Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili toʻgʻrisida (1989)
321320Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili toʻgʻrisida1989

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI

OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING DAVLAT TILI TOʻGʻRISIDA

Til millatning ulkan boyligi va bebaho mulkidir. Sotsializmni, millatlararo munosabatlarni takomillashtirish, xalqlarning milliy va baynalmilal o‘zligini anglashning o‘sishi milliy tillarni har tomonlama rivojlantirishni taqozo etadi.

Ushbu Qonun o‘zbek tilining O‘zbekiston Respublikasining butun xududida (maydonida) davlat tili sifatida amal qilishining huquqiy asoslarini belgilab beradi.

Qoraqalpog‘iston Avtonom Sovet Sotsialistik Respublikasi o‘z zaminida tilga oid barcha masalalarni hal qilish huquqiga egadir.

O‘zbekiston Respublikasi hududida yashovchi barcha grajdanlar, qaysi til ularning ona tili ekanligidan qat’i nazar, tengdirlar.

O‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi respublikada yashovchi boshqa millat va elatlarning o‘z ona tillarini qo‘llashdan iborat konstitutsion huquqlariga monelik qilmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi grajdanlarning respublika davlat tilini, SSSR xalqlari tillarini hamda chet tillarni o‘rganishga bo‘lgan intilishini har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi.

Ushbu Qonun norasmiy muomalada, harbiy qismlarda va diniy marosimlarda qo‘llanadigan tillarga tatbiq etilmaydi.

1-modda.

O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir. O‘zbekiston Respublikasi o‘zbek tilini butun choralar bilan rivojlantiradi va uning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy hayotning barcha sohalarida amal qilishini ta’minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi hududida rus tilini SSSR xalqlarining millatlararo muomala tili sifatida rivojlantirish va undan erkin foydalanish ta’minlanadi.

Milliy va rus, rus va milliy tillarda muloqot qilishni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoit yaratiladi.

O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida yashab turgan barcha millat va elatlar tillarining erkin amal qilishini ta’minlaydi, ushbu tillar ravnaq topishi, ularga hurmat bilan munosabatda bo‘linishi uchun tegishli sharoit yaratadi

2-modda.

O‘zbek tili o‘zbek xalqining ma’naviy mulkidir.O‘zbekiston Respublikasi davlat tilining ravnaqi, qo‘llanishi va muhofazasini har tomonlama ta’minlashga oid barcha masalalar O‘zbekiston Respublikasining huquqi doirasiga kiradi.

O‘zbekiston Respublikasi mustaqil va teng huquqli respublika sifatida o‘z hududida tilga oid har qanday masalani hal qilish huquqiga ega.

3-modda.

O‘zbekiston Respublikasida yashaydigan har bir shaxsning davlat, jamoat idoralari va tashkilotlariga ish yuzasidan taklif, ariza hamda shikoyat bilan davlat tilida murojaat etish va javoblar olish huquqi ta’minlanadi. Grajdanlarning boshqa tillarda ham murojaat etish huquqlari, davlat tili va millatlararo muomala tilida javob olishi imkoniyati ta’minlanadi.

4-modda.

O‘zbekiston Respublikasida ishlovchi davlat hokimiyati va boshqaruv organlari rahbarlari o‘z xizmat vazifalarini bajarish uchun respublika davlat tilini yetarli darajada bilishlari shart.

O‘z faoliyatiga ko‘ra aholiga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq shaxslar xizmat vazifasini bajarish uchun davlat tilini zarur bo‘lgan darajada bilishlari lozim.

O‘zbekiston Respublikasi o‘zbek tilini bilmaydigan grajdanlarga respublika davlat tilini bepul o‘rgatish va o‘qitishni ta’minlaydi.

5-modda.

O‘zbekiston Respublikasi davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyatida, syezd, plenum, qurultoy, sessiya, konferensiya, majlis va kengashlar respublikaning davlat tilida olib boriladi va aynan tarjimasi ta’minlanadi.

Mehnat kollektivlarida majlislar davlat tilida, shuningdek, majlis ahli tanlangan tilda olib boriladi.

Majlis ishtirokchilari istagan tilda so‘zga chiqishlari mumkin: ularning nutqlari majlisning ish tiliga tarjima qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasida o‘tkaziladigan xalqaro, umumittifoq va respublikalararo simpoziumlar, konferensiyalar, kengashlar va majlislarda respublika davlat tili va majlis ahli tanlagan til qo‘llanadi.

6-modda.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining qaror va boshqa hujjatlari respublika davlat tilida tayyorlanadi, qabul qilinadi va e’lon etiladi. Rasmiy nashrlarda ularning rus, qoraqalpoq, tojik, qozoq, qirg‘iz, turkman va boshqa tillardagi tarjimasi beriladi.

Mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlarining hujjatlari davlat tilida tayyorlanadi, qabul qilinadi va e’lon etiladi. Muayyan millat vakillari zich yashaydigan joylarda mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlarining hujjatlari respublika davlat tilida hamda mazkur millat tilida qabul qilinadi va e’lon etiladi.

7-modda.

O‘zbekiston Respublikasida muassasa, korxona, tashkilot va birlashmalarda ish respublika davlat tilida yuritiladi.

Mehnat ahlining ko‘pchiligi o‘zbek tilini bilmaydigan korxona, muassasa, tashkilot va birlashmalarda ish respublika davlat tili bilan bir qatorda rus tili yoki boshqa tillarda ham olib boriladi. Bunday korxonalarning ro‘yxati xalq deputatlari rayon, shahar Sovetlarining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Ministrlar Soveti tomonidan belgilanadi.

Umumittifoq tasarrufidagi korxonalarda ish respublika davlat tili bilan bir qatorda rus tilida ham yuritiladi.

8-modda.

O‘zbekiston Respublikasidagi korxona, muassasa va tashkilotlarda hisob-kitob, statistika va moliya hujjatlari respublika davlat tilida, shuningdek millatlararo muomala tilida tayyorlanadi, respublikadan tashqariga jo‘natiladigan hisobot va moliya hujjatlari esa rus tilida yoki tegishli tomonga maqbul tilda yoziladi.

9-modda.

O‘zbekiston Respublikasi davlat hokimiyati va boshqaruv organlar umumittifoq tashkilotlari bilan munosabatlarda millatlararo muomala tilini qo‘llaydilar.

Ittifoqdosh va avtonom respublikalar, shuningdek xorijiy davlatlar bilan bo‘ladigan aloqalarda taraflar uchun maqbul til qo‘llanadi.

10-modda.

O‘zbekiston Respublikasida sudlov o‘zbek, qoraqalpoq tillarida yoki o‘sha joydagi ko‘pchilik aholi tilida olib boriladi. Sud ishlari olib borilayotgan tilni sudda qatnashuvchi kishilar bilmagan taqdirda bu kishilar uchun tarjimon orqali ishga oid materiallar bilan to‘la tanishish va sud ishlarida ishtirok etish huquqi hamda sudda ona tilida so‘zlash huquqi ta’minlanadi.

O‘zbekiston Respublikasida davlat hakamligi mahkamalarida korxonalar, tashkilotlar va muassasalar o‘rtasidagi xo‘jalik nizolarini ko‘rib chiqish, hal qilishda o‘zbek tili qo‘llanadi. Zarurat bo‘lganda xo‘jalik nizolari millatlararo muomala tilida ham qarab chiqilishi mumkin. O‘zbekiston Respublikasi va boshqa respublikalar korxonalari, tashkilotlari va muassasalari xo‘jalik nizolarini ko‘rib chiqish, hal qilishda ham millatlararo muomala tili qo‘llanadi.

11-modda.

O‘zbekiston Respublikasi davlat notarial idoralarida, xalq deputatlari shahar, qishloq va qo‘rg‘on Sovetlari ijroiya komitetlarida notarial ishlar respublika davlat tilida yuritiladi. Murojaat etuvchi kishi talabiga ko‘ra, rasmiylashtirilayotgan hujjatlar matni davlat notarius tomonidan yoki notarial ishni bajarayotgan boshqa mansabdor shaxs tomonidan rus tiliga yoki imkoniyat doirasida unga maqbul tilga tarjima qilib beriladi.

12-modda.

O‘zbekiston Respublikasida grajdanlik holatini qayd etuvchi hujjatlar hamda turli shahodatnomalar respublika davlat tilida yoziladi, millatlararo muomala tilida tarjimasi takrorlanadi.

13-modda.

O‘zbekiston Respublikasida yashovchi grajdanlarga o‘qishda tilni erkin tanlash huquqi beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi o‘z xududida respublika davlat tilida, shuningdek rus, qoraqalpoq, tojik, qozoq, qirg‘iz, turkman tillarida hamda respublikada zich yashaydigan boshqa millatlarning tillarida umumiy o‘rta ma’lumot olishni ta’minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasida, mavjudlari bilan bir qatorda, o‘zbek tilida, milliy guruhlar zich yashaydigan joylarda esa ularning tilida maktabgacha yoshdagi bolalar muassasalarini ochish ta’minlanadi.

14-modda.

O‘zbekiston Respublikasining hunar-texnika bilim yurtlarida, o‘rta maxsus va oliy o‘quv yurtlarida, ular qaysi mahkama ixtiyorida bo‘lishidan qat’i nazar, respublika davlat tilida, shuningdek, rus tilida, sharoitlar mavjud bo‘lgan joylarda boshqa tillarda ham mutaxassislar tayyorlash ta’minlanadi.

O‘zbekiston Respublikasida davlat tilida, shuningdek, millatlararo muomala tili va respublikada qo‘llanilayotgan boshqa tillarda ham mutaxassislar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash ta’minlanadi.

15-modda.

O‘zbekiston Respublikasi darslar o‘zbek tilida o‘tilmaydigan umumiy ta’lim maktablarida, hunar-texnika bilim yurtlarining hamda o‘rta maxsus va oliy o‘quv yurtlarining darslar o‘zbek tilida o‘tilmaydigan bo‘lim va gruppalarida o‘zbek tilini o‘quv planining asosiy fanlaridan biri sifatida o‘rganishni ta’minlaydi, bu fandan bitiruv imtihoni topshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi darslar rus tilida o‘tilmaydigan umumiy ta’lim maktablarida, hunar-texnika bilim yurtlarida, o‘rta maxsus va oliy o‘quv yurtlarida rus tilini o‘quv planining asosiy fanlaridan biri sifatida o‘rganishni ta’minlaydi. Bu fandan bitiruv imtihoni topshiriladi.

16-modda.

Arab alifbosiga asoslangan qadimiy o‘zbek yozuvini o‘zbek umumiy maktablarida, o‘rta maxsus va oliy o‘quv yurtlarining darslar o‘zbek tilida olib boriladigan bo‘limlarida o‘quv plani fanlaridan biri sifatida o‘qitish ta’minlanadi. O‘zbekiston Respublikasida bu yozuvni o‘rganishni istaydiganlarga har tomonlama imkoniyat yaratiladi. Buning uchun tegishli ilmiy-pedagogik kadrlar va darslik hamda metodik o‘quv qo‘llanmalari tayyorlanadi, qadimiy o‘zbek yozuvida adabiy-tarixiy yodgorliklar, kitoblar, gazeta va jurnallar nashr etiladi.

17-modda.

O‘zbekiston Respublikasi respublika davlat tilida, shuningdek, millatlararo muomala tilida darsliklar, o‘quv-metodik va ilmiy-texnik adabiyotlar nashr etilishini ta’minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasida boshqa respublikalar bilan muayyan shartnomalar tuzgan yoki kelishgan holda rus, qoraqalpoq, tojik, qozoq, qirg‘iz, turkman va boshqa tillarda o‘qitiladigan maktablar darsliklar, o‘quv-metodik, badiiy va ilmiy-texnik adabiyotlar bilan ta’minlanadi. Shuningdek, qardosh respublikalarda yashayotgan o‘zbeklarni o‘zbek tilidagi o‘quv-metodik, badiiy va ilmiy-texnik adabiyotlar bilan ta’minlaydi. O‘zbekiston Respublikasi respublikadan tashqarida ham o‘zbek tilini asrash va rivojlantirishga, maorif va madaniyatni tariqqiy ettirishga yordam beradi.

18-modda.

O‘zbekiston Respublikasi ilm-fanning hamma sohalarini respublika davlat tilida rivojlantirish uchun lozim bo‘lgan barcha shart-sharoitni yaratib beradi. Respublikada ilmiy ishni o‘zbek tilida taqdim etish, himoya qilish va nashr qilish huquqi ta’minlanadi. Respublikada ilmiy asarlarning rus, qoraqalpoq, tojik, qozoq va boshqa tillarda yozilishi, nashr etilishi va himoyaga qo‘yilishi mumkin.

19-modda.

O‘zbekiston Respublikasida o‘zbek xalqining ilm-fan tilini takomillashtirish uchun o‘zbek tilida ilmiy-texnik hamda ijtimoiy-siyosiy atamalarni yaratish va rivojlantirish ta’minlanadi.

O‘tmishning ijtimoiy, iqtisodiy, tarixiy, adabiy-badiiy, madaniy va ilmiy merosini keng targ‘ib qilish va chuqur o‘rganish uchun o‘zbek xalqining tarixiy-madaniy yodgorliklari asl nusxada nashr etilishi ta’minlanadi, shuningdek, rus va boshqa tillarga ham tarjima qilinadi.

20-modda.

O‘zbekiston Respublikasida chiqadigan kitoblar, gazeta va jurnallar, davriy xabarnomalar asosan davlat tilida nashr qilinadi. Shuningdek, ehtiyojni hisobga olgan holda rus tili va boshqa tillarda ham nashr etiladi.

Televideniye ko‘rsatuvlari va radio eshittirishlari asosan respublika davlat tilida olib boriladi. Shuningdek, eshittirishlar rus tilida va O‘zbekiston Respublikasi hududida zich yashovchi boshqa millatlarning tillarida ham tayyorlanadi va olib boriladi.

Umumittifoq televideniye va radiosi ko‘rsatuv va eshittirishlarini olib berish ta’minlanadi.

21-modda.

O‘zbekiston Respublikasida ssenariylar, filmlarni va boshqa tomoshabop asarlarni respublika davlat tilida hamda millatlararo muomala tilida yaratish ta’minlanadi. Boshqa ittifoqdosh respublikalardan, chet ellardan olinadigan kinofilmlar, sahna asarlari va boshqa tomoshabop asarlar o‘zbek va rus tillariga tarjima qilinadi.

22-modda.

Muassasa, korxona, davlat va jamoat tashkilotlarining rasmiy muhrlari, tamg‘alari va ish qog‘ozlarining matnlari respublika davlat tilida bo‘ladi, ruscha tarjimada takrorlanadi.

Milliy-madaniy jamiyatlar va markazlarning muhrlari, tamg‘alari va ish qog‘ozlarining matnlari ular tanlagan tildan tashqari respublika davlat tilida bo‘lishi shart. Lavhalar, e’lonlar, narxnomalar va boshqa ko‘rgazmali hamda og‘zaki axborot vositalari respublika davlat tilida yoziladi va e’lon qilinadi hamda rus va boshqa tillarda takrorlanadi. O‘zbekiston Respublikasi korxonalarida ishlab chiqarilgan mahsulotlarning yorliqlari, korxona belgilari, ulardan foydalanish yo‘l-yo‘riqlari, o‘zbek tilida hamda millatlararo muomala tilida bo‘lishi ta’minlanadi.

Mamlakatning boshqa respublikalaridan yoki chet ellardan keltirilgan mahsulotni savdo idoralari va tashkilotlari o‘zbek tilida va millatlararo muomala tilida bitilgan yo‘l-yo‘riqlar bilan ta’minlashi lozim.

23-modda.

O‘zbekiston Respublikasida pochta-telegraf xabarlari grajdanlarning xohishiga ko‘ra respublika davlat tili yoki rus tilida rasmiylashtiriladi.

24-modda.

O‘zbekiston Respublikasidagi shaharlar, qishloqlar, maydonlar, ko‘chalar, bekatlar, tarixiy obidalar va boshqa jo‘g‘rofiy-hududiy o‘rinlarning nomlari yagona milliy shaklda beriladi va respublika davlat tilida yoziladi.

SSSR dagi va xorijiy mamlakatlardagi barcha jo‘g‘rofiy nomlar o‘zbek milliy-tarixiy an’alariga va o‘zbek tilining o‘ziga xos xususiyatlariga asoslangan holda o‘zbek tilida raqam etiladi.

O‘zbekiston Respublikasida barcha tarixiy ismlar va joylarning nomlari xalqning milliy mulki hisoblanadi va davlat tomonidan muhofaza qilinadi.

25-modda.

O‘zbekiston Respublikasida yashovchi grajdanlar millatidan qat’i nazar, o‘z ismini (bir yoki bir necha) ota ismi va familiyasini (bir yoki bir necha) tarixiy-milliy an’analarga muvofiq shaklda yozdirish huquqiga egadirlar. Ismlar, ota ismi va familiyalarining yagona to‘g‘ri shakli maxsus ma’lumotnomalarda qayd etiladi. O‘zbekcha, ismlar, ota ismi va familiyalar boshqa tillarda berilganda, ayni chog‘da, dunyoga mashhur kishilarning ota ismi va familiyasi o‘zbek tilida berilganda ularning asl yozilish xususiyati saqlanib qoladi.

Ismlar, ota ismi va familiyalarni yozishda o‘zbek tilining ifoda va talaffuz qonuniyatlariga rioya etiladi.

26-modda.

O‘zbekiston Respublikasida yashovchi barcha millatlar milliy-madaniy jamiyatlar va markazlar tuzish huquqiga egadirlar.

Oz sonli milliy guruhlar uchun ham o‘rta umumiy ta’lim maktablarida o‘z ona tilini o‘rganishga sharoit yaratiladi.

27-modda.

O‘zbekiston Respublikasida davlat tiliga va boshqa tillarga mensimay yoki xusumat bilan qarash taqiqlanadi. Mansabdor shaxslarning respublika davlat tilini yoki millatlararo muomala tilini bilmaslikni ro‘kach qilib takliflar, arizalar va shikoyatlarni olishdan yoki ko‘rib chiqishdan bosh tortishi man etiladi; grajdanlarning o‘zaro muomala, ta’lim-tarbiya va o‘qish tilini erkin tanlash huquqini amalga oshirishga to‘sqinlik qiluvchi xatti-harakatlar sodir bo‘lsa, SSSR va O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunlari belgilagan tartibda javobgarlikka tortiladi.

28-modda.

O‘zbekiston Respublikasi davlat hokimiyati va davlat boshqaruv muassasalarining, shuningdek korxonalar, tashkilotlar va idoralarning rahbarlari o‘zlariga bo‘ysunuvchi soha doirasida ushbu Qonun talablariga rioya qilinishiga shaxsan javobgardirlar.

29-modda.

Davlat tili rasmiy amal qiladigan sohalarda o‘zbek adabiy tilining mavjud ilmiy qonun-qoidalariga to‘la rioya etiladi.

30-modda.

O‘zbekiston Respublikasining davlat tili haqidagi mazkur Qonunning turmushga tadbiq etilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Oliy Soveti va uning Doimiy til komissiyasi zimmasiga yuklanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Soveti Prezidiumining Raisi M. IBROHIMOV

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Soveti Prezidiumining Sekretari L. BEKQULBEKOVA

Toshkent sh.,

1989-yil 21-oktabr,

3561-XI-son


Public domain in U.S.
Public domain in U.S.
This work is in the public domain in the U.S. because it is an edict of a government, local or foreign. See § 313.6(C)(2) of the Compendium of U.S. Copyright Office Practices, 3rd ed. 2014 (Compendium (Third)) . Such documents include "legislative enactments, judicial decisions, administrative rulings, public ordinances, or similar types of official legal materials."

These do not include works first published by the United Nations or any of its specialized agencies, or by the Organization of American States. See Compendium (Third) § 313.6(C)(2) and 17 U.S.C. § 104(b)(5).


A non-American governmental edict may still be copyrighted outside the U.S. Similarly, the above U.S. Copyright Office Practice does not prevent U.S. states or localities from holding copyright abroad, depending on foreign copyright laws and regulations.

English | español | français | italiano | 日本語 | +/−