Xayrul umuri avsatuho

Xayrul umuri avsatuho (1906)
by Mahmudxoʻja Behbudiy
334123Xayrul umuri avsatuho1906Mahmudxoʻja Behbudiy

«Xurshid»ni qoriayni kirom va mushtariyi a’zomig‘a arz qilunurki, zamonimizni siyosiy (po‘litik) zamonligini kimsa inkor etmaydur. Hozir Rusiya davlati(ning) tariqi hukmronligi(ni) noqis ekanligiga har bir xabarlik kishi iqror etar. Davlat qonunlarini(ng) isloh va tajdidig‘a har kim moyildur. Ammo Rusiyadagi barcha xaloyiq boshlucha necha aslu asosg‘a bo‘lungandurlar. Bu siyosiy firqalarni(ng) har birig‘a har bir mazhab va din ahlidan qo‘shulgandur. Chunonchi, nasoro, yahud, muslim va majusiy toifalarini(ng) ichida bu siyosiy maslaklarg‘a moyil kishilar bordur. Va yana har toifa ichida firqasiz, maslaksizlar ham topilur.

Biz, turkistoniylar, zamondan kamxabarligimiz uchun bir necha ming kishidan boshqa hammamizni hech bir firqaga mansub emas, maslaksiz nodon firqasi deb atalsa ham sazodur. Ani uchun biz bu 3—4 firqa — partiyalarni asos va maslak sipohiylarisidin muxtasar bayon qilarmiz. Chunonchi, birinchi — «Buyro‘kratiyai mustabid» firqasiki, bular eski tarz hukumat davomini xohlaydur. Rusiyani(ng) eski hukmronligi(ni) tariqi shunday edi. Impiroturimizni(ng) har bir amri va hukmu royi — «zakun» atalib, hech lou naamsiz barcha voliy, sud, vuzaro va bular qo‘l ostida turganlar vositasi-la o‘rnig‘a keladur. Har xil nizom va zakun-kitoblarni Sinod (Voyenniy sovet) degan majlis a’zolari tuzatib, to‘qub podsho hazratlarig‘a Vazirlar majlisi vositasi ila manzur qilurlar. Impiroturimizni(ng) imzolaridan so‘ngra zakun atalib, barcha vuzaro va viloyat mahkamalarini va sud majlislarini mutassiddiylari tarafidan xalq ustiga joriy qilinur. Bu qoidani idorai mustaqila (samoderjovniy) ataladurki, hozir Yevrupo qit’asidagi Rusiya va Turkiyadan boshqa qirq qadar katta va kichik davlatlarda yo‘qdur.

Idorai mustaqila qo‘l ostidagi fuqarolarni har qancha hukumat odamlari va to‘ralarg‘a yaqin va munosabati o‘lsa ham ahvoli siyosiya, diniya va dunyaviya va oliyasi durust bo‘lmay, kundan-kun tanazzuldadur. Xususan, mazkur 2 (ikki) majlisg‘a kattalari doxil bo‘lmaydurgan toifalarni ahvoli nihoyatda zabunroq bo‘lub, din va dunyo, ilm va ma’rifat, tamaddun va adolat, musovot to‘g‘risnnda hammadan keyin qolur. Chunonchi, biz, musulmonlarni(ng), diniy va qavmiy huquqimizni(ng) kamchiliklari podshoh hazratlariga yetmay, yetganda ham majlis chlenlari tarafidan radd bo‘lub yo iltifotsiz qolur. Buni(ng) sababi ila biz va bizga o‘xshash toifalar tanazzul qilub; ohistalik ila firqasi, toifasi, vatani xor va xarob bo‘lub batadrij yo‘q bo‘lmoq xavfi vordur. Bu masalada ahli xabar nazdig‘a tajribai tarixiya ila sobit bo‘lgandurki, dunyo siyosiylari va sipohiygaridan xabarlik kishilar, albatta, munga tasdiq qilurlar. Al-on biz, turkistoniylar, shu hol maqdamasig‘amiz.

Albatta, savol keladurki, Turkiston obod bo‘ldi, ilgari boy kam edi, milyo‘nir yo‘q edi, yaxshi imorat va libos va palos yo‘q edi. Boz, bas, na uchun insofsiz muharriri ma’razlar xarobmiz deya johilona yozadur deb, anga shunday javob bermoq kerakki, 6 milyo‘n turkistoniylarg‘a 3 milyo‘nir borligi ma’lum. Yo‘q, boyman deganlar bank va fabrikantlarni xizmatchisi va madyunidur. Shahar va qar’yalardagi katta imorat va kazarmaxonalar hamma yahudiy va Ovrupoyilarnikidur.

Ovrupo imtaasiylari yerli imtaalarni sindurdi. Dehqonlar, esa, agarchi bir vaqt qo‘li, bir oz aqcha ko‘rarina Ovrupo imtaalarini birig‘a ikki va besh xom berib, bir pishiqni zo‘rga olar. Bir daraja diniy va ilmiy jihatga atf nazar qilinsa, vaqflar ketdi, madrasalar xarob bo‘ldi. Boriga ham tartib, fexrist, muxtasib, mumtaxin, munazzam yo‘q. Eski tartib va jadval va darrus kundan-kun mudarrislar tarafidan tarje’ qilinur.

Ikki milyo‘n turkistoniylar madrasasig‘a Xudodan boshqa nozir yo‘q. Bir raisi diniy va mumayizi ilmiy yo‘q. O‘zimizda esa insof va xavfi haq yo‘q, aslo yo‘q. Va Olloh, na uchun savodsiz qozi, ilmsiz mudarris, insofdan xabarsiz muftiy, qiroatsiz imomlar olamni bosdi. Bunga sabab biror raisi diniy va mumayizni ilmig‘a molik o‘lmag‘animiz emasmu? Xudo saqlasun, yana 25 yil shunday bo‘lsa, hozirgi muhtaram ulamolarimiz ketsalar, Turkistong‘a qiyomat qo‘pqon, ilm va amalg‘a fotiha tortilg‘on hisoblanur. Basirat ila 25 yil maqdamni hozir ila va hozirni 25 sanai soniya ila qiyos qilgan xushmand bizni bu bayonimizni mubolag‘a va xatoi zu’m qilolmasa kerak… Biz yana masdar bahs bo‘lgan partiyalar bayonig‘a rujo‘ qilarmiz.

Ikkinchi firqa partiyani kadet (konstitusioniy demokraticheski mashruta a’vomiya ma’ishat) mashruta firqasi ataladur. Bu partiyani(ng) murodi shulki, «Millat majlisi» xoh Duma ochilib har bir milyo‘n xalqdan 3—4 vakil poytaxtga borib, majlis qurub, bircha zakun va qonunlarni har bir viloyatni ahvoli va har din va millatni ozod va sarbastligiga aql va insofiga qarab taassubi huquqi bashariya va rioyai diniyaga muvofiq tuzatib, podshoh hazratlarig‘a topshirilsa. Va impiroturimiz ham o‘shal xalq vakillari tayyorlagan zakunlarni o‘rnig‘a kelmoqig‘a humoyun farmoyishlarini qilsalar. Barcha din va urug‘ xalq xartuxar o‘lub, to qoziy va sudiyalar hukm qilmag‘uncha, chinovniklar o‘z roylari ila… yoyinki mol, jon, fikr va harakat rasmiyasiga mone’ bo‘lmasalar. Har toifaki o‘z kitobi, e’tiqodi va masoili diniyasi o‘z orasiga joriy bo‘lub, Rusiyadag‘i barcha xalq Rusiyani har bir nuqtasig‘a barobar bo‘lub, hurriyati diniya, hurriyati shaxsiya, hurriyati ijtimoiya, hurriyati ittifoqiya va’z o‘lunub bo‘laturgan qonuni jadida doiralari oning mo‘todicha joriy va musta’mil tutulsa, xaloyiq vakillarini(ng) qaroridan xorij hech zakunlar bo‘lmay va vakillari xohlamaydurgan eski zakunlar isloh etilsa…

Hozir Rusiyada bu — kadetlar firqasig‘a mansub xalq har din va millat ahlidan nihoyatda ko‘pdir. Sobiq Millat majlisi a’zolarini(ng) aksari bu firqadan edilar. Bu firqa haqiqatda o‘rta firqadur. Mo‘tadil al-mizoj xalqlar bu partiyani xohlagandurlar. Bu firqa ifrot va tag‘rit o‘rtasig‘a, sog‘ ila so‘l vasatig‘a, har bir fikr va matlabni avsati va markazig‘a birlashgan bir hizbi mutavassitdur. Rusiya mamlakatig‘a mundin behroq hizb yo‘qdur. Ifrot va tag‘rit, ya’ni Ishtirokiyun, Inqilobiyun va Qora guruh degai hizblar sababi ila Rusiyag‘a har kun va har soat fasod va inqilob, buzuqlik joriy bo‘lub turubdur. Faqat salomatlik va amniyat bu kun kadetlar hizbi soyasida vatanimiz Rusiyag‘a joriy bo‘lsa kerak…

Uchinchi «sosial-demokraticheski» — ishtirokiyun o’miyun — ma’ishiyati mushtaraka firqasidurki, bul ham doxilan ikki firqaga bo‘lunur. Biri sotsiyol demokrat — ishtirokiyun o’miyo‘n, digari sotsiyol revolutsiyoner — inqilobiyundur. Bularni boshlucha murodi hozirgi barcha zakun, mulkiyat qoidalarini butun buzub, mol va yerlarni hamma xaloyiq o‘rtasig‘a mushtarak qilib, aning manfaatini butun xaloyiq o‘rtasida musoviy etmoqchidur. Boylik va kambag‘allikni yo‘q qilib, dunyo moli(ni) rohatidan hammani barobar foydalanturub, mas’ud va rohat umr o‘tkazilmoqig‘a va har kim o‘z istiqbolidan amin bo‘lmoqiga zakun va qoida joriy qilmoqchidurlar. Bularni pro‘gramini joriy bo‘lmog‘iga hozirgi asrimiz musoid emas. Balki necha asrlarga tavaqqufi bordur. Dunyog‘a nelar bo‘lmadi. Kim bilur, balki zamoni kelib, bularni(ng) pro‘g‘rami qonuniy joriy bo‘lsa, hamma minkull al-vujuh barobar bo‘lub, sir-kitob ra’ig‘a yozilgan Jobulsa va Jobulqo tartib ma’ishati yer yuzig‘a balki joriy bo‘lur. Har holda, bu partiyani murodi mumkin loyiqi’ yoyinki xayoliydek ko‘runub, bu toifag‘a qo‘shulmoq biz Musulmonlar uchun nihoyatda zararlikdur. Pro‘g‘ramlarini(ng) moliya moddalarina bir oz tag‘yir bermag‘uncha, shariatg‘a muvofiq o‘lmag‘oni kabi joniy va oila bobidagi fikrlari ham aslo-aslo to‘g‘ri kelmaydur…

To‘rtinchi «Rusiya musulmonlari ittifoqi» hizbidurki, bularni partiya suratig‘a kirg‘anig‘a bir yil bo‘ldi. Avvali o‘tgan sana Nijniyda paraxo‘dga o‘lturub, musulmon peshravlari suv ustida majlis yasadilar. Ikkinchi ushbu yil avvalida Pitrburgda g‘ayri rasmiy yana bir majlis — s’ezd yasab, qarornoma nashr etdilar. Uchinchi ushbu o‘tgan avgustda yana Nijpiy yormonkasida uch-to‘rt kun davomat ila bo ruxsati rasmiya necha ming mo‘minlar bir-umumiy nadva (obschiy s’ezd) etdilar. Qarorlarini ijmoli, Turkiya gazetalaridan ma’lum bo‘lishiga qaraganda, Rusiya musulmonlari diniy va ilmiy vajhdan alohida bir partiyayi maxsusadurlar. Ammo siyosiy va umumiy talab va maslaklar to‘g‘risinda kadetlarg‘a qo‘shilaturgang‘a o‘xshaydurlar.

Rusiya musulmonlari hizbi ham o‘zga toifalardek komitet barpo aylamoqchidurlar. Idorai markaziya—sentralniy komitetlari Pitrburg‘da bo‘ladur. Bu partiya 31 kishini a’zoi markaziya saylab, alarg‘a Bodi Kubodagi Alimardonbek To‘pchiboshev janoblarini sadrnishin va Qozondagn Yusuf afandi Oqchurin janoblarini mustashor saylabdurlar. Bu muhtaram a’zolar, albatta, bir necha sho‘bag‘a bo‘lunadurki, sho‘bai ilmiy, sho‘bai siyosiylardan iborat bo‘lsa kerak. Bu 31 nafar a’zolarina Rusiyadagi ahli musulmonlardan bir necha a’zo intihob qilib olmoqg‘a qaror bermishlar. Ammo bu bobdagi jaroid va tasvidotg‘a qarag‘anda, bizni Turkistondan bir nafar a’zo intihob qilmoqg‘a qaror bermishlar. Lekin 6 milyo‘nlik Turkiston musulmonlaridan bir a’zo ozdur. Besh oblustdan 30 nafar ham Buxoro va Xeva va Turkistoni Chiniydagi musulmonlardan birtadan a’zo olmoq lozimdur. Bu komitet va a’zolar vaqt-bavaqt jam’lanib, diniy va ilmiy ma’oshi to‘g‘risinda mashvarat qilib, musulmonlarni ilman va molan, dinan taraqqiy va taolilarig‘a xidmat qiladurlar. Siyosatan bo‘lsa, umumiy partiyalarni biri ila qo‘shulub ish ko‘radurlar…

Bu to‘rt partiyani(ng) matlabi milliy va maslaki siyosiylarini madomiki, bir necha sahifa ila bayon va sharh qilinmasa, kamxabar kishi tushunmaydur. Ani uchun biz, Turkiston musulmonlari, 23inchi avgustda Nijniy shahrinda bo‘lgan Rusiya musulmonlari hizbig‘a bay’at qilib, siyosatan kadetlarg‘a qo‘shulo‘b, dinan va ilman mazkur s’ezd ittifoqi hukmig‘a mute’ va munqod bo‘lsak kerak. Yaqinda mazkur nadvai islomiya qarornomasi bosilib, olami matbuot ila nashr qilinadur. Turkistonning muhtaram muallif, muharrirlari g‘araz, nafsoniy hasad, bahs va munozarai shaxsiyalarini tark etib, shu maslak va shu jamiyatg‘a tobe’ va xodim bo‘lmoqlari xidmati din va davlat, obro‘yi Vatan va Millatdur… Biz oyandag‘a bul boblarg‘a, Inshoolloh mufassal yozmoq amalindamiz…

«Xurshid» gazetasi, 1906 yil, 11 oktyabr 6-son.


This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.