Xabar topmish bu mahfilda jamolingdan magar koʻzgu...

Xabar topmish bu mahfilda jamolingdan magar koʻzgu...
by Komil Xorazmiy
332670Xabar topmish bu mahfilda jamolingdan magar koʻzgu...Komil Xorazmiy

Xabar topmish bu mahfilda jamolingdan magar koʻzgu
Kamoli hayrat ila oʻzdin oʻlmish bexabar koʻzgu.

Uzori otashining shu’lasi bskgʻach, yoqar jonim,
Koʻrubmu hech nozir zohir etkanni sharar koʻzgu.

Yuzung xurshidi zulf ostida jabhangdin namoyondur,
Quyosh ruxsorigʻa boʻlgʻon kabi shomu sahar koʻzgu.

Ruhing mir’otini tut zohidi xudbin koʻzidin dur,
Ne bahra topgʻusi koʻrgan bila ul bebasar koʻzgu.

Tamoshoyi jamolingdin, ne tong, shirinkalom oʻlsam,
Ki toʻtilarni doim soʻzlatur shirin-shakar, koʻzgu.

Jamoling ishtiyoqidin mudom ermas esa giryon,
Nedin boshdin ayoq boʻlmishdurur bir chashmi tar koʻzgu.

Yuzung mir’oti hijronida boʻldim necha kundur lol,
Suxansanj oʻlmakigʻa keldi toʻtining hunar koʻzgu(?)

Ruxing nazzorasi fikridin oʻzga yoʻq menga maqsud,
Koʻzumgʻa jilvagar boʻlgʻonda gar xurshid, gar koʻzgu.

Bu vajh ila alar nazzorasi bordur manga matlub,
Jamoli bezavolinggʻa erur shamsu qamar koʻzgu.

Jamoli jilvasin Komil zamiridin tamosho qil,
Ki mazharliqgʻa loyiq boʻlmagʻay ul yuzga har koʻzgu.


This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.