Yig‘indi gaplar

Yig‘indi gaplar (1925)
by Abdulla Qodiriy
334220Yig‘indi gaplar1925Abdulla Qodiriy

O‘qug‘uchilar bilan dardlashmaganimga qariyb bir yarim oy bo‘ldi.

— Qaysi burchakda uxlab qolding? — deb so‘rama, jiyan. Bu o‘lkada nima ko‘b ekan, uxlaydirg‘an burchak va unda o‘mpayib, to‘mpayib uxlag‘uchi menga o‘xshash ovsarlar! Men senga aytsam, o‘zbekning ishchisi, dehqoni, ma’orifi, madaniyati, iqtisodi, shaltay-baltayi, xullas, barchasi ham uxlaydi. Ammo o‘choqboshini xoli topqan olaqarg‘alar bo‘lsa, xo‘bam bilgan noma’qulchiligini qilayapti! Qilaversin, egasiga tovoq-qoshiq kerak bo‘lsa, axir bir kun qatron-patron qilib olar-ov, og‘ayni! Ish qilib o‘lmasdan bahorga chiqib olsaq bo‘pti… «O‘psa netar, yuvsa ketar», degan ekan ota-bobo.

Men shu dunyodagi odamzodning kuydi-pishtisini temirtakda qiynab o‘ldursam deyman:

— Yerlilashdirish! O‘zbeklashdirish! Falonchining vijdoniga kuydirgi chiqg‘anmi? O‘lib bo‘ldik-ku! (To‘ng‘iz qo‘psang yo‘q dedimmi!) Yaram yangilandi! Ko‘rchipqonimni kimning oldida yoray?! (Buvingni oldida yor!) Mahallamdan munchasi ishsiz, falonchasi och! (Och bo‘lsa kafanini hozirla!)

Ko‘chaga chiqsang ko‘ringan kishidan eshitadirgan so‘zing shu. Qulog‘ingg‘a paxta tiqmasang, boshqa iloji yo‘q!

— Voy o‘sha kuydi-pishtini yig‘ib, terib Egam chaqirsin!

Hali-ku bu og‘zaki g‘ishg‘isha. Ammo kechagi kun gazetda Oxunboboyevdek bitta sarkoringdan ham fe’lim aynay yozdi. Hammadan ham buniki qiziq. Madanglik maorif xodimchilari qurultoyida ma’ruza o‘qib nima deydi, deng:

— «Jumhuriyatimizda har 200 murassa’ chaqirim yerga, yoxud har 4909 odamg‘a bitta maktab bor. Yoki o‘qish yoshida bo‘lg‘an bolalarning har (emas, xo‘tuk) 979 tasiga bir maktab to‘g‘ri keladir!»

Ana bu miyasi achimaganning gapiga qarang endi! Xudog‘a shukr, qorning to‘q, qayg‘ung yo‘q, bas, tinchkina faroyizxonlik qilmasdan oqsoqollig‘ingni qilaversang bo‘lmaydimi, usta Yo‘ldosh!

Tuzik, chaqirim-paqirimingga manim ham qarshilig‘im yo‘q. Rahmatlik bo‘boy: «Sakkiz chaqirim bir tosh bo‘ladi, bir toshni yaxshi oting bo‘lsa bir soatda bosasan», deb aytar edi. Ikki yuz chaqiriming… hisobning kallasi minan 24 tosh bo‘lsa, haligidek oting chaman bo‘lmasa, bir qo‘nib ertasiga tush chog‘ida arang yetib borasan. Uloving eshak bo‘lsa-ku, niyatni safarga qilib, ro‘zangni bahuzur yeyaver!

Gap qayerda edi, hali… ha, aytkandek har besh ming odamg‘a bitta maktab yoxud 979 tagina uyida enasini zeriktirgan go‘dakka bittagina ermak to‘g‘risida edi.

Shu zamonadagi ba’zi odamlarg‘a ajab hayron qolaman. Bir ming bolag‘a bitta maktab bo‘lsa nima-yu, o‘n minggiga bita to‘g‘ri kelsa, sen bilan menga nima hasrat! Basharti muddao mirzaboshilarni ko‘paytirib, idoralarni yerlilashdirish bo‘lsa azbaroyi Lenin va Marks uzatkan oyoqingni yig‘ma! Ko‘chaga chiqsang har qadamda bitta mirzaboshi, hasratidan chang burqiydi: ish yo‘q, kuch yo‘q, o‘n to‘qquzta yerlilashkan idoradan hafta o‘tmay chirting-pirting qog‘ozini olibdir. Rostini aytsam, «Qul o‘lmas, rizqi kamimas» maqolini uncha-muncha odam to‘qib tashlamag‘an. Darhaqiqat, har besh mingiga bitta maktab bo‘lsa ham bechoralar yig‘lab, siqtab, yag‘iriga kul sepib, bir kunini ko‘rayapti. Buning ustiga kun sayin tappa-tappa kelib turg‘an beshik-belik va qadr, hurmatlik mehmonlarga ham sirrini bergani ma’lum emas. Endi bir minggiga bitta maktab tushkan har besh mingning xo‘tuklari ham bir kunini ko‘rib ketar, deb o‘ylaymiz. Bitta-yarimtaning o‘chog‘iga kosov bo‘lar yoki otboqarmi, axlat qoqarmi, ishqilib bir balo bo‘lar-ku! Bas, menga qolsa, mundog‘ mayda gaplarning qayg‘usini chekish hech arzimaydir.

Ensamni qotirg‘an gaplarning yana bittasi anovi kun bo‘lib kechkan madanglik maorif xodimchilarining qurultoyidir. To‘g‘risini aytkanda, ziyonlilarni foydalik qilish masalasidir. Lekin ashaddiy qaxqahamga mujib bo‘lg‘an gap ham shunisi. O‘rtoq Akmalcha Cho‘lponboyning:

Ziyolimassen ziyonli xezlardan,
Upa-elik oludasi qizlardan.
Oxund bobo o‘g‘li kabi er kerak,
Boyonlardan oling‘usi yer kerak! —

degan she’ri bilan ziyonlilarining aftiga tufurgani holda yana nima uchundir imoni susayib, «Xezlar tavba-tazarru’ qilsa, firqaning quchog‘i ularga ochiq!» deb qo‘yadir. Darhaqiqat, xezlardan bittasi tavba qilib, istig‘for aytsa, Akmal jindak bu tavbaga ishonadimi, yo‘qmi, hozircha uning ichiga kirib chiqg‘an maxluq yo‘q.

Biroq bunga ishonar ekan, Akmalingga aytadirgan ikki og‘iz gapim bor: Senga misol berish uchun Shayx Sa’diyning hikmatiga va yo Kalilaning Dimnasiga murojaat qilib o‘lturmayman. Misolni xudda naq mutakallimdan eshit:

Men har kuni Xudog‘a to‘qquz martaba osiy bo‘lib, o‘n sakkiz martaba tavba va istig‘for aytaman. Isyonim bepoyon bo‘lg‘anidek, istig‘forim hadsiz va lekin isyonsiz qolg‘an soatimga juda oz uchrarman! Bas, onglag‘ilkim, ey Akmal! Tavbaga bo‘yin bukkan banda, bandalarning eng yaramasidir, qulliq bunyod qilg‘an rasvo-rasvolarning yana ashaddiy rasvosidir. O‘z butunlig‘ini saqlay olmag‘an, boshqag‘a en bo‘laoladir, degan gapni hech bir kitobda uchratolmadim. Aytmakchimanki, tavbasi boshini yesin, sen bo‘lsang ishingdan qolma, otingni chuh, de! Haqiqat oldida bo‘yin egish tovbadir, o‘zgasi g‘ovg‘adir!

Shu oralardag‘i muhum hangamalarning yana bittasi «Milliy qo‘shinning firqa kanferensiyasi» deb arz qilsam, ehtimolki, hech kimning ko‘ngliga og‘ir kelmas.

Nafsilamir, qilay desa ishi, yotay desa og‘rig‘i yo‘q yigitlarimizni basharti muvofiq ko‘rilsa va gazarmalaringiz bo‘sh bo‘lib, ko‘ngillariga gap kelmasa, qo‘llarig‘a miltiq topilmag‘anda ham bitta-bitta ketmandasta berib, qo‘ruqchilikka qabul qilish chakki bo‘lmas, deb xayol qilurmiz. Yana ra’yi o‘zlarinikidir.

Er islohoti munosabati bilan O‘zbekistonda boshqa islohotlar ham yasalar emish, deb eshitdim. Darhaqiqat, mamlakatda islohotga muhtoj masalalar ko‘bdir. Masalan, kattalarga aql va basirat islohoti, muharrirlarga til va ma’no, shoirlarga ilhom va uslub (ma’no bo‘lmasa ham mayli), yoshlarg‘a axloq va kiyim, xotinlarga jabru zulm, domlalarg‘a din va salla, «Mushtum» yozishguchilarig‘a faqat shaxslarning yoqasiga yopisha berishlik va boshqa mavzular to‘g‘risida o‘ylab ham qaramaslik va hokazo islohotlarga nihoyat darajada ehtiyoj ko‘bdir.

Ovsar.

«Mushtum», 1926 yil, 25 fevral, 2(27)-son, 2-3-betlar.


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"