Yuzingni ko‘rsatib avval o‘zungga bandalar qilding...

Yuzingni ko‘rsatib avval o‘zungga bandalar qilding...
by Zavqiy
293558Yuzingni ko‘rsatib avval o‘zungga bandalar qilding...Zavqiy

Yuzingni ko‘rsatib avval o‘zungga bandalar qilding,
Yana ko‘nglum olib yuz noz birla xandalar qilding,
Jamoling partavin solib, ajoyib jilvalar qilding,
Masihdek bir boqishda murda jismim zindalar qilding
«Senga men to qiyomat oshno», deb va’dalar qilding.

Qani menga vafoi ahd qilg‘oning, guli g‘uncha,
Qani bulbul sifat oldingda turgonim ochilg‘uncha,
Qani bizlarg‘a hamsuhbat raqiblardek tong otquncha,
Sani dardi firoqing aytib-aytib yig‘lay o‘lguncha,
Na deb ey mehri yo‘q, men xasta qulg‘a g‘amzalar qilding.

Deb erding: kecha-kunduz men seni yoring bo‘lurman deb,
Tikandek suhbatingda bir guli noring bo‘lurman deb,
Jafoni senga oz aylab, vafodoring bo‘lurman deb,
Umidim ko‘p edi, yolg‘iz xaridoring bo‘lurman deb,
Ajabkim xalq ichinda bulhavas deb shikvalar qilding.

Manga mardumlar aydi: berma ko‘ngul bevafo yora,
Seni ovora aylar, ahdi yolg‘onlar, sitamkora,
Vafosi yo‘q, ishonma so‘ziga, sho‘xi jafokora,
Dedimkim, nosiho in’om ko‘pdur oshiqi zora,
Netay, ey bemuruvvat, oxiri sharmondalar qilding.

Tariqi oshnoliqni buzub nomehribon bo‘lding,
Meni jononim erding, emdi kimga jonajon bo‘lding,
Necha kun menga ulfatlik qilib oromi jon bo‘lding,
Ko‘zimni mardumida necha soat mehmon bo‘lding,
Qalandardek tanimg‘a g‘am haririn jandalar qilding.

Kima aytib, kima yig‘lay bu zolim yor jafosini,
Haqiqat qilmasa ma’shuq degan oshiq xatosini,
Hamisha furqatin tortsam, raqib ko‘rsa vafosini,
Qayu Layli sifat mundog‘ qilur Majnun gadosini, '
Yuzingni bir ko‘ray desam qo‘lingni pardalar qilding.

Agar bilsam edi begona bo‘lmoq ixtiyoringni,
Boshimg‘a solmas erdim behuda savdoyi koringni,
Hama aytur nechuk qilding, o‘shal mastona yoringni,
Ko‘ngulda ginasi bor, arz qil ahvoli zoringni,
Solib bo‘ynumga hajring zanjirin badkardalar qilding.

Yuragim rahna bo‘ldi, bas qil istig‘noni, jononim,
Firoqing torta-torta yoshligimda ketti darmonim,
Arazingni qo‘yub, lutf aylasang hech yo‘qtur armonim,
Ko‘zim nuri tanimni quvvatisan, ey dil oromim,
Na xo‘b bir necha kun Zavqiy qulingga shevalar qilding.


This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.