Yozuvchilarimiz Chirchiq qurilishida

Yozuvchilarimiz Chirchiq qurilishida (1935)
by Abdulhamid Choʻlpon
335234Yozuvchilarimiz Chirchiq qurilishida1935Abdulhamid Choʻlpon

Toshkentdan bir necha chaqirim narida, Chirchiq daryosi bo‘ylarida, Butunittifoqning eng katta korxonalaridan biri qurilayotir. Yigirma-o‘ttiz chaqirim kelaturgan bir masofani tor izli temir yo‘llar, tosh yo‘llar, ishchi baraklari, kattakon avtomobil garajlari, ikki avtomobilni bemalol olib o‘taturg‘an azamat paromlar, haybatli ekskavatorlar (yerni o‘zi qazib, o‘zi tashuvchi mashina), gidromonitorlar (suv kuchi bilan adirlarni yiqitaturgan mashina), necha yuzlab avtomashinalar, necha minglab odamlar qoplagan. Chumoli uyasidek qaynagan bu keng maydonda quvvatli projektorlar nurida kecha-kunduz tinimsiz ish boradi.

Dnepr qurilishi kabi eng zo‘r qurilishda ish ko‘rsatib mukofotlangan bir qancha injener-texniklar va yuqori ixtisosli ishchilar Chirchiq qurilishiga yuborilganlar. Sho‘x va sarkash Chirchiqning necha yuz bilan ming yillardan beri o‘tib kelgan yo‘llari o‘zgartirilmakchi. Iskandarning tepasida, daryoning bo‘g‘zida, sirtmoq solinib, uning kuchi bilan bir qancha azamat elektrik suv stansiyalarini yurgizilmakchi. U stansiyalar yaqin kelajakda buyuk fabrikalarni aylantirib ishga solajak, hozirdan boshlangan kimyo kombinati jumhuriyatning “oq oltin” talalarini o‘g‘it bilan ta’min etajakdir.

O‘zbekiston Yozuvchilar soyuzining jumhuriyat qo‘mitasi tomonidan tuzilgan va Gʻayratiy, A.Qodiriy, A.Qahhor, Hamid Olimjon, Elbek, Oppoqova va Cho‘lpon o‘rtoqlardan iborat yozuvchilar brigadasi shu aprel oyining 10-11 lari orasida Chirchiq qurilishiga chiqib, yuqorida aytilganlarning barchasini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib keldilar. Yozuvchilar qurilishning eng muhim joyi bo‘lgan bosh to‘g‘onni (Iskandardan yuqoriroqda) qarish-qarish kezib ko‘rdilar, ularga Dneprda ishlab o‘zini ko‘rsatgan ixtisosli bir ishchi izoh berib, to‘g‘onning qurilishi bilan tanishtirdi.

U yerda endi Chirchiqning yo‘li o‘zgarib ulgurgan. Chirchik to‘g‘on uchun joy bo‘shatib, o‘ngroqdan oqmoqda. U yerda eng katta ekskavator shag‘alli zaminni u yoqdan olib, bu yoqqa tashlamoqda, kichkina parovozli poyezd omonat izlar ustida chinqirib yurib tuproq va shag‘allarni tashimoqda. Odamning va ekskavatorlarning kuchi yetmayturgan og‘ir xarsonlarni va baland adirlarni dori (borot – porox) kuchi bilan portlatilmoqda, har kun “gum-gum” ovozlari Iskandarga eshitilib turadi.

Komsomol (ilgarigi Qirg‘izbuloq) qishlog‘i yonida birinchi elektr suv stansiyasi solinayotir. U joyni aylanganda brigadaga yosh o‘zbek injeneri o‘rtoq Fayziyev rahbarlik qildi va to‘la ma’lumot berdi.

Butun qurilish to‘g‘risida, ayniqsa, bosh to‘g‘on quraturgan uchastka (Iskandar uchastkasi) to‘g‘risida o‘sha uchastka boshlig‘ining o‘rinbosari injener o‘rtoq Niyozov to‘la ma’lumot berdi. Qurilishning yordamchi muassasalari bilan brigadani qurilishning o‘zida chiqaturgan “Chirchiq qurilishi udarnigi” gazetasining xodimlari (ayniqsa, gazetaning muharriri o‘rtoq Saburov) tanishtirdilar. Brigada hozir madaniy bir shahar holiga kelgan Komsomol qishlog‘ini ko‘rdi, sotsshahar bilan tanishdi.

Faqat brigada a’zolaridan ko‘pchiligi nashriyotga bog‘liq ishlar bilan shaharga qaytishga majbur bo‘lganlaridan bu kerakli sayohatni yana ham nari surish imkoni bo‘lmadi. Brigada a’zolarining hammasi bir og‘izdan bu buyuk qurilish bilan yakka-yakka bo‘lsa ham doimiy aloqada bo‘lub turishni zarur topdilar. Bundan so‘ng yozuvchi o‘rtoqlar qurilishning gazetasi, tiyotr to‘garagi va boshqa madaniy-oqartish ishlariga yordamlashib turmoqchi bo‘ldilar.

Taassufga qarshi, bu safarning birmuncha kamchiliklari ham bo‘ldi. Masalan, qurilishdagi kasaba tashkilotining aybi bilan bu safar brigadaning juda istagan bir narsasi – qurilish udarniklari bilan uchrashuv kechasi bo‘lmay qoldi. Jumhuriyat qo‘mitasi hozir bu kamchilikni to‘latish choralariga kirishdi. Shuni ham aytib o‘tish kerakki, bu safar yaxshi uyushtirilmagan edi, shu uchun brigada ikki bo‘linib chiqdi va ozgina bir masofaga ancha qiynalib (butun kunini yo‘qotib) zo‘rg‘a chiqa oldi. Umuman, transport masalasida bizning jumhuriyat qo‘mitasi biror narsa qila olmagani kabi, qurilish idorasi ham (o‘rtoq Hamidxonov) hech bir yordam ko‘rgazmadi. Brigada u yoqdan-bu yoqqa borishda gazetaning birgina yuk mashinasiga qarab qoldilar. U mashina ham band bo‘lganidan brigadaning vaqtidan yana ham unumliroq foydalanish mumkin bo‘lmadi. Gapning qisqasini aytganda, qurilish ma’muriyati va kasaba tashkiloti brigadani ko‘ngildagidek kutib olmadilar.

Brigadaning ishlaridagi butun og‘irlikni o‘rtoq Niyozov bilan gazeta xodimlari ko‘tardilar. Ularning xizmatlarini qayd etmasdan o‘tib bo‘lmaydi.

Gazeta to‘g‘risida bir-ikki og‘iz gapirib o‘tish zarur. Ikki gazeta bir binoda. Bino tor, kichik. O‘zbekcha gazeta ixtisosli ishchilar bilan yetarlik butlanmagan, shu orqada kichkinagina bir gazetada kechirilmaslik matbaa xatolari ketadi. Ikki gazetaga bir avtomobil bo‘lganidan ikkala gazeta ham u keng qurilishning hamma uchastkalari bilan doimiy va chaqqon aloqa bog‘lay olmaydi. Gazeta xodimlari doim uchastkadan-uchastkaga o‘tib ishni o‘z joyida kuzatib borishlari kerak. Uni faqat sayyor redaksiyaga ishonib tashlab qo‘yish yaramaydi. Bundan tashqari, tirajlari bir necha mingga yetadigan ikki gazeta uchun birgina “Amerikanka” bo‘lishi ishga ko‘p zarar beradi va ikki gazetaning bir-biridan koyishib turishiga sabab bo‘ladi. Bu ikki muhim gazetaning kamchiliklarini tezlik bilan tugatish lozim.

* * *

Brigada Qozog‘iston SSRning Bo‘stondiq rayoniga chiqib, yurib Chirchiq bo‘yidagi kolxozlar bilan ham tanishdi. Kolxozchilar bilan qilingan musohabalar ko‘prak… yangi kolxoz ustavi ustida bo‘ldi. Kolxozchilarning so‘zlashlaridagi dadillik va ishonchni o‘zi yangi ustavning buyuk ta’sirini ko‘rsatib turadi. Bu yangi ustav bo‘yicha faqat halol mehnat qilib, shu bilan davlatli bo‘lmoq mumkinligini kolxozchilar qayta-qayta aytadilar. Yangi qishloqda yangi ustavning alomatlari hozirdanoq ko‘rina boshlabdir.

“Qizil O‘zbekiston” 1935-yil № 92.


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"