Yana o‘t
Yana tegramda o‘t, olov, uchqun;
Yana ko‘klarda sor va burgutlar;
Yana qo‘zg‘almoq oldida tutqun,
Yana sarhadda «Ur, yiqit, tut!»lar.
U og‘ir zanjiringni shaldiratib,
Qari Sharq, sen-da qo‘zg‘alursanmi?
Uyushiq qo‘llaringni qaltiratib,
«Madaniyat»ga shop solursanmi?
Yoki o‘tgandagi erinchaklik
Yana yillarcha tebratarmi seni?
Yoki bir hovliqar-da erkaklik,
Qonli maydonga tezlatarmi seni?
Qo‘zg‘alib ketganingni bir ko‘rsam,
«Qutularman!» degan ishonch bo‘lsa.
Kishaning parcha-parcha to‘g‘ralsa,
Qutulish izlaringga yuz sursam!
Ruhi yo‘q bir «mashina» oldinda
Nega yerlar qadar tubanlanding?
Nega jonsiz temirga bog‘landing?
Xorlanish shunchalarmi insonda?
Yana har yonda o‘t va uchqunlar,
Yana qo‘zg‘aldi qonli to‘lqinlar!..
Toshkent. 1923, 26–may
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|