Yolg‘on aralashqan da’volar

Yolg‘on aralashqan da’volar (1923)
by Abdulhamid Choʻlpon
335313Yolg‘on aralashqan da’volar1923Abdulhamid Choʻlpon

Ayb hech kimda emas, na do‘lda va na tegirmonda. Ayb karmonda va hamyonda.

Yo‘q, bu da’volarning hammasi bezraygan yolg‘on.

Manimcha, hamma ayb eski Toshkand ijroqo‘midadir. Yo‘q to‘g‘ri emas birgina eski shahar ijroqo‘mi emas, hamma shahar ijroqo‘mida ham bor. Lekin ayb ijroqo‘mlarning buyrug‘ini eshitmagan bo‘limlaridadir. Afv etasiz, ko‘b yerda bo‘lmaylar 2… 3 oylab oyliklarini ololmaydirlar. Nima qilsunlar. Bechoralar, ovul va qishloq sho‘ro ishchilari besh yildan beri oylik olmag‘anlari holda butun davlat egasi shular; ijroqo‘m raislari davlatlik boylardan kam emas. Mana bu da’volarning hammasi ham yolg‘ondir, ishonmangiz.

Manimcha, hamma ayb hazrat Odamning jannatdan haydalishig‘a bois bo‘lg‘an iblis mal’undadir. Man bo‘lsam, butun aybni baladiyya idoralariga qo‘yar edim, chunki tobqan-tutqanlari ko‘pruk tosh yo‘llari yurub o‘z qorinlarig‘a ketadir. Ya’ni, demak aytamankim, bizning musulmon qismlaridagi baladiyya bo‘limlarining tobqan-tutqanlari o‘z oyliqlarig‘a ketadir. Eski Toshkand dumaxonasining o‘z so‘zicha, “Oyliqqa ham yetmaydir”. Mana endi, bu ham tuhmat! Yolg‘on. Og‘izdan bir chiqib ketdi-da, og‘a-inilar!

O‘ylab qarasam, hamma ayb sog‘liqni saqlash bo‘limi o‘rnig‘a ochilg‘an baloi ofat bo‘limlarida ekan… Bu ham quruq tuhmat! Dunyoda kimning aybi bor?…

Aybi yo‘q. Birgina ayb bizning ahmoqlig‘imizda, musulmon boshqarmalarining siyosiy tarbiyasizligida. Ularning ko‘blari ishdan keyin masjid jilovxonalarida o‘tkanning o‘rog‘ini, ketkanning ketmonini olib o‘ltiradirlar-da, ustal talashib o‘rtadag‘i ishchi-dehqonlarning boshini yorib ko‘zini chiqaradirlar. Idoraga kelganda almoyi-aljoyi qassobg‘a imo, baqqolg‘a ishorat…

Endi tuzalgan eid, ular asfala sofilinga ketkan eid, mana shu yolg‘on gap edi. Qani o‘lgani, ular yana tiriklar. Lekin ustal talashadirlar. Umidlari yana ustalga o‘ltirmoq. Yolg‘on da’vo bo‘lsa-da aytib o‘tdik-da, birodar.

Ha, uyung kuygur qaysi biri to‘g‘ri?..

Hammasi to‘g‘ri, hammasi egri ham yolg‘on…

O‘h… kimniki to‘g‘ri, mullolarnikimi?

Yo‘q.

Iymonchilarnikimi?

Yo‘q.

Bo‘lmasa umrini fisq-fujur bilan o‘tkazgan millat bolalarining nomusini yerga bukkan ma’lum va mashhur Usmon polvonniki to‘g‘rimi?

Ha, shuniki to‘g‘ri.

Nimaga?

Nimaga bo‘lar edi zamona zo‘rniki, tomosha ko‘rniki. Yana zamon, pasqamda pishqirish, Usmon polvonlarniki.

O‘lma, bu da’vong bo‘sh ketdi.

Nima zarari bor, menim to‘rt tomonim qibla, nima aybi bor, hamma gapim yolg‘on.

Dod deb yuboraman-da, nima demakchisan. Yuqoridagi uchi yo‘q chuvalib ketkan uchuruqlaringdan hech narsa tushuna olmadim.

Tushunmasang bo‘g‘ilib o‘l.

O‘rtoq, qo‘y, nima demakchisan, ochib so‘zla!

Ochib so‘zlaymi?

Ha…

Keragi yo‘q.

Iltimosimni qaytarma.

Xo‘b, qabul qildim. Ayb hammada.

Lekin jim… Hech kimga aytma, ayb hammada, hattoki ayb ham aybdor. Masalan, yaqinda militsiyalar hayit kuni Taxtapul darvozasida bachcha o‘ynatdilar. Buxoro qizil askarlarining ko‘blari bedanabozliq bilan mashg‘uldirlar, bu ayb emas-ku, aytib o‘tik-da. Hayit kuni har yerda sinfiy ayirmas bitdi. Istaganlar yangi iqtisodiy siyosat sharafiga urushtirildi, attang, og‘zimdan chiqib ketdi. Aybi yo‘q.

Eski shaharda ustal talashi, bosh yorilg‘an, ko‘z chiqqan, o‘t bilan suv bu kun birlashkan, ha nima uchun bunday? Kuch-quvvat birlikda emish… Sinfiy tortish qaydasiz, ustal mas’alasi.

Chu… Ko‘zingni och, qarg‘a. Bu yerda bir oz chegarani kattaroq kesib yubordim.

Mashhur Samson Usmon polvonning bog‘ig‘a ko‘chib chiqqan, Ostroumov hukumat ishiga kirmakchi bo‘lub yurar emish. Buxoro eskichilari amirning haqiga duo qilar emishlar. Yangi imlochilarga qirg‘in kelar emish. Har qayerda ulamo jamiyati ochilmoqchi emish…

Mana bu xabarlarning hammasi to‘g‘ri emas. Nega desang, bo‘yoqchining xumi buzilg‘an.

Hukumat diniy xurofot bilan kurashmak uchun bel bog‘lag‘an. Biroq, bizning musulmon mas’ul ishchilarining ko‘bi ma’lum va mashhur. Afv etasiz, ularning haqidagi da’volarning hammasi lof, yolg‘on. Masalan, odamlar gap tarqatdilarki, go‘yo bizning bir necha kommunistlarimiz eshong‘a qo‘l beribdir. Yusufxon eshon o‘lganda bir qancha kommunistlar yig‘lab o‘lay debdir. Yusufxon eshonning sassig‘ murdor jasadi uchun yangi mozor ochishg‘a sabab bo‘lg‘an emish. Voy yolg‘onchining uyiga o‘t tushsun. Eski shahar sog‘liqni saqlash bo‘limi boylardan bir narsa… olib eski shaharga o‘luk ko‘mish uchun ijozat berar emish deb, shu to‘g‘rimi, eski shaharda o‘luk ko‘mish uchun ijozat beradurg‘an mahkamalar juda ko‘b, yomonning kuchi yapaloqqa yetar, hammangizning kuchingiz sog‘liqni saqlash idorasiga yetibdir-da. Ijroqo‘m, idora bo‘limi, militsiya idoralari bilan ishingiz yo‘q, hammasida ham ayb bor emasmi? Puchuq tabib avval o‘z burningni tuzat, agar san ham biror idoraga boshliq bo‘lsang edi, nima qilar eding, hammasi menga ma’lum.

Ayb hammada bor-ku, biroq butun janjal afandining choponi ustida!…

Yolg‘onchi

“Mushtum” jurnali, 1923-yil, № 9.


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"