidan bir teatr kechasi o‘tkazildi. Gapni cho‘zub o‘tirmasdan shunigina aytayinkim, agarda bir pardalik, kaltagina, mazmunsiz va qo‘pol til bilan tarjima qiling‘an kulgi asar bo‘lmasa unda o‘zimizning Mirshohidimiz bir oz kuldirmasa, o‘zbek qizi Qurbonli qori qizi………………………………………………………………….Kechaning teatr qismig‘a xat tortib qo‘yishg‘a to‘g‘ri kelar edi. Ayniqsa, qafqaschadan tarjima qiling‘an bir pardalik “Aka-singil” fojiasi ma’nosizlik, kaltalik, aloqasizlik va boshqa-boshqa har to‘g‘rida alohida-alohida bir “fojia” edi. Tarjima tili ham juda qo‘pol. O‘yinchilar ham (ona ro‘lidagi Gʻozi qizidan boshqalari, ayniqsa, yigit) juda yomon o‘ynadilar… Kechaning teatr qismini o‘zi arzimas narsa bo‘lsa ham o‘sha kulgi bir oz jonlandirg‘anidek, kechaning o‘zini ham konsert (ashula-o‘yun) qismi bir oz jonlantirdi. 3 ta – ko‘pchilik ashulasi tayyorlang‘an ekan. Hammasi ham durust chiqdi. Ayniqsa, “taronchi” kuyiga oling‘ani juda yaxshi edi. Murodjon degan bir ashulachi bor. Uning tovushi (o‘rtacha olsaq) yaxshig‘ina. Ayniqsa, mashhur Muhitdin qorimizni “G‘ayra-g‘ayra”da tovushi jihatidan yaxshi taqlid qiladur, faqat, qiliqda uncha emas. Eski Siddiq hojimizning o‘yunlari, albatta, joyida.

Mana ko‘rasizkim, viloyat ijroqo‘mi bu to‘daga muncha ko‘ngil qo‘yg‘ani bilan undan kutgan narsasini hozirg‘acha ololg‘ani yo‘q. Mundan keyin ham tez orada yaxshiroq bir narsa kutish mumkin bo‘lmag‘andek ko‘runadur. Ozarbayjon shevasida “O‘lilar”, “Kovai ohangar”, “Uchurum”, “Parayjodu”dek katta narsalar Bokudagi “Tablig‘at” teatrining yengil va yaxshi asarlari turub quloq eshitmagan va ko‘z ko‘rmagan oddiy (1910 nchi yillarning) asarlarini sahnaga olib chiqishi bu – nima?..

Maskavda faqat o‘zbeklar uchungina ochilg‘an 3 yillik teatr maktabiga viloyat to‘dasidan kim yuborildi? Hech kim! Holbuki, hech bo‘lmag‘anda 3-4 kishini to‘da tomonidan yubormoq lozim edi. O‘shandaq qilg‘animizda, bu kundagi umidsizliklarimizni kelgusidagi umid bilan yupatar edik. Na – u bo‘ldi, na – bu! Shu bilan qayerg‘acha boramiz? “Mahalliy mablag‘”dan san’at uchun bir narsa oyirg‘an viloyat hukumatiga astoydil va bir yo javob beraturg‘an choqda nima deymiz?

  • Ha bir “fojia” edi, unday ketdi! – deymizmi?

Shu javobqa qonaturg‘an odamlar ko‘b topiladurmi ekan?..

Q

“Farg‘ona” 1925-yil 12-mart.


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"