Ziyrak g‘azaliga muxammas

Ziyrak g‘azaliga muxammas
by Roqim
333213Ziyrak g‘azaliga muxammasRoqim

Ohkim, bag‘rimni qon anduhi furqat ayladi,
Aqlu hushu sabru oromimni g‘orat ayladi,
Xonumondin oyirib beayshu ishrat ayladi,
Ne edi jurmim nasibam charx g‘urbat ayladi,
Xobu xo‘rdimni vatan yodiyu hasrat ayladi.

Dahri dun har kun solib boshimg‘a yuz ming mojaro,
Dudi ohim birla qildi ro‘zgorimni qaro,
Tiyg‘i bedodidin aylab notavon jismim yaro,
Bir guli rohat alimga bermayin bu bog‘ aro,
Jon aro yuz dasta neshi xoru mehnat ayladi.

Ko‘rmadim royimcha hargiz charxi kaj andeshni,
Etkurur har kun hazin jonimg‘a yuz ming neshni,
Dardu mehnat o‘tig‘a aftab meni dilreshni,
Sovutub mendin tamomi aqrabou xeshni,
Volidaynim ko‘nglini bemehru shafqat ayladi.

Do‘st bo‘lg‘ay deb jahon ahlig‘a bo‘ldum xoki roh,
Ohkim, jonimg‘a dushman bo‘ldilar beishtiboh,
Bilmadim, yo rab, meni bechora qildim ne gunoh,
Qilmadi ta’sir alarg‘a necha chekdim o‘tlig‘ oh,
Garchi gardung‘a yetib ko‘nglin jarohat ayladi.

Etti yildur g‘urbat ichra qon yutub laylu nahor,
Ayrilib xeshu taborimdin yururmen xoru zor,
Ne manga bir yor hamdam, ne manga bir g‘amgusor,
Og‘zima jonimni yetkurdi chekardin intizor,
Holatim dushvor charxi bemuruvvat ayladi.

Ne jahon bog‘ida ko‘rdum aysh ila ishrat yuzin,
Ne ato birla anodin mehr ila shafqat yuzin
Ko‘rmadim yoru birodarlar bila ulfat yuzin,
Soqiyo, tut boda ko‘nglung ko‘rmasun kulfat yuzin,
Xonumonimni bu kun toroji kulfat ayladi.

Bormudur mendek diyoru mulkidin ovoraye,
Qavmu qardoshidin ayru bag‘ri yuz ming poraye,
Roqimo, holimg‘a hech kim aylamas nazzoraye,
Yo‘qturur, Ziyrak, chu sabr etmakdin o‘zga choraye,
Bo‘l rizo, nekim qazo devoni qismat ayladi.


This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.