Yurt qayg‘usi (1917)

Yurt qayg‘usi (1917)
by Abdurauf Fitrat
334376Yurt qayg‘usi1917Abdurauf Fitrat

Ey Ulug’ Turon, arslonlar o’lkasi!
Senga ne bo’ldi? Holing qalaydir? Nechuk kunlarga qolding?
Ey Chingizlarning, Temurlarning, O’g’uzlarning, Otillalarning shonli beshiklari! Qani u chiqdig’ing yuksak o’rinlar? Qullik chuqurlarig’a nedan tushding?!
Dunyoni «urho»lari bilan titratkan yo’lbars yurakli bolalaring qani? Yer tuprog’ini ko’klarga uchiraturg’an tog’ gavdali o’g’lonlaring qani? Nechun tovushlari chiqmaydir?
Yer yuzining bir necha polvonlari bo’lgan botir turklaring qani? Nechun chekindilar? Nechun ketdilar? Kurash maydonlarini o’zgalarga nechun qo’ydilar? Nechun… Nechun… nechun..? Gapur menga, ey Ulug’ Turon, arslonlar o’lkasi! Senga ne bo’ldi?!
Yer yuzining buyuk saltanatlarini sen qurmadingmi? Hindistonning, Eronning, Ovro’paning ulug’ xoqonlarini sen yubormadingmi? Ey xoqonlar o’chog’i! Ey qahramonlar tug’oyi! Qani u chaqmoq chaqishli botir xoqonlaring? Qani avvalg’i o’q yurushli, otli beklaring? Nechun «urho»laring eshitilmaydir?
Dunyo xalqini bo’ysundirmagan saltanatlaring nechun buzildi? Insonlik olamini qanotlari ostinda olgan xoqonlig’ning nechun kuchi o’ldi? Kuchingmi ketdi? Kimsasizmi qoldi?
Yo’q… yo’q… Tangri haqqi uchun yo’q!.. Sen kuchsiz emassan, sen kimsasiz emassan! Bugun yer yuzida sakson milyun bolang bor. Bularning tomirlaridagi qon chingizlarning, temurlarning qonidir. Bularning kuchlari sening kuchingdir!
Ey Ulug’ Turon, arslonlar o’lkasi!
Qayg’urma! Eski davlating, eski saltanating, eski yigitlaring, eski arslonlaring hammasi bor, hech biri yo’qolmamishdir.
Yolg’iz… Oh, yolg’iz… tarqalmishdir.

(Bir o’zbek tilidan)

Yotsam tushumda, uyg’onsam yonimda, ko’z yumsam miyamda, ko’z ochsam qarshumda mungli bir xayol kelib turadur! Bu bir xotun xayoli… Bir xotunki, egnida ipakli, lekin yirtiq va eski bir ko’ylakdan boshqa bir kiyim yo’q. Bosh-ayog’lari yalang’och, tirsaklarigacha qop-qora loyqadan botg’an, baqirurg’a tovushi, qutilurg’a kuchi qolmag’an!..
Qarayman: kimsasizlik yukindan orig’langan tanda zolimona urulg’an qamchilarnpng yarasi bor. Ko’raman: johilona qiling’an emlardan nosulg’a qaytg’an yaralarindan qonlar oqib turadur!..
Ey mungli xotun, sen kimsan?
Ey g’amli ona, nechuk mundan ayrilmaysan?
Yonimda, ko’zimda, miyamda, yuragimda nima axtarasan, nechuk ketmaysan?
Qayg’u tutunlari ichra yog’dusiz qolg’an ko’zlaring, u yosh yomg’urlarin nechun to’kadir? Zulm zanjirlari bilan bog’langan qo’llaring nechun har yonga uzatiladir, nima tilaysan?..
Oh… Bildim… bildim… Angladim!
Sen mening Vatanimsan, Vatanimning mungli xayolisan.
Ey muqaddas Turonimning xayoli, ketmay tur, ayrilma.
Yonimda, ko’zlarimda, yuragimda, vijdonimda qol, ketma.
Turonim, sendan ayrilmoq — mening uchun o’limim.
Sening uchun o’lmoq — mening tirikligimdir,
Panohim, sajdagohim, umidim!
Yovlaring seni shu kungami soldilar?
Tilagim, istagim, saodatim!
Bolalaring seni shu holdami qo’ydilar?
Suyunchim, ovunchog’im, o’chog’im!
Zolimlar seni kimsasizmi ko’rdilar?
Yo’q, sen kimsasiz emassan. Mana men, butun borlig’im bilan senga ko’mak qilurg’a hozir. Mana men chin ko’ngil bilan sening yo’lingda o’lurg’a rozi.
Qof tog’lari yo’limda tushsa;
Tamug' olovlari qarshumdan chiqsa, yana sen sari ketarman.
Ustimga insonlar emas, shaytonlar qo’shini kelsa,
Oyog’imga zanjirlar emas, jahannam ilonlari sorilsa,
yana sen sari ketarman.
Dunyoning butun balolari boshimg’a to’kulsa,
Zulm cho’lining temir tikonlari ko’zlarimga kirsa, yana seni qutqararman.
Men sening uchun tirildim,
Sening uchun yasharman,
Sening uchun o’lurman.
Ey turklikning muqaddas o’chog’i!
O’lim sening o’limingni istaganlarga,
Nafrat seni ko’mgani kelganlarga!

(Temur oldinda)

Bag’rim yoniq, yuzim qora, ko’nglim siniq, bo’ynim bukuk.
Sening ziyoratingga keldim, sultonim!
Ezilgan boshim, qisilgan vijdonim, kuygan qonim, o’rtangan jonim uchun bu sag’anangdan davo izlab keldim, xoqonim!
Yuz yillardan beri jafo ko’rub, g’am chekib kelgan turkning qonli ko’z yoshlarin etaklaringga to’karga keldim.
Qorong’uliklar ichra yog’dusiz qolgan o’zbek ko’zlari uchun tuprog’ingdan surma olg’ali keldim.
Nomusini bad kishilarning ayog’lari ostinda ko’rib turklik qoni qaynag’ay, musulmonlik hamiyati toshg’ay, tamug’ olovlari kabi sochrag’ay.
Lekin o’z kuchsizligin anglab qaytib o’tirgan va qon yig’lagan turkning holini aytarga keldim, xoqonim!
Ulug’ xoqonim! Turklik sharafi talandi.
Turk uchun qo’ydig’ing davlat bitdi, turk ostig’a qurdig’ing hoqonlik yog’iygami ketdi.
Turkning nomusi, e’tibori, iymoni, vijdoni zolimlarning ayog’larn ostinda qoldi.
Turkning yurti, ulog’i, o’chog’i, Turoni yot qo’llarg’a tushdi.
Turkning bilgisi, ongi, o’ylovi, ziyrakligi jaholat o’ljasig’a ketdi.
Sening qiliching bilan dunyo egasi bo’lg’an turk tinchgina bir yotoq topolmay qoldi.
Sening kuching bilan dunyo xo’jasi bo’lgan turk qarluq temurlariga kirdi.
Xoqonim!
Turklikka xiyonat qilg’anlar turk bo’lsalar ham qonlarini oqizmoq sening muqaddas odatingdir, yotma, tur!
Sening omonatingg’a xiyonat qilg’anlarni ez, ur, o’ldur!
Sultonim!
Bilaman, shu tobda sening u yuksak va ulug’ ruhoniyating men kabi tuban ruhli va himmatsiz bir bolasining shu holig’a g’azabli kulub turubdir.
Bilaman, shu chog’da sening to’lqunli dengizlarg’a o’xshag’an yuraging men kabi yuraksiz bir o’g’lingning shu ko’rinishindan nafrat qiladir.
Chunki yuqorida aytdigim ishlarning hammasiga o’zim sabab bo’ldim, barchasini o’zim qildim,
Sening Turoningni o’zim talatdim,
Sening turkligingni o’zim ezdirdim,
Sening omonatlaringga xiyonat o’zim qildim.
Men uch kunlik umrimni tinchgina yotib o’tkazmoqchi bo’lmasa edim, shularning birortasi bo’lmas edi.
Men qo’limg’a topshirdig’ing qilichni tashlab, cholg’uni olmasa edim, Turonim talanmas edi!..
Men yolg’iz qonli ko’z yoshlarimni bu sag’anangga to’kmak uchun emas, o’z yoziqlarimni iqror etarg’a keldim, XOQONIM.
Meni qo’yma!
Men yolg’iz yoziqlarimni iqror etarg’a emas, Turong’a berdigim zararlarni to’lamoq uchun keldim, XOQONIM.
Mendan nafrat etma!
Ey arslonlar arsloni!
Menim yozuqlarimdan o’t,
Meni qo’limni tut,
Belimni bog’la, muqaddas fotihangni ber!
Sening dunyoga sig’magan g’ayratingga ont ichamanki, Turonning eski sharaf va ulug’lig’ini qaytarmasdan burun ayog’laringda o’tirmasman.

Onam! Seni qutqarmoq uchun jonmi kerakdir?
Nomusmi, vijdon bila imonmi kerakdir?

Temur bila Chingiz qoni toshdi tomrimizdan,
Aytgil! Seni qutqarmoq uchun qonmi kerakdir?

Yov suqg’ali kelgach qilichini yuragingga,
Tush oldiga, ol ko’ksumi — qalqonmi kerakdir?

Boq, boq, mana turk tengizi toshqun qila qoldi,
Turon yovini quvg’ali to’fonmi kerakdir?

Turon, yigiting, barchaga boq, qalqdi oyoqg’a,
Yurtda qorovul qo’yg’ali arslonmi kerakdir?


  This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"