Yunonistonda o‘zgarish

Yunonistonda o‘zgarish (1922)
by Abdulhamid Choʻlpon
335295Yunonistonda o‘zgarish1922Abdulhamid Choʻlpon

Yunonistonda ag‘darilish bo‘ldi. Qirol Qo‘nstantin qamoqqa olinib, inqilob qo‘mitasi tuzuldi. Ag‘darilish harakatiga ko‘brak Vanaziloschilar aralashdilar.

Angliya jahongirlarining yashirin maqsadlari uchun bu kun haqiqatan qurbon bo‘lub turg‘an bechora yunon xalqi o‘zini qo‘ydek qurbonliqqa sudrab borayotqanlarg‘a qarshi nihoyat isyon qilg‘an, bosh ko‘targan. Yunon qo‘shunining keyingi ezilishidan keyin yunon xalqida bir darajada norizoliq alomatlari ko‘runa boshlag‘an. Angliya siyosatiga ko‘rlardek itoat qilib ketib Yunonistonni bu kungi fojealarga yo‘luqturg‘an qirol Qo‘nstantinning “yomonlig‘i” va “yaramaslig‘i” to‘g‘risida gap-so‘z boshlanib qolg‘an edi. Hatto bir vaqtlar hozirg‘i qirol hukumatining ochiq va qizg‘in dushmani bo‘lub-da shu kunda “vatan judo” bo‘lung‘an mashhur xayolparast Vanazislosni hukumat rayosatiga chaqirish mas’alasi og‘izg‘a tushub qolg‘an edi. Boshqalarning kuchlik tama’lariga qurbon qiling‘anlig‘ida sira shubha bo‘lmag‘an Yunonistonni bu kungi qiyin va og‘ir vaziyatdan na Vanazilos va na-da Miralay Panatoslarning qutqara olmaslig‘ini yunon bo‘lmag‘anlar ko‘b yaxshi bilsalar ham, lokin, yunonlarning o‘zlari, ayniqsa ularning ortiq “nekbin” bo‘lg‘an yo‘l boshlag‘uvchilari (qaysi guruhdan bo‘lsalar ham) bu haqiqatni yaxshilab tushuna olmaylar, yoki tushunmak istamaylar edi. Shuning uchun, go‘yo har dardga davo bo‘laturg‘an bir kishi kabi Vanazilos janoblari ko‘bgina so‘zlandi va oxirda xalqning g‘azabidan foydalanib, hukumatga qarshi qo‘zg‘alg‘anlar ham, ham shul guruh, ya’ni Vanaziloschilar bo‘ldilar.

Teleg‘rom xabarlariga qarag‘anda, qirol Qo‘nstantin tarafdorlaridan general Qo‘nstantino Polos bilan Miralay Sotis qo‘zg‘olonchilarg‘a qarshi qo‘shun kuchi uyushdirmoqqa qarasalar ham, Vanaziloschi unsurlar ularning bu harakatlarining oldini olg‘anlar. Qirol Qo‘nstantin boshda qarshi turushni o‘ylag‘an bo‘lsa ham, kegincha ishning pachavaligini ko‘rub taxtni shahzodaga topshirmoqqa majbur bo‘lg‘an. Mana shuning bilan hozirg‘a mavqeining egalari vanaziloschilar bo‘lub qolg‘anlar. So‘ng teleg‘rom xabarlari qirol Qo‘nstantinning qamoqqa oling‘anlig‘ini bildiralar. Yangi hukumat hay’atining kimlardan iborat ekanligi rasmiy ravishda aniq-ravshan aytilmasa ham, bosh vazir general Pidir, xorijiy ishlar vaziri Karapunos, moliya vaziri Diomida bo‘lur degan ehtimol bordir.

Nima bo‘lsa bo‘ldi, Yunonistonda bir qadar o‘zgarish bo‘ldi. Yiqilg‘an istibdod dekaratsiyasi o‘zgala tuzildi. Angliyaning eng sodiq va mut’ye quli bo‘lg‘an qirol Qo‘nstantin hukumati ish boshidan ketib, endi Angliya siyosatiga tarafdor bo‘lmag‘an, lokin, yana ham o‘zining mustaqil bir yo‘li bo‘lmasdan, Fransiya siyosatiga qiyshayaturg‘an vanaziloschilar suv yuziga chiqib qoldilar. Hukumat hay’ati bundan so‘ng, ehtimolkim, shulardan tuzulur. Faqat, Vanazilosning “fransiyachi” bo‘lishi ishni bir oz chatoqqa tushuradir, negakim, Fransiya hukumati shu choqqacha Yunonistonning yaqin Sharqda kengayishiga yo‘l to‘sub keldi. Endi o‘zining ishong‘an vanaziloschilari ish boshig‘a chiqqani bilan siyosatni darhol o‘zgarta olurmi? Albatta yo‘q. Chunki bu yerda mas’ala Vanazilos bilan Qo‘nstantin ustida emas, Angliya bilan Fransiya orasidadir.

Qirol Qo‘nstantin va uning tarafdorlari Angliyaning xayrixohlig‘i bilan Yunonistonni kengaytmakchi, faqatgina Turkiya hisobig‘a “Migali Ellas” (Ulug‘ Yunoniston) mafkurasini yuzaga chiqarmoqchi edilar. Holbuki, bu ulug‘ mafkuraning asil muassisi va piri Vanazilos janoblari edi. Istanbulni “Migali Ellas”ga poytaxt yasash xayoli, Vanazilos janoblarining mashru’ haqlari edi. Endi, shu xayol bilan ketib mamlakatni botirg‘an Qo‘nstantin hukumati ag‘darilib, joyig‘a yana shu xayolchilar kelsalar ehtimol. Shuning bilan Yunonistonda, Turkiyada, Trakiya va Istanbul ustida, balki umum Yaqin Sharq mas’alasida qandog‘ o‘zgarishlar bo‘lur? Buni yaqin fursatda ko‘rsak kerak.

Yangi hukumat boshig‘a kelgan kishilar kimlar, ularning Yaqin Sharq mas’alasiga qarashlari qandog‘, buni ochiq bila olmadiq. Faqat, Qo‘nstantin hukumatiga qarshi birinchi daf’a qo‘zg‘alon va qo‘zg‘alish maydoniga chiqqan Miralay Gunatasning xalq ismidan hukumatga qo‘yg‘an talablari orasida “Trakiya urush maydonini kuchaytirish” degan bir modda bor. Mana bu narsa mas’alaga bir oz yoruq tushura oladir.

Yunonistonda qandayg‘ina hukumat bo‘lmasun, kimgina ish boshig‘a kelmasun, “Ulug‘ Yunoniston” mafkurasi butkul ko‘mulmas. Buning uchun tublik o‘zgarish – miya o‘zgarishi kerakdir. Boshqa millatlarga ham o‘z erklari bilan o‘z tuproqlarida tinch yashamoq huquqini e’tirof qila olaturg‘an hukumat lozimdir. Bunday hukumat hozir Yunonistonda yo‘qdir. Shuning uchun g‘alva va janjallar boshqa shaklda bo‘lsa ham – yana davom etgusidir.

Qirol Qo‘nstantin Angliya manfaatiga Yunonistonni ham qurbon qildi. O‘zini ham, endi bilmadikkim, kelaturg‘anlar nima qilurlar? “Migali Ellas” mafkurasi yana ham miyalarda hukm sura berarmi, yoki ortiq har millatning o‘z boshicha tinch va rohat yashash asosiy bir haqiqat holida miyalarga kirarmi?

Bu ham yuqorida aytganimizdek, yaqin kelgusida ochilaturg‘an sirlardandir.

A.Sulaymon

“Turkiston” gazetasi,

1922-yil, 5-oktabr, № 10.


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"