Xidmatga tuhmat (1922)
by Hoji Muin
334478Xidmatga tuhmat1922Hoji Muin

Har bir yaxshi xidmatga qarshi unga yarasha mukofot tayinlamak, hech bo‘lmag‘onda quruq tashakkur va rahmat o‘qumoq tabiiy bo‘lsa-da, ba’zan shunday xidmatlarga qarshi tuhmat eshitmak va taqdir o‘rnida takdir ko‘rmak ham mumkindur.

Shunday takdir va tavbih, ham haddan oshuq tanqidni «Zarafshon» gazetasi ham ko‘rub turadur. «Zarafshon»ning chiqa boshlag‘onig‘a sakkiz oy bo‘ldi. Bu muddatning avvalgi ikki yarim oyida gazetani o‘rtoq G‘ozi Yunus chiqardi. 5-6 oydan beri o‘rtoq Ismoilzoda ishlab turadur. Gazeta chiqa boshlag‘ondan beri bu kungacha kerak og‘zaki va kerak maktub orqali har yoqdan tahsin va ofarinlar eshitib keldik. Hech kimning tanqidini va yo norozilig‘ini ko‘rmadik. Hatto gazetamizning Kafkaz va Qrimg‘acha suyilub o‘qulg‘onini eshitdik.

Faqat bu orada (aprel boshlarida) markaziy firqa qo‘mitasidan bir martaba tanbeh va ta’lim qog‘ozi oldiq. Bu maktubda gazetamizning ba’zi kamchiliklari yozilg‘on va keraklik ta’limot berilgan edi. Biz u maktubga javob o‘rnida xususiy suratda izoh yozdiq va shuning bilan barobar, gazetamizning kamchiliklarini to‘ldirishga qo‘limizdan kelgancha tirishib keldik. Hanuz tirishmakda bo‘lsaq ham, lekin, maaltaassuf, bu ishga muvaffaq bo‘lolmay turamiz. Gazetani ko‘nglimiz qanoatlanurlik darajada chiqara olmay turamiz. Buning sabablarini ham quyida so‘z mavqei kelganda yozib o‘tamiz.

Biz o‘z nuqsonlarimizni e’tirof qilib, shuning ikmoliga tirishib kelayotqanimiz bir vaqtda bukun qiziq bir tanqid va hujumga uchradiq. Ul tanqid va hujum esa bu kunlarda markaz (Toshkand)da bosilib chiqqan «Kommunist yo‘ldoshi» majmuasining 2-3 nchi sonida Qosim o‘rtoq tomonidan yozilg‘on bir maqoladur. Maqola egasi «Zarafshon» gazetasining ba’zi kamchiliklarini to‘g‘ri tanqid qiladur. Ammo 1-2 nuqsonidan o‘zicha allaqanday ma’nolar chiqarib gazeta muharrirlarig‘a hujum qiladur. Kichkina bir kamchilikdan kattagina bir «gunoh» topib, shul bahona bilan gazetani ayblamakchi va uning yozishg‘uvchilarini kim qanday «sinf»lar qatorig‘a eltib qo‘ymoqchi bo‘ladur. Gazetamizning burung‘i 1-2 kamchiligini «dastmoya» qilib olib, «Bu firqa gazetasiga o‘xshamaydur. Bu qanday gazeta, kim gazetasi, kimlar uchun chiqariladur?», deb savol beradur-da, yana o‘zi «bu savolg‘a gazetaning boshidag‘ilar ham javob bera olmaslar», deb «da’vo» ham qilib qo‘yadur.

Boshlab uning haqsiz tanqid va tavbihlarini ko‘zdan kechiraylik. Maqolada yoziladur: «Gazeta» «oliy siyosat» bilan ovora, Faronsiya bosqunchilig‘i, rus masalasi, Turkiya va boshqalarg‘a gazeta jiddiy ahamiyat beradur. Samarqandliklarni «oliy siyosat» juda qiziqdursa kerak. Gazetaga qarag‘onda shunday fikrga kelasan…

Maqolalar ko‘bisincha yaxshi o‘ylanib yozilmag‘on, siyosiy savodga xilof yo‘sinda bo‘lub, sho‘rolar hukumati uchun tashviqot o‘rniga, o‘qug‘uvchini «hukumat shunaqa ekanda» deyishga majbur qiladur. Gazetaning har numerida baynalmilliy masalalar tekshiriladur. Baynalmilliy siyosat o‘ngdan-da, so‘ldan-da «tahlil» qilinadur…

Mana katta kamchilik va «gunoh»imizning biri shu ekan! Siyosat bilan ovora bo‘lish durust emas ekan. Biz aytamizki, siyosiy ahvoldan yozish va xabardor bo‘lishning nima zarari bor ekan? Gazetachilikning bir vazifasi dunyoda bo‘lib turg‘on muhim voqealardan o‘z o‘qug‘uvchilarini xabardor qilib turish emasmi? Bu kunlarda jahongir hukumatlar sho‘ro hukumatini yo‘qotish va butun Sharqni yutish uchun qanday plonlar chizib turubdurlar. Mana ularning maqsad va yo‘llaridan Turkiston xalqini ogoxdantirish gunohmi?… «Gazetaning har numerida baynalmilliy masalalar tekshiriladur» demak katta yolg‘on va bo‘htondur. Biz faqat yanvar, fevral va mart oylaridagina siyosiy ahvoldan ko‘brak yozib turar edik. Aprel boshlarida markaziy firqa qo‘mitasidan bu to‘g‘rida tanbeh va ta’limot olg‘ondan so‘ng ozroq yozaturg‘on bo‘ldiq.

Siyosiy maqolalarimiz ko‘bisincha siyosiy savodga xilof ekan yoki tashviqotning teskarisi ekan, buni ochiqdan-ochiq isbot va tanqid qilinsa, biz kamchiligimizning qaysi nuqtada ekanligini bilib, qalamimizni isloh qilar edik. Inson xatosiz bo‘lmas. Balki bizning xatolarimiz ham anchagina bordur. Faqat bu yanglish va xatolarimizni to‘g‘ri tanbeh va tanqid vositasi bilan tuzatishga hozirmiz. Lekin bunday tuhmat yog‘durish yo‘li bilan qiling‘on «tanqid»larni biz chin tanqidlardan sanolmaymiz. Yolg‘iz 1-2 gina xatomizni ko‘zda tutub maqolalarimizning ko‘bisini «siyosiy savodga xilof» demak to‘g‘ridan-to‘g‘ri haqsizliq va haqiqatdan ko‘z yumishdan boshqa narsa emasdur. Shuni ham aytib o‘tish lozimdurkim, siyosatdan gapurma demak, Turkiston xalqig‘a siyosiy ahvolni bilib turish kerak emas, yoki bular siyosatni bilmay «hayvon» kabi yursunlar, demak kabi xato bir fikrdur. To‘g‘risi, bunday so‘zlardan mustamlakachilik isi keladur, desak ham mumkindur. Xayr, Turkiston xalqining 90 foizi ilmsiz avom, bular siyosatga hali tushunmaylar, dedik. Qolg‘on 10 foizi ham siyosatdan xabardor bo‘lmasunmi? Yoki bularning kommunizm siyosatidan boshqa baynalmilliy siyosatdan xabar-dor bo‘lishg‘a haqlari yo‘qmi?…

Maqola egasi 2nchi katta «gunoh»imizni shul ravishda tasvir va bayon qiladur.

Yuqorida «Zarafshon» kimning gazetasi, kimlar uchun chiqariladur, degan savollarni bergan edik. Bu sababsiz emas edi. Hangoma va bir xil «shior»larni olayliq. Hangomalarda «muharrir»lar sho‘rolar hukumatini «chimchilash» va shu mahallarda tuzalishda bo‘lg‘on kamchiliklardan masxara kilib «kulish»ni zarur ko‘radurlar… Bunda samimiy tanqid yo‘q, faqat kulish, xalqqa sho‘rolar hukumatini oyog‘i bilan yuqori qilib tasvir kilish bor…» Bundan so‘ng yozadur: «Endi shiorlardan bir misol:

«Olim buzulsa, olam buzulur». Mana bunday shior (haqiqatan, «aqllik» shior)larni kommunistlar gazetasida ko‘rishga musharraf bo‘lasiz. Bu, kommunistlar gazetasida bosilaturg‘on shiormi?…Buning javobini muharrir o‘rtoqning insofig‘a topshuramiz».

Mana shul bir necha kamchiligimiz uchun gazetamiz «allakimlar» gazetasi bo‘lg‘on ekan. Gazetamizning bundan bir necha oy burun chiqqan sonlaridan bir-ikkisida (hajv va kulgu bo‘lumida) achchig‘ haqiqatdan bir necha fiqra yozilg‘on va shunda bir oz qatig‘roq iboratlar bilan ba’zi kamchiliklar tanqid qiling‘on edi. Unda Qosim o‘rtoq aytgancha, hukumatni xalq ko‘ziga yomon qilib ko‘rsatish yo‘q edi. Agar biz ul chog‘da kuchlik sho‘ro hukumatining sodiq xodimlari ichida kichkina bir «tayoq»qa chidalmayturg‘on va uning «hubba»sini «qubba» qilib ko‘rsataturg‘on «xayrixoh»larning borlig‘ini bilgan bo‘lsaq edi, tayog‘imizni bir oz ingichka va yumshoq qilib chiqarg‘on bo‘lur edik. Xayr, balki Qosim o‘rtoq istagancha ba’zi bir kamchiligimizni lozimincha «tasvir» qilishg‘a muvaffaq bo‘la olmag‘ondurmiz. Buning uchun ayb bizning qalamimizdadur.

Hukumatimiz yangi va yosh bir hukumatdur. Buning tuzulishida kamchilik va xatolar bo‘lishi tabiiydur. Buni Qosim o‘rtoq ham iqror qiladur. Biz ham bilamiz. Lekin shunday kamchiliklarni jiddiy va to‘g‘ri tanqid qilishg‘a «musoada» bormi? Tanqid qilishqon taqdirda, boshqa bir «xayrixoh» afandi maydong‘a chiqib to‘g‘ri bir so‘zi-mizdan egri bir ma’no chiqarmasmi? Siyosiy idoralarda bizning otimiz aksilharakatchilar qatorida yozilmas-mi?…Bu so‘zlarning har yerda to‘g‘ri javob shul: «haqni aytsak urarlar»…

Maqola egasi, gazetamizda bir munosabat bilan bir maqolaning oxirida «olim buzulsa, olam buzulur» degan arablarning hikmatlik bir so‘zini kommunizm maslakiga xilof deb yozadur. Shuning bilan barobar kinoyalik so‘zlar bilan bizni istehzo etib o‘tadur. Qosim o‘rtoqning bu jumlalarini o‘qug‘on kishi gumon qiladurkim, bizning gaze-tamizda shunday «ma’nosiz» shiorlar ko‘b yozilg‘on va bu undan birgina namuna misol bo‘lsa. Holbuki, bundan boshqa bunday hikmatlik so‘zlar hech vaqt yozilg‘on emasdur. Bu ham faqat ulamomizning fitna va fasodkorlig‘i xususida yozilg‘on bir maqolaning ostida yozilgondur. Bu shior kommunizm maslakiga muvofiq bo‘lmasa ham, bizning sharq xalqig‘a ta’sir etarlik ma’nidor bir so‘zdur. Mavqei kelganda shunday hikmatlik so‘zlar yozib o‘tishdan kommunistlar ham zarar ko‘rmaslar, deb o‘ylaymiz. Bu yer Turkistondur. Yovrupo emasdur. Bunda kommunizmning har bir qoida va qonunini birdan hayotga tatbiq qilib bo‘lmaydur. Shuning uchun bundagi gazetalarda yozilaturg‘on so‘zlarning har birini kommunizm maslakiga tatbiq qilib yozish ham mumkin emasdur. Buni esa olti yillik tajribamiz ochiq suratda isbot etib turubdur.

Hol shunday ekan, birgina so‘z ustida muncha dod-faryod qilib qiyomat qo‘pturish Qosim o‘rtoq kabi kommunistlarning sha’nig‘a yarashmayturg‘on bir sifatdur.

Endi Qosim o‘rtoqning to‘g‘ri tanqidlarig‘a ham bir ko‘z solib o‘tayluk. Ul kamchiliklarimiz qatorida gazetamizda mahalliy xabarlardan, bosmachilikdan oz yozilishini, dehqonlar hayotidan va dehqonchilikdan to‘la ma’lumot yo‘qlig‘ini, firqa turmushidan ozroq yozilib turg‘onini yozib, maqolasining oxirida gazetamizning dehqonlar gazetasi bo‘lishini, siyosat bilan uncha bosh qotirmasliqni, mahalliy hayotdan ko‘prak yozishni tilab qoladur.

Biz ham shul yo‘l bilan borishni birinchi maqsadimiz deb bilganimiz uchun bu to‘g‘rida qo‘limizdan kelgancha harakat qilib turubmiz. Lekin esizkim, gazetamizni mu-kammallashturish uchun moddiy va ma’naviy kuchimiz yetishmaydur. Gazeta moliya jihatidan g‘oyat torliqda qolg‘on. Shuning uchun ma’naviy kuchimizni ham ortdurolmay turamiz. Hozirgacha gazetamizda birgina vazifalik muxbirimiz yo‘q edi. Shahar va muzofotimizdagi ba’zi xabarlarni o‘zimiz topib yozar edik. Faqat bu kunlardagina bir muxbir olarg‘a muvaffaq bo‘ldiq. Bu kungacha gazetamizda yolg‘iz bir muharrir, bir musahhih va bir tarjimon bor edi. Bir muharrir qaysi bir ishni bajarsun! Gazetaning har sonida maqola yozsunmi, oqcha uchun kunda hukumat idoralarida yugursunmi, xabarlar yozsunmi yoki o‘zi mutaxassis bo‘lmay turib yuz mavzuda maqolalar yozsunmi?

Insof qilinsun!.. Yigirma yoshar yosh bir muharrir qaysi bir ishni qilsun? Shuncha og‘ur sharoit ichida ishlagan gazeta hay’ati tahririyasi gazetani har jihatdan qanday mukammal qila olur? Bu ish mumkinmi? Yuqorida turib «gazeta unday bo‘lsun, bunday bo‘lsun!» degan quruq «amr-farmon»lar yoki «tilak»lar bilan ish bitmas. Orgiq so‘z va qaror zamoni o‘tub, ish davri kelgan. Endi ishlash kerak. Ishlamaganlarni ish boshidan haydash kerak, «quruq so‘z quloqqa yoqmas»…

Quruq «ta’limot» berish va «to‘rtasi chor yak» falsafalar sotib o‘lturish afv qilinmasliq jinoyatdur.

O‘rtoq Qosim aytgancha, hozirda gazetani dehqon gazetasi qilish mumkin emas, qiling‘onda ham foydasizdur. Biz gazetani dehqon gazetasi qilib so‘zimizni qaysi savodlik dehqong‘a eshitduramiz? Bu ishdan burun boshlab dehqonlar ichida maktab ochish, maorif tarqatish lozim va shuning bilan barobar sekin-sekin gazetani ham dehqonlarg‘a foydalik bir yo‘sinda olib borish kerakdur.

So‘zning oxirida shuni ham yozib o‘tamizkim, bizning katta aybimiz bo‘lsa, ul ham kosaleslikni, maddohona va xushomadgo‘ylikni bilmasligimizdur. Shuning uchun to‘g‘riliq bilan hech kimdan qo‘rqmasdan yozaturg‘on so‘zlarimiz o‘zgalarga qattig‘ tegadur.

«Zarafshon» gazetasi, 1922 yil, 21 iyun


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"