Yigitlar tovushi (1920)
by Hamza Hakimzoda Niyoziy
334511Yigitlar tovushi1920Hamza Hakimzoda Niyoziy

Ko‘p uzoq emas, 1908 yillarda ham madrasada o‘qub yurgan vaqtimizda gazet-jurnallarni birovlar nomiga yozdurub olub, qo‘ltig‘imizga yoshurub, shul madrasaning qozon qo‘yadigan qorong‘u hujralarinda eshikni ichidan beklab, o‘shanda ham qo‘rqub-qo‘rqub o‘qur edik. Shunda gazetalarda totor qizlarining muallima va shoira va muharrirlari tarafindan turmush haqindag‘i har xil shirin va quvonchli maqola, feleton va she’rlarni o‘qub bo‘lganda, shu qorong‘u hujraning devoriga suyanub, soatlarcha bu haqiqiy ilm-maorifdan mahrum qolg‘an Turkistonimizning xotin-qizlari haqinda o‘ylanub-o‘ylanub kechurgan fojiona o‘sha hollarimni ko‘rgan inson bolasi meni jonsiz, muzeylarga qotirub qo‘yg‘on quruq bir haykaldan ajrata olmas edi. Albatta, u holda fikrimdan kechgan nimarsalarni bayon qiluv u tarafda tursun, bu oz muddat ichida amaliy suratda nihoyat tez va yaxshi bir usul bila amalga qo‘yulub keta boshlag‘onlig‘ini ko‘z bila ko‘rila boshladi. Gazetalarda «Xotin-qiz tovushi» sarlavhasi bilan Turkiston qizlari-da o‘zlarining huquqi nisvon va hayotlarining achchiq va shirinlig‘i to‘g‘risinda har bir maqola va she’rlar ko‘rila boshladi. Albatta, xalq uchun qayg‘urub yurgan, bir kamchilikni o‘zi hayot vaqtinda ko‘zi ila ko‘rgan kishining naqadar shodliqni yozub bitira olmasligi har kimni ma’naviyidur. Shuning uchun so‘zni har biridan tutub ola-bula qilub yozsam ham maqsaddan debochani ko‘payib ketuvin nazardagina tutub, boshqa so‘zni keyinga qoldurub, muddaoni yozarg‘a tutildim.

45-numer «Ishtirokiyun» sahifasinda «Xotin-qiz tovushi» sarlavhasi bila Qunduzxonim tarafindan bir maqola jozibona ko‘rildiki, bu maqola naqadar sodda va qisqa ko‘rilsa ham ma’no jihatidan zo‘r fikr va uzoq tasvirlarni xayol manzaralarinda javlon ettiradur.

Qunduzxonim[ning] shu maqolalari yana madaniy bir hayot uchun Turkiston turklarining qiz-yigitlari orasiga o‘quv qayg‘usindan boshqa bir qancha yordam ko‘rsatadurgan alarni bir-bir izoh qiluv uchun necha bob va necha fasllardan iborat bo‘lgan bir zo‘r kitoblarni yozub anglaturga ehtiyoj voqe o‘lur. Shuning uchun men bu yerda bir-ikki qisqaroq amaliy foydalarindan yozib o‘tuvni lozim topaman.

Qunduzxonimning bu yozg‘on maqolasiga ergashib, albatta, boshqa xonimlar ham o‘zlarining biror jihat bila olar tarafindan majburiy yoki asossiz paranji-chimmat xosiyati bilan maslak va ideyol, ilm va xayollariga qarshu biror johilning to‘riga tushub qoluvidan mumkin qadar ehtiyotlanub, mana shunday gazeta sahifalari munosabati ila (vaqtincha bo‘lsa kerak) istaganlariga yozishub chiqishurlar-da hayotlari har qanday fojialardan muhofaza o‘lur.

Ikkinchi tarafdan, Qunduzxonim aytganlaridak, «o‘zimizda yo‘q!» deb biror rus orzu ila deylik serfudra (upa) muxorkalarin sovuqlarda teatrxona va burchaklarinda qorin och, dir-dir qoltirab, poylab o‘ltiruv o‘rniga bunday bo‘sh vaqtlarni tahsili ilm va qiroatga sarf qilib, ana shunday puchmoqlardan o‘z g‘ayrat va ijtihodlari bilan tayyorlanub chiqqan qahramon turk qizlari bila uylanuvg‘a sa’y qilurlar.

Qunduzxonim, sizning bu maqolangizi man vaqti bila tabrik etib, bo‘lim-bo‘lim izohlar beruvga va’dalar beruvim ila barobarinda yuragimdagi bir muddaoni yozib o‘taman. Ota-ona taassufi va hukumat istibdodi, faqirlik, bir tarafin ochib aytganda, dangasalik bo‘lib, u qadar yuqori maktablarni tamom qilmag‘on bo‘lsa hamki, sizga o‘xshash sa’y va hayratlanub alifbosi orqasinda chala-pula o‘quv, yozuvni tonuv barobarinda zamona vajohi va tarbiyasiga muvofiq uncha-muncha ermak kitobchalarni ham yozub yuborganman.

Mana shuning uchun man ham o‘sha sizga o‘xshash bir ozgina o‘qig‘an xalqi uchun dardlikkina qiz o‘zimizning sharqlik turk naslindan chiqub qolar umidida hozirgacha yurgan edim. Mana bu sizni maqolangiz o‘sha mani kechalari uzun-uzun, shirin-shirin o‘ylagan umidlarimga yetqizdi. Shuning uchun man ham shu maqolani yozuv munosabati bila shunday bir xonimani tonuv va oni birla shirin hayot qiluv umidida edim. Albatta, ilgari mahallamizning dasturxonchisi Poshshoxonim vositasi bila ba’zi xotin-qizlarning oralarinda odatga kirmish bir xil pes rasmlarni ko‘zim ila ko‘rub (u vaqtda o‘n besh yoshlarda edim, xotunlar ba’zi erlardan qochmas edilar) xayolimda qolg‘onlarin «Sadoi Turkiston» gazetalariga maqola va she’r vositasi bila xalqqa anglatub o‘tgan edim. Endi xotin-qiz oralariga kirish mumkin bo‘lmaganga mana shunday o‘qishli oilalar vositasi bila yana ba’zi yoshurun sirlardan xabardor bo‘lub, ikkovimiz birlashub, bu haqda teatr risolalari yozsak hamda ikkovimiz birlashub, xotin-qizlar uchun alohida kechalar yasasak va xotin-qizlardan truppa (artist uyushmasi) yasab, xotin-qizlarni turmushlarin zehnlaydurgan pesalarni yozib, xotin-qizlarga maxsus sahnalar bo‘lguncha erlar sahnalarinda maxsus xotin-qizlarg‘a teatrlar bersak, hokazo, hokazo.

Mana shunday ulug‘ umid va buyuk xizmatlar umidinda bir til, bir dillik bir xonimga erishuv umidinda yozgan shu pala-partish maqolami shoyad qoriinlarim aybga sanamaslar. Anqoni qo‘lga yetushdiradirgan humo himoyoti ostidan ko‘chiradurgan ulug‘ qurolsolar, insonning samimiy himmat, haqiqiy ahdi ila bog‘ludur. Mana shu fikrimga qo‘shiladurgan biror qahramon turk qizining tovushini kutub qolaman.

«Ishtirokiyun» gazetasi, 1920 yil, 16 mart


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"